MADANIYAT SOHASIDAGI ISLOHOT.
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining bo’sh vaqtini mazmunli va samarali o’tkazish uchun shart-sharoitlar yaratish, xalq ijodiyoti hamda havaskorlik san’atini rivojlantirish, madaniyat muasasalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 14 fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan "Obod turmush yili" Davlat dasturining 65-bandini bajarish yuzasidan hamda aholining, ayniqsa, yosh avlodning o’sib borayotgan madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqtini samarali va mazmunli o’tkazishini tashkil etishga ko’maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyunda "2013 – 2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida"gi Qarori ham fikrimizning bir isbotidir. Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tomonidan nazorat rejalari ishlab chiqilgan. SHu kungacha boshqarma tizimidagi mavjud 85 ta madaniyat uylari va klub muassasalari tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan to’liq xatlovdan o’tkazilib, tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilgan. Navoiy viloyatida zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlari uchun imkon qadar ko’p funktsiyali zali bo’lgan maqbul binolarni qidirib topish, ularni madaniyat va sport ishlari bo’limlari balansiga o’tkazish orqali markazlarni joylashtirish bo’yicha mahalliy hokimliklarning ishchi guruhi xulosasiga ko’ra, 32 ta madaniyat va aholi dam olish markazlarining taklifi viloyat hokimligi, mutasaddi tashkilotlar tomonidan imzolangan hamda tasdiqlangan holda, Madaniyat va sport ishlari vazirligiga taqdim etildi, – deydi boshqarma boshlig’i Normamat Ochilov. – SHuningdek, 32 ta bunday zamonaviy markazlarini joylashish jadvali viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. 2013 yil 25 iyul kuni Madaniyat va sport ishlari vazirligida tegishli tartibda taqdimot o’tkazildi. Yuqorida qayd etilgan qarorga asosan, joriy yilda Karmana tumanida I tipdagi hamda Navbahor tumanida Turkiston nomli III tipdagi madaniyat va aholi dam olish markazini kapital ta’mirlash belgilangan. Ushbu binolar bo’yicha nuqsonli dalolatnomalar tuzilib, tasdiqlangan holda vazirlikka taqdim etildi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, 2013 – 2018 yillarda Xatirchi tumanida 10 ta, Navbahor tumanida 6 ta, Qiziltepa tumanida 4 ta, Nurota va Konimex tumanlarida 3 tadan, Uchquduq tumani va Zarafshon shaharida 2 tadan hamda Karmana va Tomdi tumanlarida bittadan mana shunday zamonaviy markazlar tashkil etiladi. SHu bilan birga, mazkur markazlarda pullik to’garaklar faoliyati ham yo’lga qo’yiladi. To’lov miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan, – deydi boshqarma bosh mutaxassisi A.Abutolipov. – Pullik to’garaklar, jamoalar va studiyalarda qatnashish uchun oylik to’lovlar miqdori markazlarda tashkil etilgan maslahat organlari (badiiy yoki metodik kengash)ning xulosasi bilan o’zgarishi mumkin. I, II, III tip markazlarda byudjetdan ajratiladigan shtat birliklari hisobidan tegishliligiga qarab, 5, 3 va 2 nafardan to’garak rahbarlari faoliyat olib boradi. Navoiy viloyatida 2013 – 2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini mukammal ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlashning ham manzilli ro’yxatlari asosiy parametrlari tasdiqlangan. SHuni alohida qayd etish kerakki, yangidan tashkil etilayotgan bunday markazlarga madaniyat uylari va klub muassasalari rahbar xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan o’tkaziladi. Bu esa markazlarga mas’uliyatni his qiladigan, tashabbuskor va talabchan rahbarlarni tanlab olishda qo’l keladi.
Xulosa qilganda, 2018 yilga qadar Respublikamizning barcha viloyatlarida madaniyat va aholi dam olish markazlari tashkil etilib, madaniy-ommaviy xizmatlari bilan aholining keng qatlamlarini ta’minlash va ularning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga erishiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |