Qo’zg’atuvchilarning belgilari.Olpidium brassicae.Tallom 1 hujayrali, zpidermis, gipokotil yoki ildiz hujayralarining ichida yashaydi. Keyinchalik yalang’och protoplast (tallom) zoosporangiyga aylanadi. Zoosporangiylar dumaloq, diametri 12-20 mkm, uzun bo’yinchali. Ko’chat va nihollarni zoosporangiy ichida rivojlanib, chiqadigan zoosporalar ildiz bo’g’zi yaqinidagi teshikcha (ustisa) lar orqali kirib zararlaydi. Zoosporalar dumaloq, uzunligi 17 mkm keladigan bitta xivchinchali, rangsiz, diametri 3 mkm. Tinim davrini o’tuvchi spora (sista) lar dumaloq, qobig’i qalin, so’galchalar bilan qoplangan, rangsiz yoki och-sariq, diametri 8-25 mkm, tuproqda yashovchanligini bir necha yil saqlaydi. O’zbekistonda qayd etilmagan.
Pythium debaruanum.Miseliy hujayralarga bo’linmagan, gifalarning eni odatda 5 mkm. Zoosporangiylar gifalar uchida va o’rtasida hosil bo’ladi, ular dumaloq yoki tuxum shaklli, diametri 15-26 mkm, o’rtacha 19 mkm, o’simta yoki, tomchi namlik mavjudligida - zoosporalar paydo qilib o’sadi. Oogoniylar ko’pincha dumaloq shaklli, diametri 15-28 mkm, o’rtacha 21 mkm, gifalar uchida va o’rtasida hosil bo’ladi. Har bir oogoniyga 1-6 tadan anteridiy hosil bo’ladi, monoklin va diklin tipida. Oosporalar silliq, aplerotik, diametri 12-20 mkm, o’rtacha 17 mkm, tuproqda kamida 4-5 oy mobaynida, tinim davrini o’tib, o’simta yoki zoosporangiy va zoosporalar hosil qilib o’sadi. O’zbekistonda uchrashi aniqlanmagan.
Plendomus lingam qo’zg’atgan kasallikni ilmiy adabiyotda, zamburug’ning sinonimik nomi asosida, "fomoz" deb atashadi. Piknidalar zararlangan to’qimalarda guruh-guruh bo’lib rivojlanadi va bir-biri bilan birikib, qoraqo’tirga o’xshash strukturalarni paydo qiladi. Konidioforalar silindr shaklli, rangsiz, uzunligi 8 mkm. Konidiya (piknospora) lar 1 hujayrali, uzunchoq-silindr, ellipsoid yoki deyarli tuxum shaklli, ba’zan biroz egilgan, o’lchami 3,5-6x0,8-2 (3) mkm, ichida 2 ta yog’ tomchisi mavjud.
Nihol kasalliklari dunyoning barcha mintaqalarida, ayniqsa, issiqxonalarda keng tarqalgan. O’zbekiston va qo’shni davlatlarda bu zamburug’lar (asosan Rhizoctonia solaniva Plendomus lingam) tufayli ko’chatlarning 50 foizi va undan ham ko’prog’i chirib ketishi kuzatiladi.
Qo’zg’atuvchilarning ko’pchiligi karamdan tashqari pomidor, sabzi, bodring, lavlagi va boshqa ekinlarni ham zararlaydi. Kasallikka karamning ayniqsa, yangi unib chiqqan urug’palla va yosh nihollari chidamsiz. Zararlangan nihollar sarg’ayadi, so’lg’in bo’lib qoladi, poyaning pastki qismi va ildiz bo’g’zi qorayadi, ingichkalashadi, burishadi va chiriydi. Nihollar zaiflashadi, yiqilganlari butunlay chiriydi, tuproqdan oson sug’urilib chiqadi.
Rizoktonioz karamni butun o’suv davrida zararlaydi. Zararlangan ko’chat dalaga ko’chirib ekilgandan so’ng, uning pastki qismlari dog’lar bilan qoplanadi va chiriydi. Dalada namlik mavjud bo’lganida hamda omborxonalarda zamburug’ karam boshlariga tarqaladi va ularni chiritadi.
Fomoz bilan zararlangan urug’palla va yosh nihollarning barglarida qo’ng’ir dog’ va piknidalar, ildizlarida esa kulrang dog’lar va piknidalar paydo bo’ladi. Zararlangan, ammo fomozning tashqi belgilari bo’lmagan karam boshlarining barglarida omborxonada quruq, qora dog’lar paydo bo’ladi, barglar shilimshiqlanadi, karam o’zagida dog’lar, quruq chirish va kavaklar paydo bo’ladi (Bo’riyev va b., 2002)
Qo’zg’atuvchi zamburug’larning barchasi o’simlik qoldiqlarida va tuproqda, ba’zilari (Rhizoctonia solani) omborxonalarda karam boshlarida, boshqalari (Plendomus lingam) urug’da saqlanadi; odatda kasallik issiqxonadan dalaga zararlangan ko’chatlar bilan tarqaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |