Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1. Qadimgi Xett saltanati va Yangi Xett saltanati o‘rtasidagi asosiy farq nimadan iborat edi?
2. Xett madaniyati va uning rivojlanish xususiyatlari haqida nima bilasiz?
3. Xett me’morchiligi qaysi qadimiy davlat me’morchiligiga o‘xshab ketadi?
4. Madaniyatning qaysi sohasida Mesopotamiyaning Xett davlatiga ta’siri kuchliroq bo‘lgan?
Frigiya va Lidiya
Frigiya - Kichik Osiyoning shimoliy-g‘arbida joylashgan tarixiy viloyat. Frigiya aholisi - frigiyaliklar (Yevropadan ko‘chib kelganlar). Miloddan avvalgi II ming yillikda Frigiya gullab-yashnadi va o‘z hududini kengaytirishga erishdi. Gomer “Iliada” sida Frigiya Troyaga yunonlarga qarshi kurashishda yordam bergan, so‘ng Troya ustidan o‘z “hukmronligini o‘rnatdi” deb yozilgan.
Miloddan avvalgi XII asrda Frigiya Xett davlati qulashida katta rol o‘ynadi va uning katta qismini o‘ziga qo‘shib oldi. Shu asr oxirida esa Frigiya Ossuriya bilan to‘qnash keldi. Tiglatpalasar I yozuvlarida Frigiya “mushklar davlati” deb tilga olinadi (yunoncha “mosxlar”).
Miloddan avvalgi X - VIII asrda Frigiya poytaxti Gordion shahri bo‘lgan.
Miloddan avvalgi IX asrda Frigiya Egey dengizida o‘z hukmronligini o‘rnatdi. Miloddan avvalgi VIII asrda esa Frigiyaning xalqaro mavqei biroz yomonlashdi. Uning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy hududlarini Yevropadan ko‘chib kelayotgan yangi xalqlar egallay boshlashdi, Sharqda esa Ossuriya bilan to‘qnashuvlar ko‘paydi.
Frigiya shohi Midas (ossuriyacha - Mita) miloddan avvalgi 717 yilda Urartu bilan ittifoq tuzadi, lekin 713 yili Ossuriyadan bir necha marta mag‘lubiyatga uchragandan keyin Sargon II bilan shartnoma tuzadi va g‘olibga boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Frigiyaga kimmer qabilalari ham xavf solar, miloddan avvalgi VII asrning 70 - yillarida ular Frigiyaning ancha qismini bosib olgan edilar.
Gerodot so‘ziga ko‘ra frigiyaliklar Yevropada yashagan paytlarida o‘zlarini briglar deb atashgan. Osiyoga ko‘chib kelganlaridan keyin esa o‘z nomlarini frigiyaliklarga o‘zgartirganlar. Yozuv va ismlarga asoslangan holda aytish mumkinki, frigiyaliklar tili hind-evropa tillari turkumiga kirgan va yunon tili bilan bog‘liq.
Xett davlati bilan bevosita aloqadagi mahalliy aholi bilan yaqin frigiyaliklar tez orada Old Osiyoning qadimgi jamoalariga xos bo‘lgan sivilizatsiya darajasiga yetib oldilar. Arxeologik manbalarga asoslangan holda aytish mumkinki, dehqonchilik Frigiya jamoasining iqtisodiy asosi bo‘lgan. Frigiyaning hududi bo‘ylab ko‘plab istehkomlar qurilgan edi.
Frigiyada qazishlar paytida topilgan sopol idishlar o‘tgan davrdagi hunarmandchilik an’analarining taraqqiyot darajasini ko‘rsatadi. Unda Xett davlati, Kichik Osiyo va hatto Kipr kulolchiligining namunalarini ko‘rish mumkin.
Shoh va amaldorlar qo‘rg‘onlarda dafn qilinib, hunarmandchilik taraqqiy etishi tufayli tosh maqbaralar qurila boshlandi.
G‘arbiy sohildagi yunon shahar-davlatlari bilan Frigiya savdo aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, bu yunon va frigiya jamiyatlari madaniyati yaqinlashuviga olib kelgan. Ossuriya va yunon manbalarida faqat ikki Frigiya podshosi – Gordiya va Midas ismi keltiriladi. Ayrim mutaxassislar bu ismlar emas, balki shohlik amallari nomi deb xisoblashadi.
Frigiyaliklar dehqonchilik, chorvachilik bilan, shuningdek marmar qazib olish, oltin konlarini o‘zlashtirish, junni qayta ishlash bilan shug‘ullanishgan. Savdo-sotiq ishlari ko‘proq yunonlar va rimliklar bilan olib borilgan. Frigiyaliklar asosan qishloq joylarda yashashgan, lekin bir necha Gordion, Kelena, Kotiy kabi katta shaharlar ham bo‘lgan.
Frigiya madaniyatining Egey dengizi atrofida yashaydigan xalqlar madaniyati va sivilizatsiyasi bilan o‘xshash tomonlarini ko‘rish mumkin. Qadimgi Frigiya alifbosi yunon alifbosining bir varianti bo‘lib, Frigiya va Yunoniston madaniyatining yaqin aloqalarini ko‘rsatadi. Kadimgi Yunon afsonalarida Frigiya shohi Midasga katta o‘rin berilgan. Ularga ko‘ra shoh qo‘li tekkan narsa oltinga aylangan.
Sakarya (Sangariy) daryosi vohasida topilgan qadimgi Frigiya yozuvlari, shuningdek G‘arbiy Kichik Osiyo va Kappadokiya shaharlaridan ham topilgan. Bularning bari, Frigiya davlati gullagan davrida uning chegaralari g‘arb va sharqqa tomon keng hududlarni egallaganligini ko‘rsatadi. Yunon madaniyati Frigiyaga Germa vohasi orqali kirib kelgan. Shu yo‘l bilan Frigiya madaniyati o‘z ta’sirini Kichik Osiyoning g‘arbiy sohilidagi yunon aholisiga o‘tkazgan. Frigiya musiqasi yunonlar tomonidan qabul qilinib, qadimgi yunon madaniyatining rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Miloddan avvalgi VIII asrda paydo bo‘lgan frigiya yozuvi alifboli bo‘lib, yunon alifbosi bilan o‘xshash joylari bor edi. Ayrim harflarning ma’nosi hali to‘liq o‘rganilmagan.
Shuningdek miloddan avvalgi VIII-VII asrlardagi qadimgi Frigiya yozuvi Tiana, Likaoniya va Kichik Osiyoning boshqa o‘lkalaridan topilgan. Bu esa Frigiya kimmeriylar bosqiniga qadar egallagan hududni aniqlashga yordam beradi. Milodiy I asrlarga oid yangi Frigiya yozuvi asosan yunon harflaridan tarkib topgan.
Frigiyaliklarning dini Kibela xudosi, uning yori, o‘lib, qayta tiriladigan xudo Attisaga e’tiqod qilish keng tarqalishi bilan ajralib turadi. Keyinchalik bu e’tiqod Yunoniston va Rimda ham keng tarqalib ketdi.
Frigiya adabiyoti mavjud bo‘lganligini faqat antik mualliflarning qisqa ma’lumotlari orqali bilib olish mumkin. Yunon an’analari Gomergacha yashagan va frigiyalik yoki troyalik “Iliada”ni yozgan frigiyalik Dares, matalchi Ezop, faylasuf – ateist Diogen haqida ma’lumotlarni saqlab qolgan. Bir qator yunon rivoyatlari va afsonalarining qahramonlari (Tantal, Pelops, Niobse, Marsiy) frigiyalik bo‘lganlar. Shohlar Gordiya va Midas haqidagi afsonalar ham keng tarqalgan. Bularning barchasi frigiyaliklar va yunonlar madaniyati va ma’naviyati o‘zaro yaqinligini ko‘rsatadi.
Frigiya musiqasi va cholg‘u asboblari Sharq va G‘arbda ham mashhur bo‘lib, yunon musiqa shakllarining paydo bo‘lishi va rivojlanishida katta o‘rin tutgan.
Uylar, maqbaralar, ibodatxonalarning qoyalarda qurilganligi Frigiya me’morchiligining o‘ziga xos xususiyati edi. Bunga misol qilib, “Midas maqbarasi” ni (miloddan avvalgi VIII asr Yazil - qoya) keltirish mumkin. Frigiyaliklar inshootlarida yunon, xett me’morchiligi ta’sirini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Frigiya kulolchiligida ham xett va kiprliklar ta’siri nomoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |