Foiz kanali pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir etuvchi an’anaviy kanali hisoblanadi. Markaziy bank foiz stavkasining oʻzgarishi iqtisodiyotdagi umumiy foiz stavkalari darajasiga ta’sir koʻrsatib, investitsiya / jamgʻarma darajasini oʻzgartirish orqali iqtisodiyotdagi yalpi talabning oʻzgarishiga olib keladi. Yalpi talabning oʻzgarishi, oʻz navbatida, inflyatsiya darajasiga ta’sir etadi.
Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi va yalpi talab orasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik mavjud boʻlmasada, foiz stavkasi oʻzgarishining ta’siri boshqa kanallar orqali ham amalga oshadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga ta’siri boʻyicha tahlillar ular orasida barqaror bogʻliqlik mavjudligini koʻrsatmoqda.
Ayni vaqtda transmission mexanizm foiz kanalining ta’sirini Oʻzbekiston sharoitida cheklanganligini banklararo pul bozorining shaffof emasligi va yetarlicha rivojlanmaganligi bilan izohlash mumkin.
Xususan, banklararo pul bozorida tijorat banklari faoliyatining sustligi va operatsiyalar hajmlarining kichikligi foiz kanalining samaradorligini pasaytiradi.
2017-yilning ikkinchi yarmidan Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga qisqa muddatli likvidlikni taqdim qilish operatsiyalari faollashtirildi. Lekin bunda yagona banklararo pul bozorining mavjud emasligi hamda pul-kredit instrumentlari ta’sirining cheklanganligi amalga oshirilayotgan choralar samarasini pasaytirmoqda.
Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib hamda pul-kredit siyosati transmission mexanizmining foiz kanalini kuchaytirish va pul bozorini samarali tartibga solish maqsadida 2018-yilning birinchi yarim yilligida qisqa muddatli pul resurslarini jalb qilish va joylashtirish boʻyicha banklararo pul bozorining yagona elektron platformasini yaratish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmining foiz kanalini mustahkamlashda zaruriyat tugʻilganda Markaziy bank tomonidan bank tizimidagi ortiqcha likvidlikni jalb qilish boʻyicha operatsiyalar amalga oshiriladi.
Shuni ta’kidlab oʻtish joizki, pul-kredit siyosatining transmission mexanizmi samaradorligini ta’minlash va foiz instrumentlarini optimallashtirish maqsadida Markaziy bankning pul-kredit siyosatining asosiy koʻrsatkichi sifatida asosiy stavka va foiz koridorini 2019-yildan amaliyotga joriy qilish koʻzda tutilgan.
Likvidlik taqdim etish va jalb qilish boʻyicha pul-kredit siyosati instrumentlari turlarining kengaytirilishi Markaziy bankning asosiy operatsiyalari boʻyicha foiz koridorini shakllantirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish va unda bozor mexanizmlari ta’sirining oshib borishi bilan bir qatorda faol pul-kredit siyosatining amalga oshirilishi transmission mexanizmning foiz kanalini sezilarli darajada mustahkamlab boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |