13-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar 76. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talablariga mos bo‘lishi kerak.
77. Tashkilotlarning ishlab chiqarish oqova suvlari tashqi kanalizatsiyaga yetib kelgunga qadar zararli moddalardan tozalanishi kerak.
78. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi va suv quvurlari bo‘lmaganda, maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
79. Ichimlik suvi O‘zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga javob berishi kerak.
80. Ichimlik suvining harorati 80 S dan 200 S gacha bo‘lishi kerak.
81. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
82. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi bo‘lmaganda davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarining bo‘lishiga ruxsat etiladi.
14-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar 83. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi lozim.
84. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak. Yorug‘lik tushuvchi oynalarni yilida kamida ikki marotaba tozalash lozim.
85. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar bilan to‘sib qo‘ymaslik kerak.
86. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
87. Yoritish vositalari ko‘zni qamashtirishidan saqlash uchun choralar ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
88. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolishi ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
89. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkyerlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
90. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanishi lozim.
91. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi lozim.
92. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
93. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.