Majburiy rezervlar. Majburiy rezerv talablari tijorat banklarining kredit resurslari miqdoriga ta’sir ko‘rsatish orqali iqtisodiyotdagi pul taklifini tartibga solishda pul-kredit siyosatining muhim instrumentlaridan biri sifatida qo‘llanilmoqda.
2012 yilda inflyasiya va pul massasining maqsadli parametrlaridan kelib chiqib hamda tijorat banklarida uzoq muddatli resurs bazasini yanada kengaytirish maqsadida, majburiy rezervlar normasi, yuridik shaxslarning talab qilib olinguncha va 1 yilgacha bo‘lgan muddatga jalb qilingan depozitlar uchun – 15 foiz, 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan depozitlar uchun – 12 foiz, 3 yildan ortiq bo‘lgan depozitlar
uchun – 10,5 foiz miqdorida o‘zgartirilmasdan qoldirildi.
2012 yilda tijorat banklarining Markaziy bankdagi majburiy rezervlari hajmi 443 mlrd. so‘mga yoki yil boshiga nisbatan 31,8 foizga ko‘paydi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobvarag‘iga qo‘shimcha ravishda 3 176 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilishi pul massasini prognoz ko‘rsatkichdan ortiqcha o‘sishining oldini olishga va shu orqali ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qildi.
SHuningdek, Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi instrumentidan ham pul bozoridagi foiz stavkalarini boshqarishda hamda iqtisodiy o‘sish jarayonlarini rag‘batlantirish maqsadida keng foydalanildi.
Inflyasiya darajasi, pul massasi hajmining va boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning belgilangan maqsadli parametrlaridan kelib chiqib Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 2012 yilda yillik 12 foiz miqdorida saqlab qolindi.
Qayta moliyalash stavkasining ushbu darajada ushlab turilishi pul bozorida moliyaviy resurslarga bo‘lgan talab va taklifning muvozanatini saqlashga, real sektor korxonalarining investitsion imkoniyatini oshirishga, iqtisodiyotni kreditlash hajmini yanada kengaytirish va ayni paytda tijorat banklarining resurs bazasining barqarorligini ta’minlashga xizmat qildi.
Aholi real daromadlarining o‘sishi, bank tizimiga bo‘lgan ishonchning ortib borishi hamda iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalarning pasayishi kabi omillar ta’sirida, 2012 yil davomida jismoniy shaxslarning tijorat banklaridagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi yil boshidagi 9,6 foizdan dekabr oyining oxirida 6,4 foizgacha, yuridik shaxslarning jamg‘arma va muddatli depozitlar bo‘yicha stavka esa 6,8 foizdan 6,0 foizgacha pasaydi.
Natijada, 2012 yil davomida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektori sub’ektlariga ajratilayotgan jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasini ham yil boshidagi 14,3 foizdan dekabr oyiga kelib 13,6 foizgacha pasayishi kuzatildi.
Jumladan, tijorat banklarining kredit portfelida uzoq muddatli kreditlar ulushining oshishini rag‘batlantirishga qaratilgan foiz siyosatining olib borilishi natijasida uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 13,5 foizdan 12,2 foizga pasaydi.
2012 yil davomida bank tizimida amalga oshirilgan islohotlar doirasida tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha aniq belgilangan chora-tadbirlar davom ettirildi.
Xususan, aksiyadorlik-tijorat banklari tomonidan bank ustav kapitalini oshirish maqsadida 2012 yil davomida 500 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarildi.
Muomalaga chiqarilgan aksiyalarning 25 foizidan kam bo‘lmagan qismi “Toshkent” respublika fond birjasi orqali birlamchi ochiq savdolarda joylashtirildi.
2013 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 17 ta tijorat bankining aksiyalari “Toshkent” respublika fond birjasi listingiga kiritilgan bo‘lib, ushbu banklarning qimmatli qog‘ozlari muntazam ravishda birjada kotirovka qilinib, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilib borilmoqda.
Natijada tijorat banklarining jami kapitali 2012 yilda 24,3 foizga oshib, 2013 yilning 1 yanvar holatiga 6,2 trln. so‘mni tashkil etdi.
Bank sektori rivojlaninshining asosiy dinamik ko‘rsatkichlari
Do'stlaringiz bilan baham: |