Kurash choralari. Oldin sabzi ekilgan dalaga sabzini 3-4 yildan keyin ekishni ko’zda tutuvchi almashlab ekishni joriy qilish (eng yaxshi o’tmishdoshlar - ertagi kartoshka, pomidor, piyoz); tuproqqa fosfor va kaliy yoki faqat kaliyning yuqori me’yorini (180 kg/ga) kiritish; ortiqcha azotli o’g’it bermaslik, ayniqsa, mavsumning ikkinchi yarmida ortiqcha azot berilganda ildizmevalar sifati buziladi va omborxonada saqlash jarayonida tezda chirib ketadi; birinchi yil hosili va urug’lik olish uchun ekiladigan dalalarni bir-biriga yaqin joylashtirmaslik; ekishdan oldin urug’ni harorati 52-53°S bo’lgan suvda 15 min qizdirish, so’ngra quritib, stimulyator va samarali fungisid bilan dorilash; ularni ekishdan oldin 50-60 soat davomida ivitish; urug’ olish uchun ekilgan o’simliklarga o’suv davrida fungisid purkash; omborxonalarga qo’yish uchun kechki ekin hosilini ishlatish va sog’lom sabzilarni tanlab olish; yig’ilgan hosilni dalada uyumlarda va iliq xonalarda uzoq saqlamasdan, iloji boricha tez sovutish va omborxonaga joylash; hosili uzoq muddat davomida saqlashga mo’ljallangan ekin dalasida hosilni yig’ib olishdan 2-3 hafta oldin sug’orishni to’xtatish; urug’lik uchun ajratilgan ildizmevalarga fungisid purkash; saqlash davrida aniqlangan chirigan sabzilarni chiqarib, yo’qotish; sabzini saqlashga qo’yishdan 15-20 kun oldin omborxona devorlari va shiftini (10 l suvga 1,5-2 kg ohak va 100 g mis sulfat eritmasi bilan) oqlash, xonalarini oldingi mahsulot qoldiqpari va boshqa chiqindilardan puxta tozalash, xlorli ohak (10 l suvga 400 g "xlorka") yoki boshqa biror dezinfektant bilan dezinfeksiyalash va yaxshi quritish; sabzini ko’mish uchun faqat toza, zararlanmagan qum ishlatish; omborxonalarda tavsiya qilingan harorat va nisbiy namlikni (0-2°S va 80-95%) ta’minlash lozim (Gerasimov, Osniskaya, 1961; Pidoplichko, 1977a, 1978; Peresыpkin, 1982; Vyangelyauskayte i dr., 1989; Sichev, Mizunov, 1991).
Shaxsiy tomorqada yetishtirilgan hosilni saqlash uchun Boshqirtistonda quyidagi usulni ishlatish tavsiya qilingan: ildizmevalar suyuq loyga botirib olinadi va 1-2 kun davomida quritiladi. Sabzi ustida paydo bo’lgan loy pardasi uni so’lishdan va chirishlardan samarali himoya qiladi va bahorgacha yaxshi saqlash imkonini yaratadi. Agar qishda ba’zi sabzilar chirisa, ular ehtiyotkorlik bilan olib tashlanadi (Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
O’zbekistonda o’tkazilgan kuzatuvlarda omborxonada saqlanayotgan sabzi kasalliklari orasida fomoz uchrashi bo’yicha oq, kulrang va qora chirishlardan keyingi 4- o’rinni egallagan (Xolmurodov, 2004).
Do'stlaringiz bilan baham: |