1.Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish to’g’risidagi nazariy tushunchalar.
O’tish davrini boshidan kechirayotgan, o’zlarining mustaqil mintaqaviy siyosatini joriy etayotgan mamlakatlar, jumladan, O’zbekiston uchun xorijiy olimlar va mintaqashunos mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan ishlab chiqarishni joylashtirishning nazariy asoslari muhim ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Ular chuqur ilmiy izlanishlarga, boy tajribaga va mintaqaviy ekspertizalarga asoslangan. Ishlab chiqarishni joylashtirish bo’yicha nazariyalar orasida I. Tyunen va, A. Veberning «Standartlar nazariyasi», A.Leshning «Bozor mintaqasi nazariyasi», V. Kristallerning «Markaziy o’rin nazariyasi», F.Perruning «O’sish qutblari va rivojlanish markazlari nazariyasi» kabilar muhim o’rin egallaydi. Shtandortlar nazariyasiga muvofiq sanoatni joylashtirish quyidagi omillar orqali aniqlanadi:
-korxonalarni joylashtirishda transport xarajatlarini hisobga olish orqali amalga oshiriladi;
-korxonalarni joylashtirishda arzon ishchi kuchini hisobga olish orqali amalga oshiriladi;
-korxonalar sanoat rayonlari va uzellarida joylashtiriladi.
Ushbu nazariyada transport xarajatlari omili etakchi rol o’ynaydi. Xom ashyo va materiallarning transportabelligi xarajatlarga ta’sir ko’rsatadi va shu bilan bo’lg’usi korxonaning joyini aniqlaydi.
O’zbekiston sharoitida, tashqi bozorga chiqish transport xarajatlariga ko’p jihatdan bog’liq. Shuning uchun mazkur omil transportni kam talab etadigan, xom ashyoni qayta ishlab tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan sohalarni rivojlantirishni taqozo etadi. Markazdan uzoqda joylashgan mintaqalar - Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari korxonalarida transport xarajatlari mahsulot tannarxi tarkibida katta o’rin egallaydi. Shuning uchun transport omili mazkur mintaqalar uchun muhim ahamiyatga ega.
Arzon ishchi kuchi va aglomeratsiya omiliga asoslangan ikkinchi va uchinchi yo’nalishlar mamlakatimiz uchun xarakterli bo’lib, mehnatni ko’p talab etadigan tarmoqlarni joylashtirish hamda sanoat rayonlari, zonalari va uzellarini tashkil etishni rag’batlantirish uchun xizmat qiladi. Respublikamizning deyarli barcha mintaqalari ishchi kuchini ko’p talab etadigan tarmoqlarni joylashtirish uchun etarli mehnat resurslariga ega.
A.Leshning «Bozor zonasi nazariyasi»ga muvofiq, ob’ekt qurilishi uchun joy tanlashda foyda, soliq, demping, bojxona to’lovlari va boshqa bozor indikatorlari muhim omil sifatida ishtirok etadi. Muallif, iqtisodiy-matematik modellardan foydalangan holda, mahsulot sotilish radiusini aniqlaydi va bunga ko’ra, radiusdan tashqarida mahsulot sotish iqtisodiy jihatdan o’zini oqlamaydi.
A.Lesh mintaqani muayyan chegaraga ega bo’lgan va mintaqalararo raqobatga tortilgan bozor sifatida ko’radi. Bunda hududga mutlaqo bir jinsli va bir qiyomatli bo’shliq sifatida qaraladi hamda faqat ikki omil: ishlab chiqarishni bir joyda to’planishining samarasi va mahsulotni iste’molchiga etkazishning hudud bo’ylab tekis taqsimlangan transport xarajatlari hisobga olinadi.
«Bozor zonasi nazariyasi» o’tish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlar, xususan MDH davlatlari iqtisodiyotida hozircha etarli darajada qo’llanilmayapti. O’zbekistonda sanoat korxonalarini joylashtirishda bozor indikatorlaridan foydalanilmayotir.
V. Kristaller «Markaziy o’rin nazariyasi»ning asoschisidir. U matematik hisob-kitoblar orqali hududiy ierarxiya bir darajadan boshqa darajaga to’g’ri geometrik progressiya orqali o’tishini isbotladi. Masalan, viloyat bir necha tumanlardan, o’z navbatida tumanlar ko’plab qishloq fuqarolari yig’inlaridan iborat. Har bir qishloqqa o’ziga tegishli bo’lgan tovar va xizmatlar yo’naltirilgan. Shunday qilib, olim aholi punktlari guruhiy tizimini tashkil etishning optimal variantini aniqlash orqali markaziy o’rinlar nazariyasini yaratdi. Mazkur nazariya asosida bozor mintaqasining eng samarali tuzilmalarini, tovar va xizmatlar harakatining oqilona yo’nalishlarini, shahar va aholi punktlari boshqaruvi ma’muriyatining optimal tuzilmasini shakllantirishni aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |