YUNESKO bilan hamkorlik O’zbekistonning BMT homiyligidagi ta’lim, fan va madaniyat bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilot – YUNESKO bilan aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. 1993 yil 29 oktyabrda YUNESKO ning Parijdagi qarorgohida O’zbekistonni YUNESKO ga a’zolikka qabul qilish marosimi bo’ldi. O’sha kuni Ulug’bek tavalludining 600 yilligini nishonlash YUNESKO dasturiga kiritildi. 1994 yil oktyabrida Parijda Ulug’bek haftaligi tantana bilan o’tdi. Xiva va Buxoro YUNESKO ning jahon madaniy qadriyatlar ro’yxatiga kiritildi. Bu ro’yxatda 411 ta ob’ekt bor. 1994 yil dekabrda respublikamizda YUNESKO ishlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi tashkil etildi, u idoralararo organ bo’lib, tarkibiga ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohasidagi vazirliklar va idoralardan 49 kishi a’zo bo’ldi. YUNESKO Markaziy Osiyo taraqqiyotini o’rganish, tiklash va ommalashtirishga katta ahamiyat bermoqda. "Ipak yo’li - muloqot yo’li" deb nomlangan yirik tadqiqotda Markaziy Osiyoga birinchi darajali ahamiyat berildi. 1995 yil iyul oyida YUNESKO qaroriga binoan Samarqandda Markaziy Osiyo tad iqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. YUNESKO Bosh direktorii Federiko Mayorning O’zbekistondagi rasmiy tashrifi chog’ida 1995 yil iyul oyida mazkur institut ochildi. YUNESKO bobomiz Amir Temur tavalludining 660 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashga qaror qildi va 1996 yil oktyabrda Parijda Amir Temurga bag’ishlangan bir haftalik xalqaro anjuman bo’lib o’tdi. Amir Temur tavallud topgan SHahrisabz shahri YUNESKOning madaniy qadriyatlar ro’yxatiga kiritildi. 1997 yilda jahon madaniyatning durdonalaridan hisoblangan Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yillik muborak sanalari Parijda keng nishonlandi, xalqaro anjuman va ko’rgazmalar o’tkazildi. Bu O’zbekiston bilan BMTning nufuzli xalqaro tashkiloti YUNESKO o’rtasidagi hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bo’ldi. 1997 yil 19-20 oktyabr kunlari Vatanimizda Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi munosabati bilan bo’lib o’tgan ulkan tantanalarda BMT, YUNESKO va boshqa ko’plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning elchilari va vakillari, bir qator mehmonlar ishtirok etdilar.
O’zbekiston BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar -Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Xalqaro bolalar jamg’armasi (YUNISEF), Xalqaro pochta ittifoqi, Elektr aloqasi bo’yicha xalqaro ittifoq, Jahon meteorologiya tashkiloti, Xalqaro Olimpiada qo’mitasi, Xalqaro avtomobilchilar ittifoqi va boshqa tashkilotlarning a’zosi, ular bilan hamkorlik qilmoqda. O’zbekistonda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, uning jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuviga xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar - Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki ham ko’maklashmoqdalar. Xalqaro savdo markazi (YUNKTAD), Tariflar va savdo Bosh bitimi (GATT) bilan hamkorlik qilinmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |