10-MAVZU: “MUZEYLAR – O‘TMISH VA KELAJAK ORASIDAGI KO‘PRIK”. ERKIN VA TURG‘UN BIRIKMALAR
Muzeylar
Muzeylar tarixiy yodgorliklarni asrovchi, saqlovchi, o‘rganuvchi va xalqqa namoyish qiluvchi muassasadir. Muzeylar kishilarning o‘zlari uchun qadrli va yodgorlik bo‘lib qoladigan buyumlarni to‘plab, ularni kelgusi avlodlarga qoldirish ehtiyoji natijasida paydo bo‘ldi. Muzeylarning turlari juda ko‘p. Tarixga, adabiyot va san’atga, texnikaga, tibbiyotga, hayvonot olamiga, harbiy qurol-yarog‘ kabilarga oid muzeylar mavjuddir. Muzeylar dastlab ibodatxonalarda tashkil etilgan. Yevropada ko‘plab muzeylarning tashkil etilishi XIV–XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Muzeylardan joy olgan eksponatlar katta tarbiyaviy ahamiyatga ham ega.
AQSH, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi jahonning mashhur muzeylari joylashgan mamlakatlar hisoblanadi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj, Parijdagi Luvr, Londondagi Britaniya muzeyi, Italiyadagi Uffitsi kabi dunyoga dong‘i ketgan muzeylarning kolleksiyalari tarkibida tarixiy buyumlarning nodir nusxalari saqlanadi. Masalan, 1546-yilda qurilgan va dastlab qirol saroyi vazifasini o‘tagan, hozirda esa dunyoning eng katta muzeyi hisoblanmish Parijdagi «Luvr» muzeyida qadimgi Misr, Yunoniston va qadimgi Rimda yaratilgan noyob san’at durdonalarining asl nusxalari saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida ham ko‘plab muzeylar mavjud. Bu muzeylardagi eksponatlar jahonning mashhur muzeylari eksponatlaridan qolishmaydi. Hozirgi kunda respublikamizda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston san’at muzeyi, O‘zbekiston xalqlari madaniyati va san’ati tarixi muzeyi, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash muzeyi kabi muzeylar faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining o‘zida 250 mingdan ortiq tarixiy yodgorliklar mavjud. Ular xalqimizga va chet elliklarga O‘zbekistonning o‘tmish tarixini ko‘z-ko‘z qilib turadi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yilda bunyod etilgan. Balandligi 31 metr bo‘lgan muzey binosi uch qavatlidir. Muzey ko‘rgazma zalining markazida devorga ajoyib tasviriy san’at asari ishlangan. Unga «Buyuk Sohibqiron – buyuk bunyodkor» deb nom berilgan. Asar «Tug‘ilish», «Yuksalish» va «Faxrlanish» nomlari bilan ataluvchi 3 qismdan iborat. «Tug‘ilish» qismida Sohibqironning (buyuk bobomiz Amir Temurning) tug‘ilishi bilan bog‘liq urf-odatlar tasvirlangan. «Yuksalish» qismida buyuk bobomiz hayotida doimo amal qilgan «Rosti-rusti», ya’ni «Tog‘rilik najotdir» degan shiori oltin harflar bilan yozib qo‘yilgan. Shuningdek, bu qismda Sohibqironning vazirlar, harbiy sarkardalar va olimlar bilan o‘tkazayotgan kengashi aks ettirilgan. «Faxrlanish» qismida esa Amir Temur va temuriylar davri merosining avloddan avlodga o‘tib kelayotganligi g‘oyasi tasvirlangan. Jahon davlatlaridagi muzeylar xalqaro tashkilotga birlashgan. U xalqaro YUNESKO tarkibidagi «Muzeylar xalqaro kengashi» deb ataladi.
Eksponat – muzeylarda ko‘rgazmaga qo‘yilgan buyumlar, rasmlar, hujjatlar, kitoblar. Kolleksiya – muzeylarda saqlanayotgan buyumlarning tartibga solingan to‘plami.
Do'stlaringiz bilan baham: |