3. O‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati va ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi o‘rni
Mahalla Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish masalalari fuqarolik jamiyatini shakllantirishning ajralmas qismidir. Vatanimiz tarixi guvohlik beradiki, O‘zbek jamiyatida jamoa bo‘lib yashashning sinalgan shakli mahalladir.
„Mahalla“ so‘zi arabcha „Mahallun“ so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, aholi yashaydigan joy, guzar, uy-joy mavzelari degan ma’noni anglatadi.
Mahalla shaharlar ichidagi kichik hududiy birlik bo‘lib, o‘tmishdan meros bo‘lib kelmoqda. Ma’lum bir mahallada istiqomat qiluvchi odamlar faqat qo‘ni-qo‘shnichilik rishtalari bilangina emas, balki ichki tartib-qoida, ma’naviy-axloqiy normalar, urf-odatlar, an’analar, umumiy manfaatlar va majburiyatlar bilan ham bog‘liqdir.
Agar Evropa mamlakatlaridagi shaharlarda odamlar ijtimoiy kelib chiqishiga qarab „aslzodalar kvartali“, „kambag‘allar kvartali“ va hokazolarga bo‘linib yashasa, bizning Vatanimizdagi mahallalarda aholining turli ijtimoiy tabaqalari yonma-yon yashab kelmoqda. Mahalla hayotining jamoa bo‘lib yashash tarzi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan o‘zini o‘zi boshqarish tizimini keltirib chiqardi.
Mahallaga uning hududida yashaydigan aholi tomonidan saylab qo‘yiladigan oqsoqol boshchilik qilgan. El ishonchiga sazovor bo‘lgan oqsoqol katta-yu kichikning boshini qovushtirib, mahalladoshlarning og‘irini engillash¬tirish ishlari bilan shug‘ullanardi.
Mahalla oqsoqoli, uning maslahatchilari mahalladoshlarining to‘ylari, ma’rakalari, rasm-rusumlarining boshida turar, ularni kerakli ro‘zg‘or ashyolari–idish-tovoq, samovar-choynak, stol-stul, ko‘rpacha-yu dasturxon bilan ta’minlardi.
SHuningdek, oilaviy nizolarni bartaraf qilish, bir-biri bilan kelisholmay qolgan kelin va qaynonaning orasiga tushish, qo‘ni-qo‘shni o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga hakamlik qilish, beboshroq yoshlarni tartibga chaqirish singari vazifalarni ham bajarardi.
Xalqimizning turmush tarzi, ruhiy-ma’naviy ehtiyojidan kelib chiqqan bunday jamoatchilik boshqaruvi - mahalla qo‘mitalari davlat ishlariga aralashmasa-da, sovet tuzumi „mahalla“ so‘zini mahalliychilik o‘zagi deb bilar, faoliyatini cheklashga urinardi.
Biroq aholining noroziligiga sababchi bo‘lmaslik uchun mahallalarni taqiqlay olmadi, lekin uni jamiyatni boshqarish tizimiga kiritmadi.
Mahalla qo‘mitalari o‘zining hayotchanligi tufayli mazkur davrda ham o‘zini saqlab qololdi.
Toshkent shahrida va respublikaning boshqa yirik shaharlarida o‘nlab, yuzlab mahalla qo‘mitalari faoliyat yuritardi. Ular aholiga yashash joyi, oila tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnomalar ham berardi. Mahalla oqsoqoliga davlat tomonidan maosh ham berilmasdi.
SHuni ham ta’kidlash joizki, yirik shaharlarda qad ko‘targan ko‘p qavatli binolar, gavjum bo‘lgan turar joy mavzelari, kvartallari mahalla maqomiga ega emasdi, ularda mahalla qo‘mitalari ham tuzilmasdi.
Nihoyat mustaqillik sharofati bilan 1992 yil boshlaridan boshlab bunday mavze (kvartal)larga ham mahalla maqomi berilib, ularning har biriga joylashgan hududining tarixiy atalishiga mos keladigan nomlar qo‘yildi.
YAngi mahallalarda fuqarolar yig‘ini o‘tkazilib, mahalla oqsoqoli va mas’ul kotiblar saylandi.
Sobiq Ittifoq davrida O‘zbekiston qishloq va posyolka (shaharcha)larida vakillik boshqaruv organlari tuzilgan bo‘lib, ular qishloq sovetlari yoki posyolka sovetlari deb atalardi va faoliyat yuritardi. Mazkur sovetlar mustaqil hokimiyat organi bo‘lmay, xalq deputatlari tuman yoki shahar kengashlari, ularning ijroiya qo‘mitalariga bo‘ysunar edi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgach, mahallaga munosabat tubdan o‘zgardi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi tubdan isloh qilindi. Bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimini davlat hokimiyati tizimidan ajratish tomon yo‘l tutildi.
Biz fuqarolik jamiyatini qurishga intilmoqdamiz. Buning ma’nosi shuki, davlatchiligimiz rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirish demakdir. (Islom Karimov. O‘zbekistonning siyosiy - ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari. Asarlar, 4- jild, 11- bet.)
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o‘zini o‘zi boshqarish organlarini shakllantirishning huquqiy asoslari o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 105- moddasida „SHaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqaro-larning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi“, deb belgilab qo‘yildi.
1993- yil 2- sentabrda „Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida“ O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Unga binoan, qishloq, posyolka (shaharcha)larda davlat hokimiyati vakillik organlari – qishloq, posyolka sovetlari tuzilmaydigan bo‘ldi, ularning o‘rniga o‘zini o‘zi boshqarish organlari - mahalla qo‘mitalari tuzildi.
SHunday qilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy hokimiyat tizimidan ajratildi. Biroq ular bir-biridan mutlaqo ajratilgan holda faoliyat ko‘rsatmaydi, ularning bog‘liq tomonlari mavjud. Ular o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonunda belgilab qo‘yilgan. Har ikkalasi ham mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qiladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishga ko‘maklashadi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yo‘naltirib turadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini shakllantirishga davlat homiylik qilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining Respublika „Mahalla“ xayriya jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida 1992 yil 12 sentabrdagi hamda „Mahalla“ xayriya jamg‘armasiga mablag‘ ajratish to‘g‘risida 1992 yil 8 oktyabrdagi Farmonlari katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Davlat homiyligida Respublika „Mahalla“ jamg‘armasi, viloyat, shahar, tuman „Mahalla“ jamg‘armalari tashkil etildi. Mahallalar faoliyatini yurituvchi „Mahalla“ gazetasi (1994 yil) ta’sis etildi.
Viloyat, tuman, shahar hokimliklari tomonidan mahallalar rolini oshirish, ular faoliyatini takomillashtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tegishli binolar ajratildi, ularni jihozlashga ko‘maklashdi. Mahalla oqsoqoli va kotiblariga oylik ish haqi belgilandi. Bu maqsadlar uchun hokimiyatlar mahalliy budjetdan zarur mablag‘lar ajratdilar.
1994 yilgi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, butun respublika hududida 12 mingdan ortiq mahalla shakllantirildi. 1994 yilda barcha mahallalarda fuqarolar yig‘ini bo‘lib, mahalla oqsoqollari va mas’ul kotiblar saylandilar. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari, vazifalari O‘zbekiston Respublikasining „Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida“ gi Qonunda aniq belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vazifalari:
• fuqarolarga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda qatnashish huquqini amalga oshirishda ko‘maklashish;
• o‘z hududlarida ijtimoiy va xo‘jalik vazifalarini hal qilish, ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazish;
• davlat hokimiyati organlariga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident va hukumat hujjatlarini, xalq deputatlari kengashlari va hokimliklarning qarorlarini bajarishda yordamlashish maqsadida fuqarolarni birlashtirish.
Fuqarolar yig‘ini kollegial organ bo‘lib, uni rais (oqsoqol) tegishli xalq deputatlari Kengashi yoki hokim bilan kelishgan holda, zaruratga qarab chaqiradi. Fuqarolar yig‘ini, barcha aholini yig‘ishning iloji bo‘lmagan hollarda, belgilangan vakillik me’yorlari asosida o‘tkaziladi.
Rais (oqsoqol), uning maslahatchilari fuqarolar yig‘inida saylanadi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqol) doimiy ishlovchi bo‘g‘in. Rais o‘z mahkamasiga ega bo‘lib, uning miqdori rais o‘z vazifasini bajarishga imkoniyat yaratadigan darajada tuziladi.
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini takomillashtirish, zarur holatlarda yiriklashtirish tadbirlari ko‘rilmoqda. Agar 1994 yilda 12 mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari shakllantirilgan bo‘lsa, ularning soni 2001 yilda 7847 tani tashkil etdi.
1999 yil 14 aprelda qabul qilingan „Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘¬risida“gi yangi tahrirdagi Qonunda ularning vakolatlari va huquqi kengaytirildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘iniga: aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan qarorlar qabul qilish; qonun hujjatlarining, shuningdek, o‘z qarorlarining ijro etilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish yuzasidan o‘z hududida joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish huquqlari berildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlaraholining ijtimoiy faolligi, siyosiy ongi tobora yuksalib borayotganligidan guvohlik beradi. 1
1998 yil noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tgan saylovlar bilan bog‘liq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida 8,4 mln kishi yoki respublikadagi katta yoshdagi aholining 70 foizi ishtirok etdi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga 7574 nafar rais va 71034 nafar maslahatchi saylandi. O‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlarining ma’lumot darajasi ham oshib bormoqda. 1998 yilda saylangan rais (oqsoqol)larning 65,5 foizi oliy ma’lumotli mutaxassislar ekanligi buning guvohidir. 2001 yil iyun-iyul oylarida Samarqand viloyatidagi 1042 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga bo‘lgan saylovlarga 1 mln 120 mingdan ortiq fuqaro vakillari ishtirok etdi. 1042 nafar rais (oqsoqol) saylandi, ularning 68 nafari xotin-qizlardir.
2001 yilda respublikamizda 6289 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 108 ta shaharcha, 1320 ta qishloq va 131 ta ovul fuqarolar yig‘ini, ular tomonidan saylangan o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat ko‘rsatdi. Ular qonunchilikni ta’minlash, Prezident farmonlarini, hukumatning, hokimiyat vakillik organlari va hokimlarning qarorlarini ijro etish borasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ko‘maklashdi. Hududlarni obodonlashtirish, kichik korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish, tomorqa uchastkalaridan samarali foydalanish masalalarini hal qilish o‘zini o‘zi boshqarish organlarining diqqat markazida turibdi.
Bu organlar barqarorlikni saqlab turish, diniy mutaassiblik kayfiyatidagi ko‘rinishlarning oldini olish, „o‘zingni, o‘z oilangni o‘zing asra“ shiori ostida odamlarni ogohlikka chaqirish, mahalla posbonlarini shakllantirish va ularning faoliyatini yo‘naltirish, oilaviy tantanalar va marosimlarni o‘tkazishda dabdababozlik va manmanlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlari bilan shug‘ullandi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari O‘zbekiston Prezidentining 1999 yil 13 yanvarda chiqqan „Aholini aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy madad bilan ta’minlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshirish to‘g‘risida“ gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi „Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002–2003 yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“ gi Qarori talablarini amalga oshirmoqdalar. Kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, ko‘p bolali muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlash bo‘yicha ajratilgan mablag‘lardan o‘z o‘rnida samarali foydalanishni ta’minladilar.
Faqat 2000 yilning o‘zida aholining kam ta’minlangan qismiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali 54,2 mlrd so‘m miqdorida nafaqa, ko‘mak va boshqa turdagi yordamlar berildi.
O‘zini o‘zi boshqarish organlari tarbiyaga oid masalalar yuzasidan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, voyaga etmagan yoshlar bilan ishlash, ularning huquqlarini himoya qilish, qariyalarga shafelik qilish, aholini ish bilan ta’minlash kabi ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqdalar.
Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 2003 yil „Obod mahalla yili“ deb e’lon qilindi va „Obod mahalla yili“ dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzildi. Mazkur komissiya yil davomida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan tadbirlarning dasturini ishlab chiqdi.
2003 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Obod mahalla yili“ dasturi to‘g‘risida Qarori e’lon qilindi. Mazkur dastur quyidagi muhim maqsad va vazifalarni hayotda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan:
• mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotidagi roli va maqomini mustahkamlash;
• mahalla faoliyatining amaldagi me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, uning vakolatlarini kengaytirish va fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi mas’uliyatini oshirish;
• mahalla faoliyatining moddiy bazasini mustahkamlash, mahalla hududida tadbirkorlikni, xizmatlar ko‘rsatish va savdo sohalarini rivojlantirish, shular hisobiga yangi ish o‘rinlari barpo etish;
• mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, uning hududlarini obodonlashtirish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish;
• mahalla tomonidan kam ta’minlangan oilalarga aniq yo‘nalishli moddiy yordamni va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish;
• keksa avlodga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish;
• mahalla aholisiga tibbiy va sanatoriy-kurort xizmati ko‘rsatilishini yaxshilash, bolalar sportini rivojlantirish;
• mahallaning aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, ijtimoiy adolat, o‘zaro mehr-oqibat va ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan bog‘liq milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng targ‘ib qilish, ularni asrab-avaylash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish.
„Obod mahalla yili“ dasturi bajarilishini ta’minlash maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini rivoj¬lantirish bo‘yicha maxsus jamg‘armalar tashkil etildi. Mahallalarda kichik va o‘rta biznes, shuningdek, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shular hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi tarmoqlar qurish, uy-joy fondini va yo‘llarni ta’mirlash, mahal¬lalarni obodonlashtirish, zamonaviy mahalla guzarlarini va bolalar sport inshootlarini barpo etish borasidagi ishlar hajmi aniq belgilandi.
„Obod mahalla yili“ dasturini to‘la amalga oshirish uchun davlat budjeti, budjetdan tashqari jamg‘armalar, nodavlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar grantlari va kredit mablag‘lari hisobiga 375,9 milliard so‘m jalb etilishi nazarda tutilgan. Mahallalarimizni yanada obod qilish maqsadida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 1,7 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ sarflanib 310 ta mahalla guzari bunyod qilindi. Ming kilometrlik suv tarmog‘i va 1 ming 322 kilometrlik gaz tarmog‘i ishga tushirildi.
Mahallalarda 36,2 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari hisobiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari tashkil etilib, qariyb 155 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 1,2 mlrd so‘mlik xayriya yordami berildi.
2010- yilda fuqarolar yig‘inlari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari — mahallalar soni 10 mingdan ortiqni tashkil etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |