1-savol bo’yicha dars maqsadi: Hujayralarning membranasi tuzilishi, vazifalari va ahamiyati to’g’risida tushuncha hosil qilish
1- savol bayoni: O’tgan asrlardayoq yorug’lik mikroskoplari yordamida o’simlik hujayralarini qalin qobig’ini, ko’pchilik sodda hayvonlarning zich kutikulasini ko’rishga erishilgan edi.
Ammo, elektron mikroskopik tekshirishlarni ko’rsatishicha bunday strukturalar tashqi sitoplazmatik membrananing qo’shimcha qismlari ekan holos. Ular juda ko’p hayvon hujayralarida bo’lmaydi, natijada ko’p vaqtgacha ularda qobiqning bor-yo’qligi muammo bo’lib keldi, uni yorug’lik mikroskoplarida ko’rib bo’lmadi.
Elektron mikroskopik tekshirishlar barcha o’simlik va hayvon organizmlarining har qanday hujayralari, bakteriya va sodda hayvonlar juda yupqa sitoplazmatik membrana yoki plazmolemma deb ataluvchi tashqi qobiqga ega ekanligini ko’rsatdi. Bunday qobiqning qalinligi 75 A atrofida bo’ladi va uning yorug’lik mikroskoplarida ko’rinmasligi tabiiydir.
Tashqi sitoplazmatik membrana doimo 3 qavatdan tashkil topadi. Tashqi va ichki qavatlar bir qator joylashgan oqsil molekulalaridan, o’rta qavat esa, ikki qator joylashgan lipid molekulasidan iborat bo’ladi. Har bir qavatning qalinligi taxminan 25 A dir. Membrananing bunday tuzilishini birinchi bo’lib J. Daniyelli (1934, 1952) aniqlagan. Keyinchalik 3 qavatli membrana, elementar membrana deb ataldi. Bu birinchi marta aksonlarni miyelinli qobig’ini tekshirishda (Shvan hujayralarida) aniqlandi.
Elementar membrana ko’pchilik o’simlik va hayvon hujayralarida, sodda hayvonlarda va bakteriyalarda ham topildi. Shuning uchun elementar membrana hamma organizmlar hujayralari uchun xos bo’lgan biologik strukturadir.
Ammo, N.Sharon (1970) bakterial hujayraning zich-mustaxkam qobig’ini aminokislota va qandlarni qoldigidan iborat bitta gigantik molekuladan tashkil topgan deb faraz qiladi. Ana shu qobiq juda yupqa plazmolemmani qoplab olib, uni ximoya qiladi.
Ba’zi hujayralarda elementar membrana yagona qobiq shaklida bo’ladi. Masalan, qonning shaklli elementlarini, jigar, oshqozon osti bezi, buyrak, ichak epiteliysi, teri, muskul hujayralarini, amyobani va boshqalarni qobiqlarini keltirish mumkin.
Lekin ko’pchilik hujayralarda tashqi qobiq bir necha elementar membranadan tashkil topgan bo’lib, murakkabroq tuzilishga ega. Bunga aksonning miyelinli qobig’ini misol qilish mumkin. Elektron mikroskopik tekshirishlarni ko’rsatishicha u bir-biriga juda zich joylashgan elementar membranalar naboridan iborat ekan.
Sodda hayvonlarning qobig’i-pellikula ham bir-biridan unchalik uzoq bo’lmagan oraliqda joylashgan bir necha elementar membranadan tashkil topgan bo’ladi.
Keyinngi yillarda olib borilgan elektron mikroskopik tekshirishlar hujayra organoidlaridan endoplazmatik tur, mitoxondriy, lizosomalarning ham tashqi sitoplazmatik membranaga egaligini ko’rsatdi. Bu esa, hujayraning membranali strukturalarining tuzilishini birligidan dalolat beradi.
Sitoplazmatik membranani hujayralarning bo’linishida va boshqa protsesslarda hosil bo’lishi xaqida quyidagicha tasavvurlar bor: elementar membrana sitoplazmada, qandaydir organoidlarda yoki yadroda odatda yangidan hosil bo’lmaydi; har bir yangi mebrana hujayrada avvaldan mavjud bo’lgan membrana asosida yoki matritsa bo’lib xizmat qiladigan membranani qoldig’idan kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |