1.2.Spikmen ta’limoti.
Spikmen jahonga hukmronlik uchun kurash jarayonida Yevropani AQShning iqtisodiy, harbiy, intellektual qo‘shimtasi deb hisoblagan. Uning fikricha, AQSh kuchaygan sari geosiyosiy jarayonlarda Yevropaning roli, Yevropa davlatlarining siyosiy suvereniteti pasaya boradi. Qit'ada hokimiyat asta-sekin butun “atlantika makoni” yo‘lboshchilarini birlashtirgan alohida tuzilma qo‘liga o‘tadi. Bu tuzilmada asosiy rolni AQSh o‘ynaydi. Spikmen, shuningdek, butun sayora miqyosida “anakonda” siyosatini amalga oshirish zarurligi g‘oyasini birinchi bo‘lib ilgari surdi, bu siyosat yordamida Afrika, Osiyoning sohil bo‘yi hududlarini, arab mamlakatlari, Hindiston va Xitoyni nazorat etish va bo‘g‘ish kerakligini asoslashga urindi. Umuman, Spikmen xalqaro munosabatlarda kuch ishlatish tarafdori bo‘lgan. Uning fikricha, jahon geosiyosatida kuch har qanday siyosiy tartibning zaruriy tarkibiy qismidir. Xalqaro ierarxiya dunyosida tashqi siyosatning maqsadi, eng avvalo, davlatning qiyosiy kuch-qudrat pozisiyasini yaxshilashga yoki, hech bo‘lmaganda, saqlab qolishga qaratilmog‘i darkor. Muallifning aytishicha, davlatning kuchipirovard natijada, uning muvaffaqiyatli urush olib borish qobiliyatini tashkil etadi.
O‘rta okean – N.Spikmenning atamasi. Yevropa va Shimoliy Amerika uchun yagona geosiyosiy makon sifatida Atlantika okeanini ko‘rsatadi.“Hartland – Rimland”4 nazariyasi – Amerika nazariyotchisi N.Spikmenning ta'limoti. Spikmen g‘arbdan sharqqa uzangan Yevroosiyo qit'asining “chekka ichki yarimoy” doirasini “Rimland” (inglizcha: rim – o‘lka, chambarak; land – yer) deb atagan. Buyuk Britaniyadan to Yaponiyagacha – Oxota dengizigacha cho‘zilgan, shimoliy va janubiy qit'alar orasida joylashgan ulkan hududni qamragan makonga u jahonning buyuk dengiz yo‘llarini nazorat qilish imkonini beradigan geostrategik mintaqa deb qaragan.
Spikmenning fikricha, jahonga hukmron bo‘lishda Makinder aytgan “Hartland” emas, ayni “Rimland” hal qiluvchi rol' o‘ynaydi. Spikmen Makinderning Hartland nazariyasi va formulasini o‘zinikiga almashtirdi: “Kim Rimlandga hukmron bo‘lsa, o‘sha Yevroosiyoga hukmron bo‘ladi, kim Yevroosiyoga hukmron bo‘lsa, u jahon taqdirini o‘z qo‘lida tutadi”.
XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonda geosiyosiy nazariyalarning rivoji asosan ingliz-amerika geosiyosat maktabi asoschilari Makinder, Mehen, Spaykmen va boshqalar tomonidan ochilgan yo‘ldan bordi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu shunga bog‘liq ediki, Germaniyaning mag‘lubiyati va uning asosiy geosiyosiy maslahatchisi K.Haushoferning fojiali o‘limidan keyin “Uchinchi Reyx” siyosatchilari bilan hamkorlikda ayblangan nemis geosiyosiy maktabining davomchilari g‘olib davlatlar va ularning ilmiy jamoatchiligi tomonidan jiddiy bosimga uchradilar.
AQSh “talassokratiya”5 yo‘li (ya'ni ingliz-sakson “dengiz kuchi” geosiyosiy maktabi) rasmiy geosiyosiy tadqiqotlar markazida bo‘lgan bir chog‘da Yevropa geosiyosati, ayniqsa, uning nemis “tellurokratiya” kontinental' maktabi jiddiy zarba olib, amalda 50-yillarning oxiriga qadar faoliyat ko‘rsatmadi.
Butun jahonda AQShning kuch-qudrati va ulug‘vorligining tan olinishi geosiyosiy munosabatlarning Potsdam bosqichidan boshlandi. 1945 yilda AQSh harbiy, iqtisodiy va moliyaviy jihatdan eng kuchli davlatga aylanib ulgurgan edi. AQSh 1945- 1946 yillarda jahon milliy mahsulotining qariyb 50 foizini ishlab chiqardi. Urushayotgan tomonlarga harbiy texnika, o‘q-dori va harbiy anjomlar yetkazib bergani uchun AQSh deyarli 23 ming tonna oltinni o‘z qo‘liga kiritdi. O‘z mamlakatining faqat G‘arbiy yarim kurradagina emas, balki butun jahonda gegemon rolini o‘ynashga tabiiy va tarixiy huquqi bor deb tasavvur etgan amerikalik geosiyosatchilar alohida amerika geosiyosatini yaratish zaruriyati masalasini o‘rtaga qo‘ydilar. N.Spikmen 1942 yildayoq “Jahon siyosatida Amerika strategiyasi” asarida bu g‘oyani va undan kelib chiqadigan maqsadlarni jiddiy asoslashga urinib ko‘rdi.
Spikmenning izdoshlari XX asr o‘rtalaridan boshlab atlantizm g‘oyalarini rivojlantiribgina qolmadilar, balki bu geosiyosiy konsepsiyani jiddiy tarzda boyitdilar ham. D.Meynig Spikmenning g‘oyalarini muvaffaqiyatli ravishda tahlil etgan va rivojlantirgan yetakchi olimlardan biri bo‘ldi. O‘zining “Evroosiyo tarixida Hartland va Rimland” asarida u qayd etadiki, geosiyosiy mezonlarda aholi va davlatning Quruqlik yoki Dengizga geografik munosabatigina emas, ayni chog‘da ularning funksional madaniy mayli ham hisobga olinishi kerak.
Jahonning geosiyosiy tuzilmasi uning iqtisodiy taraqqiyotiga aloqadorligiga asoslangan bu nazariyada sayorada u yoki bu davlatning iqtisodiy rivoji davrining tanazzuli bilan uning siyosiy gegemonligi ham nihoyasiga yetadi, degan fikr o‘rtaga tashlanadi. Hayotiy manfaatlar zonalari nazariyasi: Yangi davrning asosiy geoiqtisodiy nazariyalaridan biri – “hayotiy manfaat zonasi”6 deb ataladi. Bu nazariya ham jahonning turli mintaqalarida har qanday vositalar bilan AQSh manfaatlarini himoya qilishni asoslash maqsadida amerikalik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan. Bu jihatdan S.Koen, E.Hantington va N.Spikmen asarlarini alohida qayd qilish o‘rinli. Ularda AQShning jahondagi iqtisodiy, siyosiy, harbiy, xavfsizlik manfaatlari zonalar
bo‘yicha guruhlarga ajratilgan va shunga tegishli ravishda ularni himoya qilish choralari taklif etilgan. Mualliflar AQShning bu zonalardagi “hayotiy manfaatlari”ni ta'minlash uchun u yerlarda Amerika harbiy bazalarini joylashtirish kerak, deb hisoblaydilar. Shimol-Janub geosiyosiy nazariyasi: G‘arbning hozirgi har
ikkala geosiyosiy maktabi – atlantchilar va kontinentchilar bu nazariyadan birday keng foydalanmoqda. Bu nazariya tarafdorlari jahonning bu ikki qismini bir-biriga qarshi qo‘yib, ularning tashqi va ichki o‘lchamlarini qiyoslaydilar va shunga
muvofiq tarzda geosiyosiy va geoiqtisodiy nazardan tavsiflaydilar.
Odatda geosiyosiy adabiyotlarda Shimol deganda – tartib- intizom, farovon hayot, davlatmandlik, Sharq deganda – ishsizlik, faqirlik va turli-tuman ixtiloflar tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |