Inflatsiyaning asosiy sababi — bu xalq xo‘jaligining turli sohalari o‘rtasida vujudga kelgan nomutanosiblik. Bu, avvalambor, jamg‘arma va iste’mol o‘rtasidagi, talab va taklif, davlatning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi muomaladagi pul massasi va xo‘jaliklarning naqd pulga bo‘lgan talabi o‘rtasidagi nomutanosibliklardan iboratdir.
Inflatsiyani yuzaga keltiruvchi omillarga qarab uni ichki va tashqi sabablarga bo‘lish mumkin. Inflatsiyaning ichki omillari monetar-pulsiyosati va xojalikfaoliyati bilan bog‘liq turlarga bo‘linadi. Xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq omillar xo‘jalikdagi va iqtisoddagi mutanosiblikning buzilishi, ishlab chiqarishda yakka hukmronlikka yo‘l qo‘yish, iqtisodning davriy rivojlanishi, investitsiyalashda nomutanosiblik, baholarni tashkil qilishda davlatning yakkahokimligi, kredit siyosatining noto‘g‘ri olib borilishi va boshqalar hisoblansa, pul bilan bog‘liq omillarga davlat moliyasi sohasidagi krizislar, davlat budjetining taqchilligi, davlat qarzlarining o‘sishi, pul emissiyasi, pul muomalasi qonunining buzilishi, kreditlashda avtomatizmga yo‘l qo‘yish va boshqalar kiradi.
Inflatsiyaning tashqi omillari jahon iqtisodida bo‘lgan krizislar (xomashyo, yoqilg‘i, valuta bo‘yicha), davlatning valuta siyosati, davlatning boshqa davlatlar bilan tashqi iqtisodiy faoliyati, oltin va valuta zaxiralari bilan bo‘ladigan noqonuniy operatsiyalar va boshqalar bo‘lishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, ishlab chiqarish rivojlanishida yuzaga keluvchi nomutanosibliklar sababli tovarlar va xizmatlar bahosining umumiy yoki to‘xtovsiz o‘sishi va natijada pul muomalasi qonunining buzilishi oqibatida pul birligining qadrsizlanishiga inflatsiya, deb aytiladi.
Inflatsiya quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
tovar va xizmatlar bahosining uzluksiz va tartibsiz o‘sib borishi natijasida pulning qadrsizlanishi va uning sotib olish qobiliyatining tushib borishi;
chet el valutasiga nisbatan milliy valuta kursining tushib ketishi;
milliy pul birligida oltin narxining oshib borishi va boshqalar.
Ba’zi bir iqtisodchilarning1 fikricha, inflatsiya — bu barcha tovarlar baholarining oshishini bildirmaydi. Inflatsiya juda tez o‘sgan taqdirda ham ayrim tovarlar bahosi barqaror bo‘lib qolishi, boshqalariniki esa tushishi ham mumkin. Bizning fikrimizcha, bunday xulosalar o‘tgan asrning 70—80-yillari inflatsiyasiga mos kelishi mumkin.
Albatta, inflatsiya davrida baholarning oshishi doim bir xil sur’atlarda bo‘lmasdan, sakrab turadigan bo‘lishi mumkin. Lekin, ba’zi tovarlar bahosining tushishi yoki barqaror bo‘lib turishi XX asrning inflatsiyasi uchun mos deb to‘liq ishonch bilan uqtira olmaymiz. Ba’zida davlat aralashuvi bilan aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan ayrim bir tovarlar bahosini ma’lum davrda barqaror ushlab turish mumkin, ammo inflatsiyaning kuchayib borishi shu tovarlar baholarining ham oxir-oqibatda oshishiga olib keladi. Bizning fikrimizcha, baholar oshishi to‘g‘risida gapirganda, inflatsiya darajasida baholar oshishi va umuman, baholar oshishi tushunchalarini to‘g‘ri talqin qila olish kerak. Masalan, hamma vaqt ham ba’zi tovarlar bahosining oshishi inflatsiyani anglatmasligi mumkin. Tovarlar bahosi oshishi inflatsiya bo‘lmagan davrda, oltin pul muomalasi sharoitida ham bo‘lishi mumkin.
Inflatsiyaning turlari va toifalari
Xalqaro amaliyotda bozorda tovarlar va xizmatlar bahosining o‘sib borishiga qarab inflatsiyani bir necha turlarga bo‘lib qaraladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |