O`sish va rivojlanish qonuniyatlari. Odatda har qanday organizmda o‘sish va rivojlanish ma’lum bir qonuniyatlar asosida kechadi.
Bolalarni to'g'ri tarbiyalash uchun ular organizmining o'sishi va rivojlanishi kabi asosiy xususiyatlarini bilish zarur. O'sish va rivojlanish barcha tirik organizmlar kabi odam organizmiga xos xususiyatdir. Organizmning har tomonlama o'sishi va rivojlanishi uning paydo bo'lgan vaqtidan boshlanadi. Bu ikki jarayon murakkab hisoblanib, bir butun va bir-biriga bog'langandir. O'sish tana hujayralarining ko'payishi natijasida tirik organizm o`lchamlarining ortishi, ya’ni bo'yning cho'zilishi, og'irlikning ortishi tushuniladi. Bola ma’lum yoshgacha to'xtovsiz, ammo o'sish davrida ayrim tana qismlarining nomunosib o'sishi (bosh, oyoq, qo'l suyaklari, ko'krak qafasi va qorin bo'shlig'i ichki organlari) turli yoshda har xil jadallikda bo`lishi mumkin, shunga qaramasdan barcha to'qima va hujaylarda ya’ni organlarda o'sish bir vaqtda, qizlarda o'rtacha 18-19 yoshgacha, yigitlarda 19-20 yoshgacha tugallanadi. O'sish va rivojlanish tirik materiyaning umumiy biologik xususiyatlari hisoblanadi, uzluksiz ilgarilovchi jarayon ko'rinishida bo'ladi. U yoki bu fiziologik tizimlarning tuzilishida yoki faoliyatida yoshga oid xususiyatlarning mavjudligi, bola organizmini alohida yoshga oid davrida to'laqonli rivojlanganligini ko'rsatmaydi. Aynan shunday o'ziga xos xususiyatlar majmui u yoki bu yosh davrini tavsiflaydi. Organizm o'sishi va rivojlanishida barcha etaplarni bolalik, o'smirlik, yoshlik, yetuklik davrlarini bosib o'tadi [2.41; 2.54].
O`smirlik davrining maktab yosh davrlari bilan ifodalanishi. Qayd qilish joizki, o`smirlik davri insonni bolalikdan-yoshlikka o`tuvchi va o`z navbatida boshqa davrlardan o'zining nisbatan keskinroq, murakkabroq kechishi bilan farqlanib turuvchi davrdir. Bu davr taxminan bolalarning 5-8-sinflarda o`qish paytlariga to`g`ri keladi va 11-12 yoshdan 14-15 yoshgacha bo`lgan davr oralig`ida kechadi. Ayrim bolalarda bu davr 1-2 yil ertaroq yoki kechroq kuzatilishi ham mumkin. Shuningdek, o`smirlik davri maktab yosh davrlarining o`rta va yuqori yoki o`spirinlik yosh davri bilan belgilanadi. Bu davrlarda o`smir organizmida umumiy morfofunksional o`zgarishlar sodir bo`ladi.
Adabiyotlarda keltirilishicha, o`rta maktab yosh davri 12 yoshdan to 15 yoshgacha davom etadi. Bu davr jadal o'sish va tana vaznining ortishi bilan tavsiflanadi. Tana proporsiyalari sekin-asta voyaga yetgan inson ko'rsatkichlariga yaqinlashadi. Jinsiy voyaga yetish (o'g'il bolada 13-14, qiz bolada 11-12 yosh) va jinsiy bezlar gormonlarining ta’sirini ortishi ostida qalqonsimon bezning funksiyalari kuchayadi, timus qayta rivojlanishga (involyutsiyaga) uchraydi. Bosh miya katta yarim sharlarining qobig'i “organizmning barcha funksiyalarini bosh boshqaruvchisi va taqsimlovchisi” sifatida faoliyat ko'rsatadi. Qo'zg'alish va tormozlanish jarayonlari muvozanatlasha boradi, farqlash va umumlashtirish funksiyalari, ayniqsa, ikkinchi signal tizimining rivojlanishi tufayli murakkablashadi [2.41; 2.60].
Yuqori maktab yoki o`spirinlik yosh davri qiz bolada 13 yoshdan to 18 yoshgacha, o'g'il bolada 15-16 yoshdan to 19-20 yoshgacha davom etadi. Ushbu davr jinsiy bezlar funksiyasining kuchayishi, ikkilamchi jinsiy yakunlanishi bilan tavsiflanadi. Boshqa ichki sekretsiya bezlarining, ayniqsa, gipofiz va qalqonsimon bezning funksiyalari ham kuchayadi. Barcha a’zolar va tizimlar funksiyasi, uzluksiz rivojlanish oqibatida, sezilarli darajada takomillashadi. Iqlim va iqtisodiy sharoitga qarab qizlarda jinsiy yetilish taxminan 12-14 yoshdan boshlanib, 16-18 yoshlarda tugaydi, o'g'il bollalarda 13- 15 yoshdan boshlanib, 18-20 yoshlargacha davom etadi. O'smirning vazni ortadi, bir yilda taxminan 3-5 kg. O'smirlar uchun tez o'sish, gavda proporsiyasining buzilishi xarakterli.
Ularning bo'yi bir yilda taxminan 10 sm o'sadi, o'gil bolalarga qaraganda qizlarning zo'r berib o'sishi ertaroq boshlanadi. O'smirlarda gavda, to'qima va azolarning barcha qismlari tez o'sadi va rivojlanadi, ularning uzunlashishi yaqqol seziladi. O'g'il bolalarning tanasi, qo'l, oyoq va chanoq ko'ndalangiga biroz o'sgach cho'ziladi. Yuz o'zgaradi, ko'krak qafasi shakli kattalarnikiga o'xshab qoladi. Gavdaning ayrim qismlarini notekis o'sishi harakatlar uyg'unligining vaqtincha buzilishiga olib keladi. 15-16 yoshdan so'ng bu hodisalar sekin-asta o'tib ketadi. Bu davrda o'smirlarning partada to'g`ri o'tirishiga ahamiyat berish kerak, chunki gavdasini noto'g'ri tutib o'tirish, umurtqa pog'onasi qiyshayib qolishiga olib keladi. Chin tovush boylamlari hayotning birinchi yilida va 14-15 yoshda ayniqsa tez o'sadi. 12 yoshdan boshlab tovush boylamlari o'g'il bolalarda qizlarga nisbatan uzun bo'ladi, o'g'il bolalarning ovozi do'rillashi shu bilan izohlanadi. Ayrimlarida to'satdan qisqa muddat bosh aylanishi, xushdan ketish (ko'pincha qizlarda), me’da ichak yo'llarining har xil bo'limlarida qisilish holati kuzatiladi. Uzoq vaqt tik turganda, qimirlamay o'tirganda bosh aylanishi, yurak va qorin sohalarida noxush sezgi paydo bo'ladi. Majburan uzoq vaqt tik turganda ayrim o'smirlar xushidan ketishi va qusishi mumkin. Ularning rangi oqaradi, qo'l barmoqlari muzdek bo'lib qoladi, bazan ko'kimtir rangga kirishi ham mumkin. Bu hodisalaring barchasi yotgandan so'ng o'tib ketadi. Bunday o'smirlarda juda ko'p terlash, qizil dermograflzm (teriga timoq bilan chizganda qizil yo'l qoladi), kayfiyatining darrov o'zgarishi kuzatiladi. Bunday hodisalarga shu yoshga xos vegetativ asab tizimi va endokrin tizimning beqarorligi, ruhiy va jismoniy zo'riqish sabab bo'ladi. [2.41; 2.60].
Ma’lumki, yosh ortib borishi bilan brcha a’zolarda o‘sish va rivojlanish yuz beradi. Shu bilan bir qatorda jismoniy rivojlanish ko‘rsatkichlarining ortib borishi ham kuzatiladi. Ayniqsa, maktab yoshidagi bolalarda bu farqlar yaqqol sezila boshlaydi. Quyida organizmdagi ana shu o‘zgarishlarni har bir tizim misolida ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |