12-rasm. Meva va sabzavot mahsulotlari eksportining dinamikasi va tarkibi (ming tonna).
Ma`lumotlardan ko`rinib turibdiki, meva va sabzavotlar eksporti hajmi o`sish tendentsiyasiga ega. Sirtdan qaraganda, hammasi joyida. Chunki rasmiy ma`lumotlarda keltirilishicha, mahsulot etishtirish hajmi ham, uning eksporti ham avvalgi yillardagiga qaraganda ancha oshgan. O`sish bormi, demak, foyda ham bor. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Garchi, qo`lga kiritilgan natijalar ijobiy bo`lsa-da, joylarda real holat bilan yaqindan tanishganimizda, vaziyat sizu biz o`ylaganchalik emasligiga ishonch hosil qilasiz. Mavjud imkoniyatdan to`liq foydalana olinmayotgani, mahsulotni saqlash, eksport qilish bo`yicha yaratilgan tizim to`liq ishlamayotgani oqibatida, afsuski, mashaqqatli mehnat evaziga etishtirilgan noz-ne`matlar uvol bo`lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi rivojlanayotgan mamlakatlarning ma`lumotiga tayanib, yig`ib olingandan keyin qayta ishlash va mahsulotning ekin maydonidan so`nggi iste`molchiga etkazishgacha bo`lgan tashish vaqtidagi saqlash noto`g`ri tashkil etilishi tufayli etishtirilgan mahsulotning 25-40 foizi nobud bo`ladi, deya axborot bergan.
Xususan, O`zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, saqlash, qayta ishlash va iste`molchilarga etkazib berishda nobudgarchilik holatlarini quyidagicha tahlil qilsak bo`ladi.
O`ylaymizki, yuqoridagi tahlillar mamlakatimizda qishloq xo`jaligi kooperativlarini tashkil qilish va uni rivojlanishiga ko`maklashish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Agarda O`zbekistonda qishloq xo`jaligida kooperatsiya munosabatlari to`laligicha qaror topsa, mayda tovar ishlab chiqaruvchilar kooperativlariga birlashtirilsa taxminan 40 foiz yo`qotishlar bartaraf etilgan holda, 2-chizmada keltirilgan meva-sabzavot eksporti hajmi mahsulot turlari bo`yicha 2019 yilning 9-oyi davomida meva – 294,6 ming tonna o`rniga 117 ming.t., sabzavotlar 267 ming tonna, uzum 24 ming tonna, er yong`oq 3,2 ming tonna, qovun va tarvuz 12 ming tonna yoki jami 417,2 ming tonna ko`p eksport qilish mumkin. Yoki 2019 yilda O`zbekistonda 2 mlrd. dollarga meva-sabzavot eksport qilingan bo`lsa, kooperatsiya munosabatlari natijasida real imkoniyatlardan kelib chiqib 40 foizga eksport ko`paytirilsa qaryiib 3 mlrd. dollarga oshirish imkoniyatiga ega. Shuni ta`kidlash kerakki, ushbu tahlilda hosildorlikni oshirish, intensiv rivojlanish kabi qator ko`rsatkichlar nazarda tutilmayapti.
O`zbekistonda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilar va ularni eksport qiluvchilarni ayrim xatolarga yo`l qo`ymoqda. Xususan:
– birinchidan ko`pchilik qishloq xo`jaligi sohasida biznes-rejalarni hisoblaganda mahsulotni ishlab chiqarishga (etishtirishga) ketadigan xarajatlarga asosiy e`tiborni qaratadi. Ammo mahsulotni saqlash va uni iste`mol uchun tayyor mahsulotga aylantirish infratuzilmasiga sarflangan xarajatlar, odatda, har bir gektar maydon hisobiga, bog`ni barpo qilishdan qimmatroqqa tushadi. Ko`pchilik buni tushunmaydi.
– ikkinchidan biron bir biznes-rejada marketing xarajatlari hisobga olinmaydi. Mahsulotlarning o`z-o`zidan sotilishi taxmin qilinadi, Sovet Ittifoqi davrida mavjud bo`lgan mahsulotlar taqchilligi (defitsiti) sharoitida bo`lganidek. O`zbekistonda ko`pchilik bu borada davlatdan ko`mak yoki ma`lum qo`llab-quvvatlash choralarini kutadi. Ikkala yondashuv ham noto`g`ri. Faqat samarali marketing daromad olishda yordam beradi, qolganlari esa xarajatlardir. Shuni tushunib etish lozimki, hozirgi kunda dunyoning hech bir hududida mahsulotlar taqchilligi (defitsiti) yo`q. Ammo marketing bepul emas – bu ma`lum xarajatlarni talab qiladi. Masalan, ko`rgazmalarda qatnashish, biznes-sheriklarga tashrif buyurish, muzokaralar va h.k. Bularning barchasi arzon turmaydi.
– uchinchidan maxsulotni saqlash, iste`molchi uchun tayyor mahsulotga aylantirish va marketing bilan bog`liq xarajatlarni biznes-vositachiga “yuklash”. Avvalambor, saqlanishi kerak bo`lgan mahsulotlar dalaga yaqin bo`lgan omborlarda saqlanishi kerak, chunki bunday mahsulotlar uchun har bir soat g`animat. Agar yig`im-terimdan keyin bu mahsulotlar maxsus sharoitli omborlarga tez orada joylanmasa, ularning sifati keskin pasayib ketishi mumkin. Shuning uchun mahsulotni saqlash alohida biznes emas – butun dunyoda maxsus omborxonalar qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar yoki ularning kooperativlariga tegishli. Boshqacha qilib aytganda, bu biznes ishlab chiqaruvchilar nazorati ostida. Agar maxsus omborlar soni etarli bo`lsa, mahsulotni saqlash orqali qo`shimcha daromad olish imkonyati deyarli yo`q. Bunday sharoitda mahsulot narxlari butun mavsum davomida barqaror bo`lib qoladi.
Agar marketing xarajatlari biznes-vositachiga “yuklansa”, deyarli butun foyda ham unda qoladi. Modomiki ushbu yondashuv ma`qul bo`lsa, bunday uslubda ishlashni davom ettirish mumkin.
– to`rtinchidan odatda mamlakatimizda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish (etishtirish) statistikasiga ko`p e`tibor qaratiladi, O`zbekistonda mazkur mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini hisoblash juda qiyin. Bundan tashqari, qishloq xo`jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi suratlari qandaydir tarzda ularning eksport hajmiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir ko`rsatmaydi sababi, odatda eksportga faqat qo`shimcha ishlov berilgan va ma`lum darajada yuqori sifatli mahsulotlar yuboriladi.
Hozirgi kunda O`zbekistonda bunday mahsulotlarning umumiy hajmdagi ulushi o`sib borishiga erishilmoqda.
Bunday iqtisodiy jihatdan maqbul variantlardan biri bu kooperatsiyadir. Rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda qishloq xo`jaligi sub`ektlarining o`zaro kooperatsiyasi shaxsiy xo`jaliklarning iqtisodiy mustaqilligini saqlab qolish uchun ixtiyoriy teng sheriklikka jalb qilinishini, shuningdek boshqaruv qarorlari uchun javobgarlikni anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |