tushunib olishi, xulq-atvoridagi qiyinchiliklarni tug‘diradigan sabablarini bilishi hamda shunga muvofiq
bo‘lgan to‘g‘ri individual yo‘l tutishi muhimdir. Bu hollarda shunday o‘quvchi bilan chinakam chuqur
emotsional aloqa bog‘lash, uni maroqli ishlar va bolalar jamoasining manfaatlari dunyosiga jalb etish
g‘oyat katta ahamiyatga egadir. Pedagog o‘quvchining imkoniyatlariga ko‘proq ishonch bilan qarashi, u
bilan olib boriladigan ishni uning shaxsiyatidagi ijobiy fazilatlarga tayanib olib borishi zarur.
Bunday bolalarni tarbiyalashda o‘qituvchi oila bilan ish olib borishi juda katta ahamiyatga egadir.
Oilaga bolaning xususiyatlarini va uning xulq-atvoridagi qiyinchiliklarni tug‘dirgan sabablarini
tushuntirishi zarur. Bunda shu narsani esda tutish kerakki, bunday bolalar bilan ishlashda quruq
nasihatgo‘ylik, o‘git berish, bola xususida ota-onalariga shikoyat qilish zararlidir. Intizombuzarlarga
qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ko‘pincha behuda kurash olib borishga qaraganda bunday bolaga nisbatan
invidual yo‘l tutishning to‘g‘ri ta’lim-tarbiyaviy metodlarini o‘rganish, anglab olish va topish ancha
samaraliroqdir. Xulq-atvordagi qiyinchiliklar yomon jismoniy holatga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin,
bunda bolalar serjahl, darhol qizishib ketadigan, jonsarak, yig‘loqi, jizzaki, ba’zan urushqoq bo‘ladi.
Bunday hollarda pedagog qiyinchiliklarning mohiyatini o‘z vaqtida anglab olishi, ularni analiz qilishi,
bolani tibbiyot tekshirishiga yuborishi zarur, chunki jismoniy zaiflik tuberkulyoz intoksikasiyasi, gijja,
ichki organlar (jigar, yurak va hokazo) kasalliklardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Ayrim vaqtlarda
xulq-atvordaga o‘zgarishlar ancha ilgari ro‘y bergan dardlarning miyaning lat еyishi, revmatizm
infeksiyasining oqibati yoki markaziy nerv sistemasining kasallanganidan keyingi salqitlar natijasida
bo‘lishi mumkin.
Bolani ambulatoriyada davolash, maktabda va uyda еngil rejim o‘rnatish, mehnat bilan dam
olishni to‘g‘ri navbatlashtirib turish, uyquni yaxshi yo‘lga qo‘yish, muntazam ovqatlarnishini ta’minlash
ana shu tadbirlar jumlasiga kiradi. Zarur bo‘lganda bolani maxsus maktablarga, bolalar nerv
sanatoriyasiga va boshqa davolash muassasalariga yuborish mumkin.
Yuqorida aytilgan hamma fikrlardan shu narsa ma’lum bo‘lib turibdiki, bolalar xulq-atvorining
buzilishi va xarakterining o‘zgarishi ko‘pgina va g‘oyat xilma-xil sabablarga bog‘liq bo‘ladi. Ba’zi
hollarda bu buzilish va o‘zgarishlar tamomila tarbiya sharoitlari bilan belgilanadi, boshqa hollarda – og‘ir
kechinmalar, shu jumladan yuqorida aytib o‘tilganidek, konfliktli kechinmalar oqibatida bo‘ladi va
nihoyat uchinchi hollarda – bolalarning jismoniy holatiga bog‘liq bo‘ladi. Xulq-atvorning o‘zgarish
xarakteri, bu o‘zgarishning ifodalanish darajasi, shubhasiz ko‘p jihatdan tarbiya sharoitiga bog‘liqdir.
Yaxshi sharoitlarda xulq-atvor va xarakterning buzilishi keskinligi kamayib boradi hamda bolaning holati
tamomila yaxshilanib ketishi mumkin. Yomon sharoitlarda, aksincha xarakter va xulq-atvordagi
o‘zgarishlar chuqurlashadi va tobora ko‘proq patologik tus oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: