Miotrop ta’sirli spazmolitiklar
Bu guruh vositalari bronxlarning silliq mushaklariga bevosita ta’sir etib ularni bo‘shashtiradilar. Bronxolitik sifatida t e o f i l l i n va e u f i l l i n keng qo‘llanadi.
Euphylline - eng samarador miotrop spazmolitik hisoblanadi. Bu dori vosita teofillinning (1,3 -dimetilksantin) 1,2–etilendiamin bilan aralashmasidir. Bronxolitik ta’siridan tashqari eufillin kichik qon aylanish doirasida bosimni tushiradi, yurak, buyrak va bosh miyada qon aylanishini yaxshilaydi.Shu sababli peshob ajralishini oshiradi, yurakning sistolik va minutlik hajmini, miokard qisqarish kuchining ortishi hisobiga kuchaytiradi. Lekin miokardning O2 ga bo‘lgan ehtiyojini ham oshiradi. Trombotsitlar agregatsiyasini keskin tormozlaydi. Eufillinning spazmolitik ta’siri asosan uning tarkibidagi teofillin bilan bog‘liq. Teofillin fosfodiesteraza faolligini susaytirib to‘qimalarda s-AMF miqdorini oshiradi, chunki teofillin metilksantinlar ichida fosfodiesteraza faolligini susaytiruchi eng kuchli dori vositadir. S-AMFni to‘planib qolishi hujayra ichida Ca2+ ionlarining konsentratsiyasini kamaytiradi va Shu tufayli miozinni aktin bilan birlashishiga to‘sqinlik qiladi, silliq mushaklarning qisqarish kuchi keskin kamayadi. terapevtik dozalarda teofillin bronxlardagi adenozin retseptorlarini bloklaydi, semiz hujayralardan gistaminni ajralishini kamaytiradi. Eufillin MNSni qo‘zg‘atadi, diafragma va qovurg‘alararo mushaklar qisqarishini va o‘pkaning ventilyatsiyasini oshiradi.
Qo‘llashga ko‘rsatmalar: kichik qon aylanish doirasida qon aylanishining yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi bronxial astmada, bronxospazm va nafasning Cheyn-Stoks tipidagi buzilishi bilan kechuvchi yurak astmalarida, ateroskleroz tufayli yuzaga keluvchi bosh miya tomir krizlari xurujlarini bartaraf etish uchun, insultlarda bosh miya shishi, uning bosimini kamaytirish va qon aylanishni yaxshilash uchun. Hozirgi kunda teofillining davomli ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalari (8-12, 24 soat) mavjud: teopek, teodur, durofillin, retrafillin, teobiolong, ventaks-kuniga 2 marta ichiladi. TEO-24, unifil, dilatran, eufilong—kuniga bir marta ichiladi. Lekin davomli ta’sir etuvchi dori vositalarning zaharli va shifobaxsh konsentratsiyalari orasidagi farq kichkina, Shu sababli dori vositalarning farmakokinetikasining individual farqlarini inobatga olish kerak, ya’ni terapevtik monitoring o‘tkazish kerak. Nojo’ya ta’siri: ko‘ngil aynash, tremor, taxikardiya, bosh og‘rig‘i, bosh aylanish, uyquni buzilishi. Ba’zan me’da yara xastaligini kuchayib ketishi mumkin. Katta dozalarda (qondagi konsentratsiyasi 40 mkg/ml dan ortib ketsa) qon qusish, qon ketishi (agregatsiyani keskin kamayishi va tomirlar o‘tkazuvchanligini ortish tufayli) MNSning kuchli qo‘zg‘alishi, mushaklar tremori, tirishish, galyutsinatsiya, yurak yetishmovchiligi, o‘pka shishi va katta qon aylanish doirasida dimlanish kuzatiladi. Ksantinlarning terapevtik ta’sir kengligi juda tor Shu sababli dori vosita dozasini individual tanlash kerak.
Diprophyllinum-famakologik xossalari bo‘yicha teofillin va eufillinga yaqin. Bronxospazmni bartaraf etadi, toj tomirlarni o‘rtacha kengaytiradi, peshob ajralishini biroz kuchaytiradi, MNSga kuchli qo‘zg‘otuvchi ta’sir ko‘rsatmaydi, bosh miyada qon aylanishini biroz yaxshilaydi. Teofillin va eufillinga nisbatan zaharliligi past. Ta’sir kuchi eufillinnikiga nisbatan pastroq. Mahalliy ta’sirlash xossasi yo‘q. Eufillinga o‘xshash ko‘rsatmalar bo‘yicha qo‘llaniladi. Nojo’ya ta’siri:Shamchalar shaklida davomli qo‘llanilganda ich ketish va yo‘g‘on ichakni achishishi bo‘lishi mumkin. Eufillinni qo‘llash mumkin bo‘lmagan hollarda diprofillinni ham qo‘llash mumkin emas: gipotoniya, ekstrasistoliya, paroksizmal taxikardiya, yurak–tomir yetishmovchiligi (ayniqsa infarktdan keyin).
Do'stlaringiz bilan baham: |