134-rasm. Kalamushning qon aylanish tizimi: 1 - o'ng yurak bo'lmasi; 2 - chap yurak bo'lmasi; 3 - o'ng qorincha; 4 - chap qorincha; 5 - o'pka arteriyasi; 6 - o'pka venasi; 7 - aorta chap yoyi; 8 - orqa aorta; 9 - nomsiz arteriya; 10 - o'ng o'mrov osti arteriyasi; 11 - o'ng uyqu arteriyasi; 12 - chap uyqu arteriyasi; 13 - chap o'mrov osti arteriyasi; 14 - ichak arteriyasi; 15 - oldingi ichak tutqich arteriyasi; 16 - buyrak arteriyasi; 17 - keyingi ichak tutqich arteriyasi; 18 - jinsiy arteriyasi; 19 - yonbosh arteriya; 20 - dum arteriyasi; 21 - tashqi bo’yinturuq vena; 22 - ichki bo’yinturuq vena; 23 - o'mrov osti venasi; 24 - oldingi o'ng kovak vena; 25 - oldingi chap kovak vena; 26 - dum venasi; 27 - son venasi; 28 - keyingi kovak vena; 29 - jinsiy vena; 30 - buyrak venasi; 31 - jigar venasi: 32 - jigar qopqa venasi; 33 – taloq, oshqozon venasi; 34 - oldingi ichak tutqich venasi; 35 - keyingi ichak tutqich venasi; 36 - o'pka; 37 - jigar; 38 - buyrak; 39 - oshqozon; 40 - ichak.
Gavdaning oldingi qismidan keladigan venoz qon juft venalar o'ng va chap katta oldingi kovak venalarga yig’iladi, bu venalar kam venoz qonni o'ng yurak bo'lmasiga olib boradi. Bu kovak venalarning har biri oldingi oyoqlardan qon olib keluvchi o'mrov osti venasi bilan boshdagi venoz qonni yig’uvchi tashqi va ichki bo’yinturuq venalarining go’shilishidan hosil bo'ladi.
Nafas olish organi. Tashqi burun teshigi orqali kirgan havo ichki burun teshigi - xoanalar orqali xiqildoqga o'tadi hiqildoqda tovush paychalari joylashgan. Hiqildoq dorzal (orqa) tomonidan uchlari bir-biriga qo’shilmagan bir qancha tog’ay halqalardan tashkil topgan uzun naysimon nafas olish nayi yoki traxeyaga qo’shiladi. Ko'krak qafasida traxeya ikkita nayga bo'linadi, bu nayning har biri tegishli o'pkaga kiradi. Bu naylar bronx deb ataladi va faqat amniotalardagina bo'ladi. O'pkada bronxlar diametri borgan sari kichrayib boruvchi ingichka naychalarga tarmoqlanib, yupqa devorli alveola (pufakcha)lar bilan tugaydi. Alveolalarning devorlarida mayda qon tomirlari joylashgan bo'lib, shu erda gaz almashinuv jarayoni o'tadi. O'pkaning alveolyar tuzilishi faqat sut emizuvchilar o'pkasi uchun xos. O'pka ko'krak bo’shlig’ida bronxlarga osilib turadi. U sut emizuvchilarning har turida har xil sondagi bir qancha pallalarga bo'lingan kovak tanachalardan iborat.
Sut emizuvchilarning ko'krak qafasi qorin bo’shlig’idan muskul devorli to’siq-diafragma orqali ajralgan. Nafas akti sut emizuvchilarda, xuddi barcha amniotalardagiga o'xshash ko'krak qafasining kengayishi va torayishi shu bilan birga diafragmaning pastga tushishi, elastik o'pkalarning kengayib havoni ichiga tortishi bilan ham sodir bo'ladi. Nafas chiqarish protsessida ko'krak qafasining devori siqilib diafragma ichkariga gumbazsimon botib kiradi. Natijada ko'krak qafasining umumiy hajmi kichrayib, undagi bosim ortadi va o'pka siqilib uning ichidagi havo chiqib ketadi.