Tarmoqlararo balans iqtisodiy o‘sishning muhim modellaridan biri hisoblanadi. Tarmoqlararo balans AQSHlik iqtisodchi V.Leontyev tomonidan «xarajatlar – ishlab chiqarish» modeli sifatida takomillashtirilgan holda ishlab chiqildi. V.Leontyev iqtisodiy tahlilning «xarajatlar – ishlab chiqarish» usuli yordamida amalga oshirgan, e’tiborni eng avvalo iqtisodiyotdagi miqdoriy aloqalarga qaratadi. Tarmoqlar o‘rtasidagi bu aloqalar texnologik koeffitsiyentlar orqali o‘rnatiladi.
Tarmoqlararo balans jadvali to‘rtta kvadrantdan iborat. Birinchi kvadrantga mahsulot ishlab chiqarishga moddiy sarflar ko‘rsatkichlari joylashtirilgan. Ikkinchi kvadrantga shaxsiy iste’mol, jamg‘arish, davlat xaridi va eksport sifatida foydalaniluvchi pirovard mahsulot ko‘rsatkichlari joylashtirilgan. Uchinchi kvadrantdan qo‘shilgan qiymat (ish haqi, foyda, soliqlar) va import ko‘rsatkichlari o‘rin olgan. To‘rtinchi kvadrantda sof milliy mahsulotni qayta taqsimlash ko‘rsatkichlari joylashgan. Tarmoqlararo aloqalar jadvali ustunlari bo‘ylab xarajatlarni, ya’ni har bir tarmoq bo‘yicha mahsulot qiymatini tashkil etuvchi unsurlarni, satrlar bo‘yicha esa – milliy iqtisodiyot har bir tarmog‘i mahsulotini taqsimlash tarkibiy tuzilmasini aks ettiradi.
Tarmoqlararo balans modelida bir tarmoqdagi pirovard talab yoki ishlab chiqarish sharoitidagi o‘zgarishlar boshqa barcha o‘zaro bog‘liq tarmoqlarning miqdoriy ta’sirini kuzatish orqali o‘rganiladi. Bu esa qandaydir tovarga bo‘lgan ehtiyojlar yoki uni ishlab chiqarish texnologiyasidagi har qanday o‘zgarishlar muvozanatlashgan narxlar tarkibini o‘zgartirib, texnologik koeffitsiyentlarning ham o‘zgarishiga olib kelishini anglatadi.
«Xarajatlar – ishlab chiqarish» tarmoqlararo balansi usuli nafaqat iqtisodiyot turli tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni o‘rganishga, balki mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini, uning tarmoqlar tuzilmasining o‘zgarishi va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini bashoratlashga imkon yaratadi.
9.2. Mehnat iqtisodiy resurs sifatida. Ish haqi
Mehnat - bu iqtisodiy faoliyat jarayonida odamlar tomonidan qilingan har qanday aqliy va jismoniy harakatlar. Ishchi ishlaydigan vaqt ish kuni yoki ish vaqti deb nomlanadi. Uning davomiyligi ikki omil bilan belgilanadi: birinchidan, odam kuniga 24 soat ishlay olmaydi, u uxlashi, dam olishi, ya’ni o‘zini tiklashi uchun vaqt kerak; ikkinchidan, inson o‘zining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun ham vaqt kerak.
Mehnat haqida gapirganda, mehnat unumdorligi va intensivligi haqida gapirish kerak. Mehnat unumdorligi - bu ish vaqtining birligiga ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar miqdori yoki mahsulot va xizmatlar birligini yaratish uchun sarflangan ish vaqtidir. Mehnat unumdorligining doimo o‘sib borishida fan va texnika jarayoni muhim rol o‘ynaydi. Masalan, XX-asr boshlarida konveyerning ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etilishi mehnat unumdorligini keskin oshirdi. XX asrning 50-yillarda konveyerni boshqarish moslamalari bo‘lgan mashinalarga almashtirildi, bu esa yana mehnat unumdorligining keskin oshishini ta’minladi. Ilmiy-texnika inqilobi mehnat tabiatining o‘zgarishiga olib keldi. Malakasiz jismoniy mehnatga nisbatan malakaliy aqliy mehnatning ahamiyati oshdi. Mehnat murakkablashadi, chunki ishlab chiqarishga ko‘plab murakkab mashinalar va mexanizmlar tatbiq etildi. Xodim ana shu uskunalar bilan ishlashga va tashabbus ko‘rsatishga qodir bo‘lishi kerak.
Mehnat intensivligi – bu mehnat jarayonidagi ishchi kuchining jadallik darajasini tavsiflovchi va xodimning vaqt birligiga sarflagan mehnat miqdori bilan o‘lchanadigan iqtisodiy tushunchadir. Mehnat intensivligi ish vaqti birligi mobaynida sarflangan mehnat miqdori orqali tavsiflanuvchi ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mehnatning jadallik darajasini aniqlashda ish kunining davomiyligi yoki bir soat vaqt birligi sifatida qabul qilinadi. Mehnat intensivligining oshishi muayyan vaqt davomida ko‘proq qiymat yaratilishiga imkon beradi. Konveyerning tezlashishi, bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatiladigan uskunalar sonining ko‘payishi va ish vaqtidagi yo‘qotishlarning kamayishi bilan mehnat intensivligi oshadi.
Ilmiy-texnikaviy inqilob sharoitida ishlab chiqarish jarayonini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash ishchilarning jismoniy enyergiyasini iste’mol qilishni kamaytiradi. Yuqori darajadagi intensivlik ish kunini uzaytirish bilan barobardir. «Mehnat intensivligi», “mehnat unumdorligi” tushunchasi bilan uzviy bog‘liqdir. Optimal intensivlikni aniqlash iqtisodiyotdagi asosiy vazifalardan biridir. Bu maksimal mehnat unumdorligiga yerishishga imkon beradigan optimal intensivlikdir. Haddan tashqari intensivlik va boshqa omillar (shikastlanishlar, kasb kasalliklari va boshqalar) mehnat unumdorligida yo‘qotishlarga olib keladi.
Ish haqining mohiyatini ishchining ixtiyorida bo‘lgan, mehnatning normal takror ishlab chiqarilishini ta’minlaydigan yashash vositalari hajmining pul ifodasi sifatida ta’riflash mumkin. Ish haqi ishchi kuchining narxi hisoblanadi va mehnat bozorida shakllanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |