9-mavzu: XX asrning ikkinchi yarmi XXI asr boshlarida Hindiston Reja: Hindiston Respublikasining tashkil topishi;
Iqtisodiy va siyosiy taraqqiyoti;
Taraqqiyot yo'lidagi ijtimoiy-siyosiy muammolar
Hindistonning tashqi siyosati.
Hindiston – O`zbekiston munosabatlari
Hindiston Respublikasining tashkil topishi Ikkinchi jahon urushidan so'ng Hindiston xalqi-ning milliy-ozodlik kurashi yanada kuchaydi. Bu harakatga, hatto, Buyuk Britaniya armiyasida xizmat qilayotgan hindistonlik soldat va matroslar ham qo'shilishdi. 1946-yilning fevralida Bombey harbiy-dengiz bazasi matroslarining bosh ko'tarishini deyarli butun Hindiston qo'llab-quvvatladi. Shunday sharoitda Buyuk Britaniya hukumati Hindistonga mustaqillik berilishini e'lon qilishga majbur bo'ldi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri K. Ettli 1947-yil 20-fevralda Hindiston haqida yangi deklaratsiya bilan chiqdi va hokimiyatni «hindlar qo'liga» topshirishini bayon qildi.
1947-yilning 15-avgustida Hindiston mustaqilligi to'g'risida qonun qabul qilindi. Bunga ko'ra, Buyuk Britaniya hukmron doiralari Hindistonni ikki dominionga (Hindiston Ittifoqi va Pokistonga) bo'lib yubordi. Shu tariqa Buyuk Britaniya yana bir marta o'zining « Bo'lib tashla, hukmronlik qil!» shioriga sodiqligini namoyon qildi. Bu bo'linishni eng nozik belgi — diniy belgi asosida amalga oshirdi.
Hindiston Ittifoqi hududida aholining katta qismi (musulmonlar ham kam emas edi) hinduiylik diniga e'tiqod qilishardi. Pokiston aholisining katta qismi esa (hinduiylik diniga e'tiqod qiluvchilar ham kam emasdi) islom diniga e'tiqod qilardi.
Bir davlatning ikkiga bo'linishi jarayo-ni katta diniy to'qnashuvlar, qirg'inlar sharoitida amalga oshirildi. Ikki tomondan qochoqlar soni 8 mln dan ortiqni tashkil etdi. Ayniqsa, Kashmir viloyatining Hin-distonda qoldirilishi (bu viloyat aholisi asosan musulmonlardan iborat edi) Hindiston va Pokiston o'rtasida urush harakatlarini keltirib chiqardi. 1947-yil kuzida Pokiston qo'shinlari Kashmirga kirdi. Hindiston armiyasi bilan janglar bo'ldi.
M. K. Gandi bu diniy to'qnashuvga qarshi chiqdi. Hindistonda musulmonlarning hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratishni talab qildi. Bunga shovinist hind burjuaziyasi qarshi chiqdi. 1948-yil 30-yanvarda 70 yoshli M. K. Gandi o'ldirildi. 1949-yilning 1-yanvarida bu ikki dominion o'rtasida urushni to'xtatish haqida bitim imzolanishiga erishildi. 1949-yilda Hindiston Ta'sis majlisi mamlakat konstitutsiyasini qabul qildi va u 1950-yilning yanvaridan kuchga kirdi. 1950-yilning 26-yanvarida Hindiston Respublika deb e'lon qilindi. Shunday qilib, hind xalqining Buyuk Britaniya mustamlakachiligiga qarshi salkam 100 yil davomida olib borgan milliy-ozodlik kurashi mustaqil davlatga ega bo'lish bilan yakunlandi.
Bu kurashga Hindiston Milliy Kongressi (HMK) rahbarlik qildi. Mustaqil-likdan so'ng tuzilgan birinchi hukumatni HMK rahbari J. Neru (1889— 1964) boshqardi. Ayni paytda Hindiston Britaniya Millatlar Hamdo'stligi tarkibida qoldi.