2.Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning asosiy qonuniyatlari.
Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda muayyan qonuniyatlar namoyon bo’lmoqda. Ular muayyan tarixiy bosqichda ijtimoiy taraqqiyot qonunlarining o’zaro harakati natijasida shakllanadi. Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish qonuniyatlari ishlab chiqarish kuchlari va hududlar o’rtasidagi umumiy munosabatlarda namoyon bo’ladi. Iqtisodiy rivojlanishning hozirgi bosqichida ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirishda ishlab chiqarishning yuqori samaradorligiga, maksimal daromad olish imkoniyatlariga katta e’tibor berish lozim. Ayni paytda, tabiiy-resurs salohiyatlaridan tejamkorlik bilan foydalanish, ekologik sharoitni yaxshilash masalalari ham hisobga olinadi.
Bozor sharoitida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning asosiy qonuniyatlari quyidagilardan iborat:
ishlab chiqarish kuchlarini oqilona va samarali joylashtirish;
mintaqalarni kompleks rivojlantirish;
mintaqalar o’rtasidagi hududiy mehnat taqsimoti;
mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tenglashtirish.
Ishlab chiqarish kuchlarini oqilona va samarali joylashtirish deganda mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarini minimal holatga keltirish va ishlab chiqarishning barcha (tayyor mahsulotgacha bo’lgan) bosqichlarini muayyan hududga joylashtirish tushuniladi. Mamlakatimizning turli hududlari tabiiy resurslar zahiralarining miqdori, komponentlarning tarkibi, geologik salohiyatlariga ko’ra o’zaro farq qiladi. Bunda ishlab chiqarishning xom ashyo, yoqilg’i, energiya va iste’mol manbalariga yaqinligini ta’minlaydigan transport omili katta ahamiyatga ega.
Kooperatsiyalashtirish va kombinatlashtirish hamda chiqindisiz texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
Mintaqalarni kompleks rivojlantirish uchun bozor infratuzilmasi elementlari, ishlab chiqarish tarmoqlari, aholi ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq sohalar hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlarining mushtarakligiga erishish lozim. Mintaqalar xo’jaligining kompleksliligi turli tarmoqlar va sohalar o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishni taqozo qiladi.
Mintaqalar o’rtasida hududiy mehnat taqsimoti bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirishning muhim shartlaridan hisoblanadi. Mintaqalarning iqtisodiy rivojlanish darajasi, tabiiy-resurs salohiyati, tarixiy va demografik xususiyatlariga ko’ra o’zaro farq qiladi. Shuning uchun har bir mintaqa faqat o’zigagina xos bo’lgan xususiyatlar asosida muayyan sohaga ixtisoslashadi va iqtisodiy aloqalar asosida boshqa mintaqalar bilan mahsulot ayirboshlaydi.
Xo’jalik yuritishning yangi sharoitida mintaqalar orasida hududiy mehnat taqsimotini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Bunda hukumat va alohida hududlar manfaatlarining mushtarakligi hisobga olinishi, turli ma’muriy-hududiy birliklar resurslarining umumlashtirilishi lozim.
Mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tenglashtirish. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mamlakatning barcha mintaqalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tenglashtirish katta ahamiyatga ega. Hozirgi bosqichdagi muhim vazifalardan biri, hukumat tomonidan alohida e’tiborga molik mintaqalar belgilanib, ularning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash uchun davlat byudjetidan qo’shimcha mablag’lar ajratilishi va aniq rejalar tuzishdan iborat.
Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish qonuniyatlari bozor iqtisodiyotining rivojlanishi qonunlarida namoyon bo’ladi. Ular o’zaro ajralmagan holda rivojlanadi va bir-birlarini taqozo qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |