26-MAVZU: “ADABIYOT – TARBIYA VOSITASI” (ALISHER NAVOIY IJODI ASOSIDA). OLMOSH VA UNING USLUBIY XUSUSIYATLARI
Adabiyot – tarbiya vositasi
Asrlar mobaynida badiiy ijod, badiiy adabiyot – milliy ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lib kelgan. Buni o‘zbek she’riyatining gultoji deya e’tirof etilgan Mir Alisher Navoiy davridan to bugungacha o‘tkir qalam sohiblari yaratishgan badiiy ijod mahsullariga payvand milliy qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz rivoji misolida kuzatishimiz mumkin. Sobiq mustabid tuzum davrida milliy qadriyatlarimizga, ma’naviyatimizga, jumladan, milliy adabiyotimizga ham beshafqat tajovuz qilingan edi.
Adabiyotimizning XX asr boshlaridagi asl darg‘alaridan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi o‘nlab yozuvchi shoirlari qatag‘on qurboni bo‘lgani millat qalbidagi bitmas jarohatdir. Ona Vatanimiz mustaqilligi butun jamiyatga qaytadan hayot baxsh etdi! Nomlari, asarlari taqiqlab qo‘yilgan yozuvchi va shoirlarimizning xotirasi e’zozlanib, ularning adabiy merosi qaytadan tiklandi. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan yozuvchilarimiz o‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramasdan, qalb amri bilan o‘z ijodiga sodiq qolib, milliy o‘zligimiz hamda ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va yuksaltirish yo‘lida faol xizmat qilib kelmoqda. Chinakam yozuvchi odamlarning dardu g‘ami bilan yashashi, xalq ichiga kirib borishi, o‘zi uchun ilhomni, yangi mavzularni shu hayotdan, unda bo‘layotgan o‘zgarishlardan olishi kerakligi kunday ravshan. Biroq, bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonning o‘zi o‘rtaga ulkan va dolzarb muammolarni qo‘yayotganini ham aslo unutish mumkin emas. Bunday muammolarni ta’lim va tarbiya, ma’naviyat, madaniy hayotni rivojlantirish orqaligina hal etish mumkinligini chuqur anglaymiz. XXI asrning qanchalik shiddatli ekanini ko‘rib turibmiz. Bugun har qanday axborot, yangilik zumda kurrai zaminga nur kabi taralmoqda. Adabiyot bo‘stonida yaratilgan badiiy asarlar ham internet nashrlari orqali juda tezlik bilan o‘quvchilarga etib bormoqda. Shu asnoda intellectual salohiyat, tafakkur va ma’naviyat asri o‘zining shaklu shamoyilini topmoqda. Shunga monand adabiyot ixlosmandlarining ongu tafakkuri ham o‘zgacha shakllanmoqda. Biz ilgari ko‘rmagan, duch kelmagan ayrim muammolar ham shu asnoda paydo bo‘layotir. Bu — milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan yot g‘oyalar bilan bog‘liq muammolar hisoblanadi.
Aytish o‘rinliki, mafkuraviy tahdidlar ayrim badiiy adabiyotlar orqali ham kirib kelayotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ana shunday murakkab va tahlikali zamonda yozuvchilar ertangi kunimizni o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibatli bo‘lishga da’vat etadigan asarlar yaratishi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugunning yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan axborot va ma’lumotlarni asosan internet orqali olyapti. Shunday ekan, ana shu ta’sirchan zamonaviy axborot vositalari yordamida ham adabiyotimizni keng targ‘ib etish maqsadga muvofiqdir. Shu o‘rinda aytish mumkinki, bugungi kunda milliy internet tarmoqlarimizda qator
veb-saytlar bu borada salmoqli vazifalarni amalga oshirmoqda. Demak, bundan buyon o‘zbek tilidagi internet adabiyotini shakllantirish, shoir va yozuvchilarimizning o‘z veb-saytlariga ega bo‘lishiga erishish nafaqat adabiy jarayonga, kerak bo‘lsa, butun ma’naviy-ma’rifiy hayotimizga kuchli ta’sir o‘tkazishi shubhasizdir. Yoshlarning ongida manaviy bo‘shliq hosil bo‘lmasligini ta’minlash ham bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Dunyoning turli mintaqalarida ziddiyatlar va beqarorlik kuchaygan, ixtiloflar davom etayotgan bir sharoitda biz yoshlarimizni — o‘z farzandlarimizni turli zararli tasirlardan himoya qilishimiz zarurligini yoddan chiqarmasligimiz kerakligini takidlaydi. Ijod ahli esa o‘z iste’dodlari bilan odamlarning ongi va dunyoqarashi, madaniy saviyasini yuksaltirishga qodirdir. Yozuvchilar doimo hayot bilan hamnafas bo‘lishi, o‘z xalqining dardi bilan yashashi, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishi zarur. Zero, milliy adabiyot — ma’naviyat poydevori hisoblanadi. Shunday ekan, chinakam ijod va iste’dod mahsuli bo‘lgan asarlarni keng kitobxonlar ommasiga etkazish davr talabidir. Bu ezgu yo‘lda ijodkorlar, nashriyotlar, bosma nashrlar tahririyatlari qo‘lni qo‘lga berib, barcha mavjud vositalardan unumli foydalanishlari maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |