Hozirgi kunga kelib bolalar xor ijrochiligining yangi-yangi shakllari yuzaga kelmoqdaki, bulardan eng asosiylari quyidagilaridir: - Musiqa darslaridagi sinf-xor jamoasi. (Bular o’z o’rnida maktab madaniy tadbirlarida, sinf-konsert chiqishlarida o’zlarini namoyish qilishadi).
- Maktabda tashkil qilinadigan bolalar xor to’garaklari.
- Bolalar ijodiyot markazlarida tashkil etiladigan xorlar.
- Bolalar xor studiyalari.
- Bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etiladigan xor jamoalari.
- Madaniyat muassasalari qoshiqa tashkil etiladigan badiiy havaskorlik xor jamoalari.
3 - Umumta’lim maktablarida xor to‘garagini tashkil etish uchun, eng avvalo, maktab ma’muriyati ya’ni maktab direktori va uning ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bilan maslahatlashib kelishib olinadi, kerakli imkoniyatlar yaratiladi,xona ajratiladi. Shundan so‘ng e’lon orqali xor to‘garagiga o‘quvchilar qabul qilinadi. Qabul qilingan o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, ularga xor san’atining qisqacha tarixi, xor to‘garagining ahamiyati va kelajakdagi rejalari haqida o‘quvchilarga qiziqarli qilib gapirib beriladi. To‘garak mashg‘uloti o‘tiladigan xona esa estetik did bilan jihozlangan bo‘lib, unda royal yoki pianino, nota chiziqlari chizilgan doska, yetarlicha stol va stullar, xona devorlarida musiqaga oid tasviriy sur’atlar, bastakor va kompazitorlarning rasmlari tartib bilan osig‘liq bo‘lishi kerak.
- Xor to‘garagiga qabul qilingan o‘quvchilar ovozi dastlabki dars davomida birmabir eshitilib ko‘riladi va ularning musiqaviy qobiliyati aniqlanib o‘rganish uchun xor asarlari tanlanadi.
- Xor to‘garagidagi o‘quvchilar yoshiga qarab bir necha guruhga bo‘linadi va ular uchun alohida xor asarlari tanlanadi, ya’ni kichik guruhlar uchun osonroq katta guruhlar uchun esa murakkabroq asarlar tinglanib o‘rgatilib boriladi.
- Asarlarni o‘rgatishdan oldin 10-15-minut o‘quvchilarning ovoz yo‘llarini qizitish, eshitish qobiliyatini tiklash, ular ovozini to‘g‘ri rivojlantirish uchun har xil mashqlar, gammalar, arpedjiolar, tanish qo‘shiqlardan parchalar kuylatish maqsadga muvofiqdir. Bu ish har bir mashg‘ulot kuni bajariladi. Shuningdek, kuylash jarayonidatovush talaffuzlariga e’tibor berish qoidalarini ham esdan chiqarmaslik kerak. Shu bilan bir qatorda yangi musiqa asarini o‘rgatish jarayonida musiqa savodiga oid ma’lumotlar, jumladan, notalar va ularning bo‘linishi, nota chiziqlari, ularda notalarning joylashish tartibi, nomi, kalit belgilari va ularning vazifalari, alteratsiya belgilari, pauzalar, o‘lchovlar kabi bilimlar muntazam ravishda o‘rgatilib boriladi. Bundan musiqa adabiyotiga oid bilimlar berib borish ham mustasno emas.
- Mashg‘ulot davomida to‘garak a’zolarining turib yoki o‘tirib qo‘shiqni kuylaganda gavdani to‘g‘ri tutishlari, yelkalarini erkin, oyoqlarini esa yerga mustahkam bosib turishlari ovozni to‘g‘ri chiqarishda hamda xor asarining mukammal ijrosi uchun zamin yaratiladi.
- To‘garak a’zolariga xor asarlarini o‘rgatish uchun tanlanadigan mashqlarni to‘garak rahbarining o‘zi tuzishi mumkin yoki tadrijiy qo‘llanmalarda berilgan mashqlardan hamda xor uchun yozilgan asarlardan parchalar olib foydalanishi ham mumkin. Tayyorgarlik ishlaridan so‘ng qo‘shiqlar o‘rgatishga kirishiladi. To‘garak rahbari o‘rgatilayotgan har bir asar to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermog‘i kerak. Jumladan, asarning mualliflari, mazmuni, ritmik tuzilishi, tempi (sur’ati), tarbiyaviy va ta’limiy tomonlari to‘grisida o‘z fikrlarini sodda, ravon, bolalar tushunadigan so‘zlar bilan tushuntirmog‘i kerak, chunki o‘quvchilarga birinchi mashg‘ulotdayoq asarning yoqib tushishi, ularning tez o‘rganishlarini osonlashtiradi va ish samaradorligini oshiradi. Qo‘shiq o‘quvchilarga har tomonlama tushuntirilgandan so‘ng qo‘shiqning so‘zlari va ohangi o‘quvchilarga kichik guruhlarga bo‘lingan holda o‘rgatila boshlanadi. Agar qo‘shiq ikki ovozli bo‘lsa har bir ovozi alohida–alohida guruhlarga bo‘lingan holda o‘rgatiladi. Guruhlarda o‘rgatilgan ovozlar partiyasi ikkinchi guruh bilan almashtiriladi. Shu tariqa asar mukammal o‘rganilib, guruhlar birgalikda ijro etilganlarida ovozlar sof ansamblga erishadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |