Qo’zg’atuvchining belgilari. Kasallikni Stigmina carpophila(sinonimlari Clasterosporium carpophilum, Wilsonmyces carpophilus, Coryneum beyerinckii, Thyrostroma carpophilum va b.) gifomiset zamburug’i qo’zg’atadi. Pustulalar (sporodoxiylar) buyrak shaklli, zaytun-qo’ng’ir yoki qoramtir tusli; yostiqchalar qisman to’qima ichida, qisman zararlangan organ ustida joylashgan, diametri 50-250 mkm. Konidioforalar silindr yoki butilka shaklli, rangsiz yoki sarg’ish-qo’ng’ir, bir yoki bir necha marta bukilgan, 14-45x3-11 mkm (ozuqa muhitida uzunroq). Konidiyalar 4-6 hujayrali, silindr, to’qmoq, teskari to’qmoq, ellips, uzunchoq tuxum yoki urchuq shaklli, oldin rangsiz, keyinchalik sarg’ish-jigarrangdan to’q-qo’ng’irgacha, 23-65x10-18 mkm. Zamburug’ tarkibida suli va sholi bo’lgan agarli sun’iy ozuqa muhitlarida yaxshi o’sishi aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |