3. Asosiy vositalar hisobi”nomli 5 BHMS ning asosiy vositalarni hisobga olishdagi o`rni va asosiy vositalarni baholash.
Asosiy vositalarga o`tkaziladigan kapital qo`yilmalar asosiy vositalardan foydalanishdan kelgusidagi iqtisodiy naf oshganda ularning boshlang`ich qiymatini oshiradi. Kelgusidagi iqtisodiy nafni oshirmaydigan boshqa barcha xarajatlar ular amalga oshirilgan davrda xarajatlar sifatida tan olinishi lozim.
Asosiy vositalarni qo`shimcha qurish, qo`shimcha asbob-uskunalar bilan ta`minlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirishga xarajatlar, ular tugatilganidan so`ng, agar ular natijasida asosiy vositalar ishlatilishining dastlab qabul qilingan me`yoriy ko`rsatkichlari (foydali xizmat muddati, quvvati, qo`llash sifati va h.k.) yaxshilansa (oshsa), bunday obyektning boshlang`ich qiymatini oshiradi.
Asosiy vositalarni qayta baholash
Asosiy vositalarni qayta baholash — asosiy vositalar qayta tiklash qiymatini hozirgi bozor narxlari darajasiga muvofiqlashtirish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirishdir.
Asosiy vositalar qayta baholash natijasida hisob va hisobotda joriy qiymat bo`yicha aks ettiriladi.
Asosiy vositalarning boshlang`ich qiymati qayta baholanishi mumkin (shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bo`yicha vaqti-vaqti bilan).
Asosiy vositalarning boshlang`ich (qayta tiklash) qiymati qayta baholanganda qayta baholash o`tkazilgan sanadagi ularning jamlangan amortizatsiyasi asosiy vositalarning boshlang`ich (tiklash) qiymati o`zgarishiga mos indekslariga tuzatiladi hamda keyingi hisoblanadigan amortizatsiya qayta baholangan qiymat hisobidan amalga oshiriladi.
27. Asosiy vositalar indeksatsiya yo`li bilan yoki rasmiy tasdiqlangan bozor narxlari bo`yicha bevosita qaytadan hisob-kitob qilish orqali qayta baholanadi.
Qayta baholash natijasida asosiy vositalarning bahosini o`sishi summasi rezerv kapitali tarkibiga “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo`yicha tuzatishlar” schyotiga olib boriladi.
Qayta baholash natijasida asosiy vositalarning bahosini pasayishi summasi “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo`yicha tuzatishlar” schyotiga rezerv kapitalining mazkur obyektning avvalgi hisobot davrlarida o`tkazilgan bahosini o`sishi summasi doirasida kamayishiga olib boriladi. Obyektning bahosini pasayishi summasi uning bahosini o`sishi summasidan oshishi boshqa operatsion xarajatlarga olib boriladi.
Asosiy vositalarni qayta baholash natijalari moliyaviy hisobotda asosiy vositalarni qayta baholash amalga oshirilgan joriy davrda aks ettiriladi.
Hisobot yilining birinchi sanasi holati bo`yicha o`tkazilgan asosiy vositalarni qayta baholash natijalari buxgalteriya hisobida aks ettirilishi lozim. Qayta baholash natijalari avvalgi hisobot yilidagi moliyaviy hisobot ma`lumotlariga kiritilmaydi, balki hisobot yili boshiga moliyaviy hisobot ma`lumotlarini shakllantirishda qabul qilinadi. Bunda o`tgan yil yakuni va hisobot yili boshidagi ma`lumotlarning mos kelmasligi hisobot yilining birinchi sanasi holati bo`yicha o`tkazilgan asosiy vositalarni qayta baholash natijasi sifatida tushuntiriladi hamda joriy davr moliyaviy hisobotiga tushuntirish xatida bayon etiladi.
Amortizatsiyani hisoblash
Asosiy vositalar qiymati amortizatsiya hisoblash yo`li bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat butun foydali xizmat muddati mobaynida subyekt xarajatlariga amortizatsiya ajratmalari ko`rinishida tizimli taqsimlanadi.
Asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyekt asosiy vositalar tarkibiga qabul qilingan oydan keyingi oyning dastlabki sanasidan boshlanadi hamda mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati to`liq qoplangunga yoxud ushbu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgunga qadar amalga oshiriladi.
Asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati to`liq qoplangan yoki ushbu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgan oydan keyingi oyning dastlabki sanasida to`xtatiladi.
Asosiy vositalarni foydali xizmat muddati davomida amortizatsiya ajratmalarini hisoblash to`xtatilmaydi, asosiy vositalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiya qilishga o`tkazilgan holatlar, shuningdek ularni to`liq to`xtatish sharti bilan obyektni qo`shimcha qurish, qo`shimcha asbob-uskunalar bilan ta`minlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish davri bundan mustasno.
Asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash hisobot davridagi korxona faoliyati natijalaridan qat`iy nazar amalga oshiriladi va u tegishli bo`lgan hisobot davridagi buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Asosiy vositalar bo`yicha hisoblangan amortizatsiya summalari buxgalteriya hisobida ushbu summalarni alohida schyotda jamg`arish yo`li bilan aks ettiriladi.
Quyidagilar amortizatsiya qilinmaydi:
a) yer uchastkalari va tabiatdan foydalanishga doir boshqa obyektlar (suv, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar);
b) mahsuldor chorva mollari;
v) axborot-kutubxona fondi;
g) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiyalashga o`tkazilgan asosiy vositalar;
d) muzey ashyolari;
e) moddiy madaniy meros obyektlari;
j) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, yo`laklar, sayilgohlar, xiyobonlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo`lgan obodonlashtirish inshootlari;
z) to`liq amortizatsiyalangan asosiy vositalar.
Amortizatsiya quyidagi usullarni qo`llash yo`li bilan hisoblanadi:
a) amortizatsiyani bir maromli (to`g`ri chiziqli) hisoblash.
Amortizatsiyani bir maromli (to`g`ri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya asosiy vositalarni foydali xizmat muddati mobaynida ularning amortizatsiyalanadigan qiymatidan kelib chiqqan holda bir maromda, teng ulushlarda hisoblanadi.
Mazkur usulga ko`ra asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymati uning xizmat muddati davomida tegishli xarajatlarga bir maromda hisobdan chiqariladi (taqsimlanadi). Usul amortizatsiya me`yori foydali xizmat muddatining faoliyatiga bog`liqligiga asoslangan. Har bir davr uchun amortizatsiya ajratmalari summasi amortizatsiyalanadigan qiymatni asosiy vositalardan foydalanilgan hisobot davrlari soniga bo`lish yo`li bilan hisoblanadi.
Amortizatsiyani bir maromli (to`g`ri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiya qiymati va mazkur obyektning foydali xizmat muddatidan kelib chiqib aniqlanadi;
b) amortizatsiyani bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda hisoblash (ishlab chiqarish usuli).
Amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usuli har bir muayyan yildagi asosiy vositalarning ishlab chiqarish quvvati hisobga olishga asoslangan.
Mazkur usul bo`yicha amortizatsiyaning har yilgi qiymatini hisoblash uchun butun foydali xizmat muddatidagi umumiy baholangan ishlab chiqarish quvvati yig`indisini va mazkur muayyan yildagi ishlab chiqarish quvvatini aniqlash lozim. Ishlab chiqarish quvvati sifatida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni, ishlangan soatlar soni, bosib o`tgan tonna-kilometrlar soni va boshqalar olinishi mumkin.
Amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi hisobot davridagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natural ko`rsatkichidan hamda asosiy vositalar amortizatsiyalanadigan qiymatining asosiy vositalar butun foydali xizmat muddatida nazarda tutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Asosiy vositalardan intensiv foydalanilganda, shuningdek ilmiy-texnikaviy jarayonning katta ta`sirida asosiy vositalar amortizatsiyasi quyidagi usullarda hisoblanadigan jadallashtirilgan amortizatsiya yo`li bilan ifodalanadi:
a) ikki baravar amortizatsiya me`yori bilan qoldiqni kamaytirish usuli;
b) yillar yig`indisi usuli (kumulyativ usul).
Ikki baravar amortizatsiya me`yori bilan qoldiqni kamaytirish usuli amortizatsiya hisoblash davrida aktivning amortizatsiyalanadigan qiymati kamayishini anglatadi.
Mazkur usulga ko`ra bir maromli (to`g`ri chiziqli) hisoblash usulidan ikki baravar amortizatsiya me`yori mazkur hisobot davridagi asosiy vositaning tegishli qoldiq qiymatiga ko`paytiriladi. Ikki baravar amortizatsiya me`yori bilan qoldiqni kamaytirish usuli bo`yicha amortizatsiya hisoblashda kutilayotgan tugatish qiymati boshlang`ich (tiklash) qiymatidan chegirilmaydi.
Ikki baravar amortizatsiya me`yori bilan qoldiqni kamaytirish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi asosiy vositalarning hisobot yili boshidagi qoldiq qiymatidan va mazkur obyektni foydali xizmat muddatidan kelib chiqib hisoblangan amortizatsiya me`yorining ikki baravaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ikki baravar amortizatsiya me`yori bilan qoldiqni kamaytirish usulida asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash ushbu obyektlarning balans (qoldiq) qiymati ularning tugatish qiymatiga teng bo`lgan vaqtda tugatiladi.
Yillar yig`indisi usuliga (kumulyativ usulga) ko`ra har yilgi amortizatsiya me`yori amortizatsiya muddati oxiriga qadar qoladigan amortizatsiyalanadigan qiymatga ulush sifatida aniqlanadi. Ulush amortizatsiya ajratmalari tugaguniga qadar qoladigan to`liq yillar sonini amortizatsiya muddatini tashkil qiladigan yillar tartib sonlari yig`indisiga bo`lish orqali aniqlanadi.
Yillar yig`indisi usulida (kumulyativ usulda) amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymatidan hamda suratida obyektni foydali xizmat muddatining oxiriga qadar qoladigan yillar soni, maxrajida esa — obyektni foydali xizmat muddati yillari soni yig`indisining nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq solish maqsadida O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida asosiy vositalarning boshlang`ich (qayta tiklash) qiymatiga nisbatan foizlarda har yillik amortizatsiya me`yorlari belgilangan va ushbu har yillik me`yor xarajatlarga bir maromda hisobdan chiqariladi.
Hisobot yili davomida asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalari qo`llaniladigan hisoblash usulidan qat`iy nazar (amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usulidan tashqari), yillik summaning 1/12 miqdorida har oyda hisoblanadi.
Mavsumiy tusdagi ishlab chiqarish korxonalarida foydalaniladigan asosiy vositalar bo`yicha amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi hisobot yilida korxona tomonidan asosiy vositalardan foydalanish davri mobaynida bir maromda hisoblanadi.
Asosiy vositalarning har xil turlariga (guruhlariga) amortizatsiya hisoblashning turli usullarini qo`llashga yo`l qo`yiladi. Bunda asosiy vositalarning bir turdagi obyektlari bo`yicha (markasi, turi va boshqalar bo`yicha) faqat bitta usul qo`llaniladi.
Agar asosiy vositalardan foydalanishdan kutilayotgan iqtisodiy naf sezilarli darajada o`zgarish yuz bersa, amortizatsiya hisoblash usuli, agar yuzaga kelgan holatlar amortizatsiya usulining o`zgartirilishini oqlasa, o`zgarayotgan tendensiyani aks ettiradigan tarzda o`zgartirilishi mumkin. Bunday o`zgarish hisob siyosatida aks ettirilishi lozim. Bunda moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida mazkur o`zgarish sabablari va ularning iqtisodiy samarasi ochib berilishi zarur.
Asosiy vositalar holatini yaxshilaydigan va, mos ravishda, xizmat muddatini uzaytiradigan xarajatlar amalga oshirilganini hamda xizmat muddatni qisqartiradigan texnologik o`zgarishlarni hisobga olib asosiy vositalarning foydali xizmat muddati korxona tomonidan qaytadan ko`rib chiqilishi mumkin.
Tugatish qiymati asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymatini hisob-kitob qilishda muhim tarkibiy omil hisoblanadi. Tugatish qiymati muhim bo`lmagan holatda, u amortizatsiyalanadigan qiymatni hisoblab chiqarishda hisobga olinmasligi mumkin.
Agar tugatish qiymati ahamiyatga ega bo`lsa, u asosiy vositalarni xarid qilingan sana yoki ularni qayta baholash sanasida aniqlanadi. Tugatish qiymati asosiy vositalarning xizmat muddati oxirida tugatish bo`yicha kutilayotgan xarajatlarga kamaytiriladi.
Asosiy vositalarni ishlash holatida saqlab turish ularni ta`mirlash (joriy, o`rtacha va kapital tarzda) orqali amalga oshiriladi.
Joriy ta`mirlash — asosiy vositalarni ishlash holatida saqlab turish maqsadida amalga oshiriladigan ta`mirlashdir.
O`rtacha ta`mirlashda ta`mirlanayotgan agregatni qismlarga qisman ajratish va detallarning qismlarini qayta tiklash yoki almashtirish amalga oshiriladi. Uskunalar va transport vositalarini kapital ta`mirlash — agregatni qismlarga to`liq ajratib amalga oshiriladigan ta`mirlash, bazaviy va korpus detallari va uzellarini ta`mirlash, barcha eskirgan detallar va uzellarni almashtirish yoki qayta tiklash, agregatni yig`ish, sozlash va sinab ko`rishdir.
Binolar va inshootlarni kapital ta`mirlash — bazaviy va korpus detallari va uzellarini ta`mirlash, detallar va uzellarning barcha eskirgan konstruksiyalarini almashtirish yoki qayta tiklash amalga oshiriladigan ta`mirlashdir.
Obyektni ishchi holatida tutib turish va undan foydalanishdan kelgusidagi iqtisodiy nafning dastlabki belgilangan summasini olish uchun amalga oshiriladigan xarajatlar ular tegishli bo`lgan hisobot davridagi xarajatlar tarkibiga kiritiladi. Ishlab chiqarishdagi asosiy vositalarni ishchi holatida saqlab turishga doir xarajatlar (texnik ko`rikdan o`tkazish va holatini yaxshilashga oid xarajatlar) hamda ishlab chiqarishdagi asosiy vositalarning barcha turdagi ta`mirlanishini (joriy, o`rtacha, kapital tarzda) o`tkazish xarajatlari mahsulotning (ishlarning, xizmatlarning) ishlab chiqarish tannarxiga, ma`muriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish uchun mo`ljallangan asosiy vositalari bo`yicha esa — davr xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
Agar bitta asosiy vositada turlicha foydali xizmat muddatiga ega bo`lgan bir nechta mustaqil obyektlar mavjud bo`lsa, qayta tiklashda har bir bunday obyektni almashtirish chiqib ketish va mustaqil inventar obyektini xarid qilish sifatida hisobga olinadi.
Asosiy vositalar qiymati chiqib ketishda balansdan hisobdan chiqarilishi lozim.
Asosiy vositalar qiymati korxona balansidan quyidagilar natijasida hisobdan
chiqariladi:
tugatilganda;
sotilganda;
ayirboshlanganda;
tekinga berilganda;
ustav kapitaliga ta`sischi ulushi sifatida berilganda;
moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo`yicha berilganda;
kamomad yoki yo`qotishlar aniqlanganda;
ta`sischi ta`sischilar tarkibidan chiqqanda;
nodavlat notijorat tashkilot mulkini shakllantirishda mulkiy badal sifatida berilganda.
Asosiy vositalar qisman tugatilgan holatda uning boshlang`ich (qayta tiklash) qiymati va jamg`arilgan amortizatsiyasi mos ravishda obyektning tugatilgan qismining boshlang`ich (qayta tiklash) qiymati va jamg`arilgan amortizatsiyasi summasiga kamaytiriladi.
Asosiy vositalarning chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) asosiy vositalarni chiqib ketishidan daromaddan ularning qoldiq (balans) qiymati, asosiy vositalarning chiqib ketishi bilan bog`liq bilvosita soliqlar va xarajatlarni ayirish orqali aniqlanadi.
Asosiy vositalarning chiqib ketishidan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda asosiy vositalarning ilgarigi qayta baholashdagi bahosini o`sishi summasi, ya`ni ushbu asosiy vositalarning ilgarigi bahosini o`sishi summalarining ilgarigi bahosini pasayishi summasidan ortgan qismi asosiy vositalarning chiqib ketishidan daromad tarkibiga kiritiladi va bir vaqtning o`zida “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo`yicha tuzatishlar” schyoti bo`yicha rezerv kapital kamayadi.
Asosiy vositalarning haqiqatda mavjudligini aniqlash va ularning but saqlanishini nazorat qilish maqsadida korxonalar tomonidan vaqti-vaqti bilan, biroq ikki yilda kamida bir marta asosiy vositalar inventarizatsiyasi o`tkaziladi, kutubxona fondlari esa besh yilda bir marta inventarizatsiya qilinadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalar moliya-xo`jalik faoliyatini amalga oshirishda asosiy vositalarning o`rni nihoyatda kattadir. Asosiy vositalar korxonaning ishlab chiqarish jarayonida juda katta rol o`ynaydi, chunki ular barcha korxona tayanadigan va korxonaning ishlab chiqarish quvvatini baholash mezoni bo`lgan ishlab-chiqarish texnika bazasini tashkil etadi.
«Asosiy vositalar» nomli 5-son BHMAning 7-bandiga asosan, asosiy vositalar uzoq davom etadigan vaqt mobaynida (bir yildan ortiq vaqt davomida) moddiy ishlab chiqarish sohasida ham, noishlab chiqarish sohasida ham amal qiladigan, shuningdek, ijaraga berish uchun foydalaniladigan moddiy aktivlardir.
Korxonalarda asosiy vositalarni hisobga olish quyidagilarni ta`minlashi lozim:
asosiy vositalarning harakati bilan bog`liq muomalalarni hujjatlarda o`z vaqtida hamda to`g`ri rasmiylashtirish;
asosiy vositalarning olinishi, joyi o`zgartirilishini to`g`ri va o`z vaqtida aks
ettirish;
asosiy vositalarni boshqa aktivlardan ajratilgan holda guruhlarga bo`lib, ularni hisobga olishni tashkil qilish;
asosiy vositalarni joriy hisobda hamda buxgalteriya balansida tegishli andozalarga va me`yoriy hujjatlarga asosan to`g`ri va o`z vaqtida baholash;
ularni sotib olinganidan keyin hisobdan chiqarilishiga qadar turgan joyi (foydalanish joyi) bo`yicha mavjudligi va saqlanishini, ayrim hollarda ularning saqlanishi uchun ma`sul bo`lgan shaxslar bo`yicha nazorat qilish;
asosiy vositalarning eskirishini to`g`ri va o`z vaqtida hisoblab chiqish hamda uni hisobda to`g`ri aks ettirish;
mablag`larning oqilona ishlatilishini nazorat qilish;
eskirgan, xo`jalik uchun oshiqcha bo`lgan asosiy vositalarni o`z vaqtida hisobdan chiqarishni ta`minlash;
hisobdan chiqarilgan asosiy vositalar bo`yicha moliyaviy natijalarni to`g`ri va o`z vaqtida aniqlash.
Asosiy vositalar bajaradigan vazifasiga ko`ra ishlab chiqarish va noishlab chiqarish vositalariga bo`linadi. Ishlab chiqarish asosiy vositalari bevosita moddiy ne`matlarni yaratishda ishtirok etadigan vositalaridir. Noishlab chiqarish asosiy vositalari guruhiga uy-joy hamda kommunal-xo`jalik, maishiy xizmat, sog`liqni saqlash, ta`lim va boshqalarning asosiy vositalari kiritiladi.
Ishlab chiqarish va xo`jalik faoliyatida asosiy vositalar ob`ektlardan foydalanish darajasiga ko`ra quyidagi guruhlarga bo`linadi:
• foydalanilayotgan;
• zahirada turgan;
• ishlamayotgan asosiy vositalar.
Asosiy vositalarning bunday guruhlanishi ulardan foydalanish samaradorligini baholash, eskirgan vositalarni almashtirish, keraksiz asosiy vositalarni boshqa korxonaga berish yoki sotish to`g`risida qaror qabul qilish, shuningdek ularning eskirishini to`g`ri hisob-kitob qilish uchun zarur.
Asosiy vositalar natural-moddiy tarkibiga ko`ra quyidagi guruhlarga bo`linadi:
• er;
• erni obodonlashtirish bo`yicha kapital sarflar;
• imoratlar;
• inshootlar;
• uzatuvchi moslamalar;
• mashina va jihozlar;
• transport vositalari;
• asbob-uskunalar;
• ishlab chiqarish inventarlari;
• xo`jalik inventarlari;
• ish hayvonlari va mahsuldor chorva;
• ko`p yillik daraxtlar;
• boshqa asosiy vositalar.
Er amaldagi qonunchilikka binoan korxonaga mulk tarzida berilgan er maydonidir. O`zbekiston Respublikasi Er kodeksining 17-moddasiga binoan, «yuridik shaxslar Er kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida er uchastkalariga ega bo`lishlari mumkin». Erning qiymatiga uni xarid qilishda ko`chmas mulk agentliklariga to`lanadigan komission to`lovlar, advokatlik xizmati uchun haq, xarid qilishdagi soliq to`lovlari, drenaj qiymati, erni tozalash va boshqa xarajatlar qo`shiladi.
Xulosa
Mazkur Buxgalteriya hisobi milliy standarti “Buxgalteriya hisobi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan ishlab chiqilgan hamda
O`zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me`yoriy tartibga solish
tizimining elementi hisoblanadi. Mazkur standartning maqsadi mulk, xo`jalik
yuritish yoki tezkor boshqaruv huquqlari asosida xo`jalik yurituvchi subyektga
tegishli bo`lgan asosiy vositalar hisobi uslubiyatini belgilash hisoblanadi.
Ushbu standart 10 paragrafdan iborat bo`lib, unda asosiy vositalarning kelib
tushishi, asosiy vositalarni baholash, asosiy vositalarga o`tkaziladigan kapital
qo`yilmalar, asosiy vositalarni qayta baholash, amortizatsiyani hisoblash, asosiy
vositalarni ta`mirlash, asosiy vositalarning chiqib ketishi, asosiy vositalarni
inventarlash, axborotni ochib berish kabi tushunchalar keng yoritilgan.
Asosiy vositalarni hisobga olishda ularni aktiv sifatida tan olingan paytini
belgilash, mazkur aktivlarga nisbatan qo`llaniladigan ularning balans qiymatini va
amortizatsiyani hisoblash usullarini belgilash, shuningdek asosiy vositalarning
balans qiymatidagi boshqa o`zgarishlarni va ularning chiqib ketishi hisobiga
moliyaviy natijalarni belgilash va hisobga olish asosiy qoidalar hisoblanadi.
Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) “Buxgalteriya hisobi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan ishlab chiqilgan hamda O`zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi.
1. Mazkur standartning maqsadi mulk, xo`jalik yuritish yoki tezkor boshqaruv huquqlari asosida xo`jalik yurituvchi subyektga (bundan buyon matnda korxona deb yuritiladi) tegishli bo`lgan asosiy vositalar hisobi uslubiyotini aniqlash hisoblanadi.
2. Asosiy vositalarni hisobga olishdagi asosiy qoidalar asosiy vositalarning aktiv sifatida tan olish paytini aniqlash, ularning mazkur aktivlarga nisbatan qo`llanilishi shart bo`lgan balans qiymatini va amortizatsiya hisoblash usullarini belgilash, shuningdek asosiy vositalarning balans qiymatidagi boshqa o`zgarishlarni va ularning chiqib ketishidan moliyaviy natijalarni aniqlash va hisobga olish hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
Oʼzbekiston Respublikasininі Konstitutsiyasi.-T.:"Oʼzbekiston", 2022.-72 b.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi “2020 — 2025 yillarga moijallangan 0`zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to`g`risida”gi PF-5992-sonli Farmoni.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “2022 — 2026-yillarga mo`ljallangan yangi o`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi 28.01.2022 yildagi PF-60-sonli farmoni.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va Oʼzbekiston xalqiga Murojaatnomasida iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish asosida 2021 yilda strategik maqsadlarga erishish yuzasidan amalga oshiriladigan ustuvor yoʼnalishlarni keng jamoatchilik orasida targʼib qilish boʼyicha ilmiy-ommabop risola. - T.: «Maʼnaviyat», 2021. - 248 bet.
T. Abdibaeva, K. Misirov, Sh. Raxmonov, K. Islamov. Buxgalteriya hisobi.
(O`quv qo`llanma). - T.: «Nihol print» OK, 2021. 364 b.
A.A. Karimov, I.K. Ochilov, Z.U. G`Aniyev. Buxgalteiya hisobi. (II-qism).
(Darslik). - T.: «Nihol print» OK, 2021. - 684 b.
Z. A. Umarov — Banklarda buxgalteriya hisobi. (Darslik) - T.: «Nihol print» OK, 2021. - 508 b.
Umarov Z.A., Ibragimov A.K., Rizaev N.K., Marpatov M.D. — Banklarda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari / darslik — T.: «IQTISOD-MOLIYA», 2019 - 500 b.
Internet saytlari.
www.gov.uz – O`zbekiston Respublikasi Davlat hokimiyati portal
www.soliq.uz – O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi
www.lex.uz–Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi
www.mf.uz - O`zbekiston Respublikasi moliya vazirligi
www.stat.uz - O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi
www.ziyonet.uz - Jamoat axborot ta`lim tarmog`i
Do'stlaringiz bilan baham: |