Biror bir yig‘ilishda notiq suhbatdoshlaringiz, sizningcha, ba’zi bir xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, uning so‘zini bo‘lib, luqma tashlamang. Sabr eting, u so‘zini tamom qilsin, keyin ruxsat olib so‘zga chiqing. Uning xatosini qo‘pol ravishda ko‘rsatib tanqid qilmang, odob-axloq doirasidan chetga chiqmang. G‘oyatda nazokat va muloyimlik bilan so‘zlab, suhbatdoshingizning xatolarini tuzatimg.
Yig‘ilishda o‘zingiz va oilangizga tegishli masaladan so‘z ochmang. Mabodo biror suhbatdoshingizning tashqi qiyofasida yoki ust-boshida qandaydir kamchilikni ko‘rsangiz, uni yoningizda o‘tirgan suhbatdoshingizga ko‘rsatib kulishdan saqlaning.
So‘zlaganda so‘zlariningiz hammaga tushunarli, ochiq, ravshan bo‘lsin. Tushunilishi qiyin bo‘lgan iboralarni qo‘llamang. Boshingizni sarak-sarak qilib, allanimalarni pichirlab aytib o‘tirish tarbiyasizlik ekanini unutmang. (93 ta so‘z)
Mukammal tarbiyali inson
Chin, mukammal tarbiyali inson boshqalarga hech bir ozor yetkazmaydi. Takabburlik qilmaydi, hech kimga haqorat ko‘zi bilan qaramaydi. Yolg‘on so‘zlamaydi, rostgo‘y bo‘ladi. O‘zidan kattalarga hurmatli, kichiklarga shafqatli va marhamatli, kular yuzli, shirin so‘zli va xushmuomala bo‘ladi. Va’dasiga vafo qiladi. Omonatga xiyonat qilmaydi. Ig‘vo, g‘iybat, munofiqlikdan o‘zini saqlaydi. Ota-onasining xuzmatini bajo keltiradi. Ularning o‘zidan rozi bo‘lishlarga sa’y-harakat qiladi. Qarindosh-urug‘laridan aloqasini uzmaydi, ularga mehr-u muhabbatli bo‘ladi, qo‘shnilarini ranjitmaydi, ular bilan yaxshi murosada bo‘ladi. Yomon yo‘llardan, yaramas ishlardan, nojo‘ya harakatlardan o‘zini saqlaydi. Mana shularga o‘xshagan go‘zal xislatlar mukammal tarbiyali insonda bo‘ladi.(84 ta so‘z)
Inson va jamiyat
Ulug‘ mutafakkirlar, donishmandlarning hikmatli so‘zlarini mulohaza qilsak, biz faqat o‘z shaxsiy foydamizni ko‘zlash uchungina dunyoga kelmas ekanmiz. Vatan, qarindosh-urug‘, do‘stlar va umuman har qanday odamga ezgulik qilish, foyda yetkazish uchun dunyoga kelar ekanmiz. Baliq suvda yashagani kabi, inson ham kishilik jamiyati ichida yashaydi. Unsonlar orasida ilm, ma’rifat yuksalgan sari har bir odam boshqa bir odamga muhtoj bo‘lganligini sezadi. Masalan, salomatligimizni saqlash uchun shifokorlarning yordami va maslahatiga muhtojmiz. Hatto bir parcha nonimizning qanday vositalar bilan rizq bo‘lib, og‘zimizga kirganini o‘ylab ko‘rsak, odamlarning hammasi bir-birlariga bog‘liq ekanliklarini tushunamiz. Odam har qancha boy, obro‘li, e’tiborli bo‘lsa ham, bari bir, boshqalarga muhtoj bo‘lmasdan iloji yo‘q. (95 ta so‘z)
Do'stlaringiz bilan baham: |