Yirik daryolari: Selenga, Kerulen, Onon, Dzab-xan va Kobdo. Daryolari qor va muzliklardan suv oladi, bahor va yezda toʻlib oqadi. Yirik koʻllari: UbsuNur, Xirgis-Nur, Xubsugul va Hara-UsNur. M. hududining aksari qismi (60%)da kashtan, shuningdek, qoʻngʻir, togʻlarda qora, vodiylarda oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Oʻsimliklarning 2 mingdan ziyod turi oʻsadi. Mamlakatning shim. va shim.-sharqi dasht, jan. va jan.-sharqi chala choʻl va choʻldan iborat. Chala choʻlda saksovulzorlar uchraydi. M. hududining 10% oʻrmon. Togʻ yon bagʻirlarida tilogʻoch, kedr, qaragʻay va qayinzorlar bor. Hayvonot dunyosi xilma-xil. Sut emizuvchilarning 100 dan ortiq turi uchraydi. Qumsichqon, qoʻshoyoq, tolay quyoni, ondatra, sobol, tiyin, jayran, maral, boʻri, tulki va h.k. bor. Baʼzi hayvonlar (yovvoyi tuya, yovvoyi ot, gobi ayigʻi) M.dan boshqa yerda uchramaydi. Ulan-Bator yaqinida Bogdo-Oʻla qoʻriqxonasi tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |