Mazmunli tarkibiy qism umumiy maqsad bilan birga, xuddi shunday aniq vazifani qo’yadigan ma’noni aks ettiradi.
Faoliyatli tarkibiy qism – jarayonni tashkil etish va boshqarishda busiz belgilangan natijalarga erishish mumkin bo’lmagan pedagoglar va tarbiyalanuvchilarning o’zaro harakati va ularning hamkorligi. Mazkur tarkibiy qism pedagogik adabiyotlarda yana tashkiliy yoki tashkiliy-boshqaruvli deb ham nomlanadi.
Jarayonning natijali tarkibiy qismi uni amalga oshishi samaradorligini aks ettiradi, qo’yilgan maqsad bilan bog’liqlikda muvafaqqiyatli o’zgarishlarga olib kelish bilan xarakterlanadi.
SHaxs kamolotini ta’minlash, uning intellektual, ma’naviy axloqiy hamda jismoniy jihatdan rivojlanishiga erishishda turli yosh davrlari, har bir davrning o’ziga xos jihatlari, shuningdek, bolaning fiziologik, psixologik holatini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. SHu bois yaxlit pedagogik jarayon muayyan turkumni tashkil etuvchi pedagogik fanlar tomonidan o’rganiladi. Ular quyidagilardir:
Yosh fiziologiyasi-maktabgacha yoshidagi bolalarning yosh va fiziologik xususiyatlarini o’rganadi.
Bolalar psixologiyasi-maktabgacha yoshidagi bolalarni psixologik xususiyatlarini o’rganadi
Korrektsion (maxsus) pedagogika-rivojlanishida turli psixologik va fiziologik nuqsonlari bo’lgan bolalarni tarbiyalash va o’qitish bilan bog’liq muammolarni o’rganadi.
O’z navbatida korrektsion pedagogika tarkibiga maxsus pedagogika va psixologiyaning turli sohalari kiradi.
Ular quyidagilardir:
Surdopedagogika va surdopsixologiya-eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o’qitish va tarbiyalash masalalarini o’rganadi.
Oligofrenopedagogika va oligofrenopsixologiya-aqli zaif bolalarni rivojlantirish, o’qitish va tarbiyalash masalalarini o’rganadi.
Tiflopedagogika va tiflopsixologiya-ko’rish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o’qitish va tarbiyalash masalalarini o’rganadi.
Logopediya va nutqiy buzilishlar psixologiyasi-nutqi, shuningdek, motorli-harakatlanish doirasida murakkab nuqsonlari bo’lgan bolalar (ko’r, soqov va kar bolalar)ni rivojlantirish, o’qitish va tarbiyalash masalalarini o’rganadi.
Metodika – xususiy fanlarni o’qitish xususiyatlarini o’rganadi.
Pedagogika tarixi – ta’lim va tarbiyaning yuzaga kelishi, taraqqiy etishi, muayyan tarixiy davrlarda yetakchi o’rin egallagan pedagogik fikrlar taraqqiyoti masalalarini o’rganadi.
Pedagogik texnologiya–ta’lim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo’llash, texnologik yondashuv asosida ta’lim va tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish muammolarini o’rganadi.
Pedagogik mahorat-bo’lajak tarbiyachilarning kasbiy mahoratlarini oshirish, takomillashtirish muammolarini o’rganadi.
Ta’limni boshqarish-ta’lim muassasalarining faoliyatini yo’lga qo’yish, boshqarish, nazorat qilish hamda istiqbollarini belgilash masalalarini o’rganadi.
Ijtimoiy pedagogika-ijtimoiy munosabatlar jarayonida maktabgacha yoshidagi bolalarni ijtimoiy hayot va faoliyatga yo’naltirish muammolarini o’rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |