Madaniyatni anglash (madaniy hayotning rivojlanishiga muvofiqlik) tamoyili nemis pedagogi A.Disterveg tomonidan XIX asrda iste’molga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Madaniyatni anglash tamoyili tinglovchilarga ijtimoiy jamiyatning madaniy
taraqqiyoti darajasidan kelib chiqib ta’lim berilishini nazarda tutadi. O‘tgan asrda ta’lim samaradorligini ta’minlovchi etakchi omil sifatida pedagogning bilim darajasi va mahorati e’tirof etilgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘qituvchining bilimi, salohiyati hamda mahoratining yuqori darajada bo‘lishi bilangina muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib bo‘lmasligi barchaga ayon. Mazkur o‘rinda zamonaviy fan va texnika imkoniyatlari, xususan, kompyuter, multimediya vositalari, shuningdek, jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotining e’tiborga olinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda mutaxassislar “soha (yoki yo‘nalish)larning o‘ziga xos jihatlari, bu boradagi nazariy va amaliy bilimlarni chuqur bilishlari, muayyan faoliyatlarni bajara olishlari, belgilangan muddatda aniq vazifalarni hal etishga ulgurishlari hamda ma’lum yutuqlarga erisha olishlari” g‘oyasi etakchi o‘rin tutuvchi bozor munosabatlari sharoitiga puxta tayyorlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |