Didaktik tizim (yunoncha “sistema” – yaxlit qismlardan tashkil topgan, birlashtirish) ma’lum mezonlar asosida ta’lim jarayonining yaxlit holatini belgilash, ajratib ko‘rsatishdir.
Didaktik tizimda pedagogik jarayon ta’limning maqsadi, tamoyillari, mazmuni, shakli, metod va vositalarining birligi asosida tashkil etilgan tuzilmalarning ichki yaxlitligini ifodalaydi.
Ta’lim jarayoni yaxlit tizim sifatida quyidagicha namoyon bo‘ladi:
(1 – jadval).
Didaktikada pedagogik jarayon faoliyat sifatida tushuniladi va shuning uchun unda quyidagilar ko‘rib chiqiladi:
boshlang‘ich vaziyat (holat) tahlili;
ishni rejalashtirish, maqsad-mazmuni va maqsadga erishishni ta’minlaydigan vositalarini tanlash – o‘quv materialidan parcha ajratish va uni turli yo‘llar bilan qabul qilish;
o‘quvchi yoki talabalarning bajarishi, o‘qituvchi va o‘quvchi talabalarning hamkorligi, ishni birgalikda tashkil etishi;
material mazmunini o‘zlashtirish va o‘zini-o‘zi nazorat qilish bo‘yicha qilinadigan ishni kuzatib borish va tahlil qilish;
tahlil va o‘zini-o‘zi tahlil qilish, ta’lim natijalarini baholash kabilar.
Pedagogik jarayonda o‘qituvchi va o‘quvchi yoki talabaning o‘zaro faoliyati, belgilangan maqsad, mazmun va dastur o‘qituvchining faoliyati orqali amalga oshiriladi. O‘qishni boshqarish kutilgan natijani hosil qiladi. O‘qish – o‘qituvchining faoliyati. O‘quvchi yoki talaba o‘qituvchining yordamida ta’lim vazifalarini bajaradi, insoniyatning ijtimoiy – tarixiy tajribalarini o‘zlashtiradi. Barcha turdagi faoliyat uch qismdan tashkil topadi:
mo‘ljallash – asoslash;
muloqot – bajarish;
fikrlash – baholash;
Shunga ko‘ra, o‘quvchi yoki talaba faoliyati shu uch qismdan tashkil topadi. Ta’limning muhim vazifasi – o‘quvchi talabalar faoliyatidagi bu uch qismning birlikda bo‘lishiga va rivojlanishiga e’tibor berishdir. Pedagogik jarayonda shaxsning rivojlanish qonuniyati mavjud.
Rivojlanish – shaxsning fiziologik hamda intellektual
o‘sishida namoyon bo‘ladigan miqdor va sifat o‘zgarishlar
mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon.
Ta’lim va rivojlanish muammosiga doir qator nazariyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan biri P.Ya.Galperinning “Aqliy xatti-harakatlar, bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni bosqichma – bosqich rivojlantirish nazariyasi” sanaladi.
P.Ya.Galperin nazariyasi bo‘yicha shaxs rivojlanishining muhim ko‘rinishi – bilimlarni o‘zlashtirish jarayoni olti bosqichda kechadi:
1. Motivatsiya.
2. Tushuntirish.
3.Amaliy xatti-harakatlarni bajarish.
4. Baland ovozda bayon etib xatti-harakatlar va vazifalarni bajarish.
5. Xatti-harakatlarni ovoz chiqarmay bajarish.
6. Faoliyatni fikran bajarish.
Nazariyaga ko‘ra bilimlarni o‘zlashtirishda quyidagi holatlar kuzatiladi:
1) xatti-harakatlarni o‘zlashtirish xatolar bilan kechadi (o‘quvchi o‘quv materiali mazmuni yetarlicha anglamaydi, ta’limning asl mohiyatini tushunib yetmaydi);
2) materialni nisbatan to‘la tushunadi (bu holat material bilan bog‘liq tushunchalarni ajratilishi bilan tavsiflanadi);
3) xatti-harakatlar tez, samarador va bexato o‘zlashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |