Bosh va orqa miya o‘tkazuv yo‘llari
Bosh va orqa miyaning o‘tkazuv yo‘llari sodda va murakkab refleks yoylari tarkibiga kiruvchi orqa va bosh miyada uziluvchi, yuqoriga ko‘tariluvchi va pastga tushuvchi nerv tolalarining yig‘indisidan iborat. Bu yo‘llar orqa va bosh miyaning turli qismlarini bir-biri bilan bog‘lab, miya tarkibiy elimentlari ichida ikki tomonlama aloqani ta’minlab turadi. O‘tkazuv yo‘llar vositasida markaziy nerv tizimi va organizmning birligi va uning tashqi muhit bilan aloqasi boshqarilib turiladi. O‘tkazuv yo‘llar yordamida ichki va tashqi qo‘zg‘olish retseptorlari qabul qilib olgan markazga intiluvchi nerv impulslarini orqa va bosh miyada markazdan qochuvchi yo‘llarga o‘tishi orqali organizmning tashqi va ichki muhit ta’siriga moslashuvi paydo bo‘ladi, mushaklar qisqarib, bezlar shira ajratadi.
Refleks asosida reflektor yoyi yotadi. Reflektor yoyida nerv impulsi 120 m/sek. tezlikda yuradi. Sodda reflektor yoyi odatda ikki neyrondan iborat bo‘lib, ulardan bittasi sezuvchi yuzadan boshlansa, ikkinchisi aksoni bilan mushaklarda tugaydi. Murakkab reflektor yoyida uchinchi oraliq neyron bo‘lib, u sezuvchi neyron bilan harakatlantiruvchi neyronni bir-biriga bog‘lab turadi.
Barcha o‘tkazuv yo‘llari uch guruhga bo‘linadi: proektsion, komissural va assotsiativ. Organizm taraqqiyotida proektsion o‘tkazuv yo‘llari oldinroq paydo bo‘lib, keyin komissural va eng so‘ngida assotsiativ yo‘llar paydo bo‘ladi.
Assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari bosh miyaning bitta yarimshari kulrang moddasini bir-biriga qo‘shib turadi. Assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari har xil tuzilishdagi neyronlar zanjiridan iborat bo‘lib, ular afferent yo‘llarning oxirgi neyroni bilan efferent yo‘llarning birinchi neyroni o‘rtasida oraliq neyron holatida joylashib, reflektor yoyini biriktirib turadi. Assotsiativ yo‘llar uzun va qisqa tolalardan iborat bo‘ladi.
Ontogenezda assotsiativ yo‘llar komissural va proektsion yo‘llarga nisbatan kechroq paydo bo‘ladi, ammo bola tug‘ilganidan keyingi davrda tez o‘sib, mielin pardasi bo‘lmaydi. Bola hayotining ikkinchi oyidan boshlab ularda mielin parda hosil bo‘ladi va proektsion markazlar bilan aloqalar paydo bo‘ladi.
Komissural o‘tkazuv yo‘llari bir yarim shar po‘stlog‘ini ikkinchi yarim- shar po‘stlog‘iga qo‘shib turadi. Komissural o‘tkazuv yo‘llar yangi po‘stloq markazlarini qo‘shib turadigan qadoq tana va eski komissural yo‘llar gumbaz bitishmasi, oldingi va orqa bitishmalardan iborat.
Proektsion o‘tkazuv yo‘llari
Proektsion o‘tkazuv yo‘llari bosh miya po‘stlog‘i bilan miya pog‘onasi o‘zaklari (qisqa proektsion yo‘llar), hamda orqa miya o‘zaklari (uzun proektsion yo’llar) o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqani ta’minlab turadi. Nerv impulslarining yo‘nalishiga qarab proektsion yo‘llar ikki guruhga markazga intiluvchi - afferent, sezuvchi yo‘llar nerv impulsini periferiyadan markazga po‘stloqqa olib boruvchi va markazdan qochuvchi - efferent, harakatlantiruvchi, impulsni miya po‘stlog‘idan periferiyaga olib boruvchi yo‘llarga bo‘linadi. Afferent va efferent proektsion yo‘llar murakkab reflektor yoyining asosiy qismlari bo‘lib, ular o‘zaro miya po‘stlog‘ida assotsiativ o‘tkazuv yo‘llari vositasida qo‘shiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |