O‗rta miya yadrolarining faoliyati. To‗rt tepalikning yuqori (oldingi) do‘mboqlari po‗stloq osti ko‗ruv markazi hisoblanadi. Bu yerda oraliq miyaning lateral tizzasimon tanalariga boruvchi ko‗ruv yo‗llar ulanadi. Sut emizuvchilarda ko‗ruv yo‗li tolalarining asosiy qismi tizzasimon tanalarda tugaydi. To‗rt tepalikning oldingi do‘mboqlari yemirilganda ham hayvonlar butunlay ko‗r bo‗lmaydi. Bunda hayvon yorug‗lik tushgan tomonni ajrata oladi, yurganida to‗siq uchrasa, aylanib o‗tadi. Oldingi do‘mboqlar ko‗rish faoliyatiga bog‗liq bo‗lgan uchta refleksning yuzaga chiqarishda ishtirok etadi. Bu qorachiq refleksi, ko‘z akkomodasiyasi va ko‗ruv o‗qlarini bir nuqtaga qadash – ko‘zlar konvergensiyasidir. Ko‘z soqqalarining harakatlari juda murakkab. Bu harakatlarni ko‘zning oltita tashqi muskullari ta‘minlaydi. Ko‘z soqqalarining gorizontal,
vertikal va aylanma harakatlarini, qorachiq refleksini, ko‘zlarning akkomodasiyasini va konvergensiyasini ko‘zni harakatlantiruvchi va g‗altak nervlarning markazlari, keyingi miyadagi uzoqlashtiruvchi nerv yadrosi va bu yadrolarni bog‗lab, bir butun tizim hosil qiluvchi Dorshkevich yadrosi boshqarib turadi. Ko‘zni harakatlantiruvchi yadro tagida joylashgan vegetativ Yakubovich yadrosi ham bu jarayonda ishtirok etadi.
To‗rt tepalikning opiqa do‘mboqlari eshituv yo‗llari tutashgan markazdir, birlamchi yoki po‗stloq osti eshituv markazi deyiladi. Bu markaz tovush kelayotgan tomonni aniqlash uchun zarur bo‗lgan reflekslarni – quloq suprasini, bosh va gavdani yangi tovush kelayotgan tomonga burishda ishtirok etadi.
O‗rta miyaning muhim yadrolaridan biri qora substansiyadir. U bosh miya asosida joylashgan bazal tugunlar - targ‗il tana va oqimtir yadro bilan tuzilma hamda funktsional bog‗lanishlarga ega. Bundan tashqari, u o‗rta miyaning o‗zidagi qizil yadro va keyingi miyaning Deyters yadrolari bilan ham bog‗liq. Qora substansiyani tashkil qiluvchi neyronlardofaminergik tabiatli - ular kateholarninlardan biri dofaminni sintezlashga qodir. Bu neyronlarning aksonlari dofaminli targ‗il tana neyronlarida sinapslar hosil qiladi. Qora substansiyani targ‗il tana bilan bog‗lovchi yo‗llar shikastlanganda og‘ir xastalik - Parkinson kasalligi rivojlanadi. Parkinsonizm uchun nafis harakatlarning va mimikaning buzilishi, beixtiyor titrash harakatlari paydo bo‗lishi xosdir. Qora substansiya ovqat chaynash va yutish reflekslarini boshqarishda bevosita ishtirok etadi.
O‗rta miyaning qizil yadrosi tushuvchi rubro-spinal yo‗l boshlanadigan joy hisoblanadi. Bu yo‗l orqali orqa miya segmentlariga kelib turadigan impulslar skelet muskullarining tonusini boshqaradi. Qizil yadrodagi yirik neyronlarni elektr toki bilan ta‘sirlash orqa miyadagi bukuvchi alfa-va gamma-motoneyronlarni qo‗zg‗atib, yozuvchi motoneyronlarni tormozlaydi. Rubro-spinal yo‗ldan orqa miyaga tushuvchi impulslar samarasi keyingi miyadagi Deyters yadrosidan boshlanadigan vestibulospinal yo‗l bo‗ylab keluvchi impulslarnikiga qarama-qarshi: ular yozuvchi muskullarning alfa- va gamma-motoneyronlarini qo‗zg‗atib, bukuvchilarnikini tormozlaydi. O‗zaro bog‗langan qizil va Deyters yadrolari biri- birini tormozlab turadi. Natijada yozuvchi muskullar tonusi pasayadi. Bu ikkala yadroni bog‗lagan yo‗llar kesilsa (miya to‗rt tepalikning orqa do‘mboqlari pastidan kesilsa) oyoq-qo‗l, orqa, dumni yozuvchi muskullar tonusi keskin oshib ketadi – hayvonda deserebrasiyalash rigidligi rivojlanadi.
Deyters yadrosini qizil yadroning tormozlovchi ta‘siridan xalos qilinsa, deserebrasiyalash rigidligi kuzatiladi. Mushuk, itlarda bu holat yozuvchi muskullarning tonusi keskin oshib ketishi bilan namoyon bo‗ladi. Natijada hayvon o‗ziga xos vaziyatni egallaydi: qo‗l-oyoqlari raso uzatilib, boshi orqasiga qayriladi, dumi ko‗tariladi. Hayvonning oyoqlarini bukish uchun anchagina kuch sarflash kerak bo‗ladi. Kuch bilan bukilgan oyoqni qo‗yib yuborilsa, yana yoziladi.
Deyters yadrosi elektr toki bilan kuydirilsa yoki miya bu yadrodan pastroqdan ikkinchi marta kesilsa, rigidlik yo‗qoladi. Qizil yadro Deyters yadrosini tormozlovchi impulslar manbai bo‗lishi bilan birga miyacha va bosh miya po‗stlog‗ining motor sohasidan kelgan tormozlovchi ta‘sirlarni o‗tkazuvchi markaz
hamdir. Miyacha yoki po‗stloqning motor sohalarini olib tashlash ham yozuvchi muskullar tonusini oshiradi.
Deserebrasiyalash rigidligi reflektor yo‗l bilan vujudga kelgan holat. Uni muskullarning proprioreseptorlaridan markazga intiluvchi impulslarni yuzaga chiqaradi. Agar rigidlikdagi hayvonning bir oyog‗ini nervlaydigan orqa miyaning sezuvchi ildizlari kesib tashlansa, shu oyoqda rigidlik yo‗qoladi. Tabiiy sharoitda qizil yadro orqa miyaning proprioreseptiv reflekslarini boshqarib tursa kerak. Bu boshqarishning bir yo‗li muskul proprioreseptorlarining sezgirligini nazorat qilib turuvchi gamma-motoneyronlarning qo‗zg‗aluvchanligini o‗zgartirishdan iborat bo‗lishi mumkin.
Odamning o‗rta miyasi shikastlanib, qizil yadro zararlanganda, ko‗pincha rigidlik paydo bo‗ladi. Ammo odamda yozuvchi muskullarning emas, balki bukuvchi muskullarning tonusi oshib ketadi. Bemor oyoq-qo‗llarini bukib, tanasiga bosib, boshini egib yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |