5.3. O’z-o’zini tarbiyalash va o’z-o’zini kamol toptirishning psixologik- pedagogik asoslari.
Oliy o`quv yurtining talabalarida ma‘naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalashning samaradorligi ko`p jihatdan bo`lajak mutaxassislarning o`z-o`zini tarbiyalashiga, ijobiy odatlar, yaxshi fazilatlarni o`zida ongli ravishda hosil qila olishiga bog`liq. Shaxsda o`z hulqini, hatti-harakatlarini tartibga solish odati, ko`nikmasi hosil bo`lsagina ma‘naviy-axloqiy tarbiyani to`la amalga oshirish mumkin. Vijdon, mas‘uliyat hissi o`sgan bo`lishi, ijtimoiy burchni yuksak darajada anglash kabilar kishini o`z-o`zini takomillantirishga undovchi kuch hisoblanadi.
Jahon halqlari tajribasida mashhur pedagoglar tarbiya sohasida erishgan yutuqlarining muhim omillaridan biri – ular tarbiyalanuvchilarning faolligi va mustaqilligini oshirib, yoshlarning o`z-o`zini tarbiyalashi masalasini oqilona uyushtira bilganligidadir. Ular amalga oshirgan tarbiya tizimi ta‘sirchanligining boisi tarbiya jarayonini o`z-o`zini tarbiyalashga rahbatlik qilish jarayoniga aylantira bilganliklaridadir. Tarbiyaning maqsadini tarbiyalanuvchilar oldiga qiyinchiliklarni yengish va kelgusidagi yutuqlarga erishish vazifasi qilib qo`ya bilishdadir. Darhaqiqat, barkamol shaxsni tarbiyalash jarayoni faqat, kishi o`z-o`zini tarbiyalashga faol kirishgan va bu ishni muntazam davom etdirgan taqdirdagina samara berishi mumkin.
O`z-o`zini tarbiyalash talabada hosil bo`lgan ma‘naviy kamolotning natijasidir. O`z-o`zini tarbiyalash talaba ongining o`sishi, faolligi, ijodkorligi, irodasining yuksak darajada chiniqqanligi natijasida amalga oshiriladi. O`z-o`zini tarbiyalash uchun kishi o`ziga nisbatan talabchan bo`lishi, o`zining kuch va qobiliyatiga ishonishi lozim. O`z-o`zini tarbiyalash ehtiyoji ma‘lum shart-sharoitlar va tarbiya ta‘sirida hosil bo`ladi. O`z-o`zini tarbiyalash uchun yigit va qizlar o`zining jamiyatda tutgan o`rni va burchini yaxshi tushunib olgan bo`lishi kerak.
O`z-o`zini tarbiyalash natijasida kishida tashqi tarbiyaviy ta‘sirlarga ongli munosabat hosil bo`ladi va u o`z-o`zini tarbiyalashning xususiyatiga bog`liq ravishda tarbiyaviy ta‘sirni kuchaytirishi yoki kamaytirishi mumkin. Ikkinchi tomondan, talabaning o`z-o`zini tarbiyalashi muhitning va oliy o`quv yurtidagi mavjud tarbiya tizimining ta‘siri bilan belgilanadi. Bu yerda tarbiyaning obyekti ham, subyekti ham talabaning o`zidir.
Talabalarning o`z-o`zini tarbiyalashi bo`lajak mutaxassislarning ta‘lim-tarbiya jarayonida ma‘naviy-axloqiy jihatdan shakllanishini davom etdiradi, to`ldiradi, chuqurlashtiradi, barcha tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshiradi.
Odatda talabalarning o`z-o`zini tarbiyalashi masalasiga kam e‘tibor beriladi. Buning sabablaridan biri o`z-o`zini tarbiyalashning ahamiyatini tushunib yetmaslik, oliy o`quv yurti, fakultet rahbarlari va professor -o`qituvchilar o`z-o`zini tarbiyalash ishining ahamiyatiga yetarli darajada e‘tibor bermasligidadir. Shuni nazarda tutish lozimki, universitetning ko`pchilik talabalari – bu, O`zbekiston Respublikasi maktablarining kelajakdagi o`qituvchisi. Ular maktabda ta‘lim-tarbiya ishlarini bajarish bilan birga o`quvchilarning o`z-o`zini tarbiyalashi sohasidagi ishlarni ham uyushtirishi, tashkil etishi kerak. Shuning uchun ham bo`lajak mutaxassis talabalik chog`idayoq o`z-o`zini tarbiyalash metodikasi bilan qurollanishi zarur. Oliy o`quv yurtining talabalarida o`z bilimlarini takomillashtirishga, mustaqil ishlash, o`qib – o`rganishga intilish xislati mavjud. Lekin, ba‘zan, ana shu imkoniyat, intilish, o`z-o`zini tarbiyalash malakasi, tajribasi kamligi tufayli ro`yobga chiqmay qoladi. Chunonchi oliy maktabning o`quv rejalari talabalarga ma‘naviy-axloqiy jihatdan o`z-o`zini tarbiyalashga doir bilim va malakalar berish uchun katta imkoniyatlarga ega. Pedagogikadan “”O`qituvchi”, “Axloqiy tarbiya” mavzularini o`qitish tajribasi ana shundan dalolat beradi.
Talabalarda o`zlarining hatti-harakatlari va hulq-odatlariga tanqidiy va jiddiy qarash, uning oqibatlarini shaxsiy va jamiyat manfaatlari nuqtai nazaridan baholay olish odatini hosil qilish o`z-o`zini tarbiyalashning muhim bosqichi hisoblanadi. Oliy o`quv yurti talabasini o`rtoqlarining fikrlariga quloq solishga, ularning tanqidiy mulohazalarini hisobga olishga o`rgatish lozim.
O`z-o`zini tarbiyalash ishining samarali bo`lishi uchun, avvalo, talabalarda motiv, ijobiy axloqiy sifatlar mavjud bo`lishi, yigit va qizlarning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va xulqi uchun ma‘lum tartib o`rnatish talab etiladi. Talabalning o`z-o`zini tarbiyalashi bu, ulardagi ijobiy sifatlarni o`stirish va mavjud bo`lgan ayrim salbiy xislatlarni bartaraf etishdir.
Oliy o`quv yurtiga qabul qilingan talabalar-bo`lajak mutaxassislarning mustaqil ishlarini uyushtirish va ularning o`z-o`zini tarbiyalashiga ko`maklashish uchun “Talabalarning o`z-o`zini tarbiyalash dasturi”ni tuzish lozim. Dasturning birinchi qismida bo`lajak mutaxassisning shaxsiy sifatlari ko`rsatiladi. Oliy o`quv yurti talabalari o`qish davrida bu sifatlarni o`zida tarbalashlari, kamol toptirishlari lozim. Ikkinchi qismida faoliyat turlari ko`rsatiladi. Talaba ularni bajarish natijasida o`zida bu zaruriy sifatlarni hosil etadi.
Dasturning birinchi qismi quyidagilarni o`z ichiga oladi. Bozor iqtisodiyoti qonunlariga asoslangan demokratik jamiyatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti, shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida ta‘limning yangi mazmuniga o`tish – yangi o`quv rejalari va dasturlarining joriy etilishi oliy o`quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlashning sifatini tubdan yaxshilashni talab etadi, bo`lajak mutaxassislarning ma‘naviy, mafkuraviy va ilmiy saviyasini yanada oshirish psixologo-pedagogik va metodik tayyorgarligini kuchaytirishni taqozo qiladi. O`zbekistonning hozirgi taraqqiyoti sharoitida, masalan, maktablarda mustaqillik mafkurasini, milliy istiqlol g`oyasini chuqur o`zlashtirib olgan, o`zi dars beradigan fanni puxta biladigan, pedagogik mahorat va yuksak ma‘naviy axloqiy fazilatlarni egallagan o`qituvchigina muvaffaqiyatli ishlay olishi mumkin.
O`zbekiston maktabining bo`lajak o`qituvchisi milliy - ma‘naviy qadriyatlarni va milliy axloqni egallagan bo`lishi zarur. O`qituvchining kuchi va tarbiyaviy ta‘siri, avvalo mustaqillik mafkurasi, milliy istiqlol g`oyasi uning e‘tiqodiga aylanganligidadir. Oliy o`quv yurtlarida yangi o`quv rejalari va dasturlari joriy etilishi, milliy madaniy qadriyatlarga doir adabiyotlarning ko`plab nashr etilayotganligi, yuqori malakali professor-o`qituvchilarning mavjudligi talaba yoshlarni ma‘naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash ishini yuksak darajaga ko`tarishga imkon beradi.
Umumiy ta‘lim maktabining o`qituvchisi chuqur ilmiy tayyorgarlikka, keng aqliy bilimlarga ega bo`lishi lozim. Bo`lajak mutaxassislarga berilayotgan bilimlar doirasini tobora kengaytira borish, ixtisoslik fanlariga doir bilimlarni puxta o`zlashtirishga erishish oliy maktabning asosiy vazifasidir. Shu bilan birga yosh mutaxassislar mustaqil o`qib, o`z bilimlarini muntazam oshira borish ko`nikmasini hosil qilishlari zarur.
Bo`lajak mutaxassislar chuqur psixologo-pedagogik tayyorgarlikka ega bo`lishlari zarurligini hayotning o`zi taqazo etmoqda. Bo`lajak o`qituvchi pedagogika fanining nazariyasi va tarixini, didaktikani, tarbiya nazariyasi va metodologiyasini, xususiy metodikalarni, psixologiya va bolalar fiziologiyasini yaxshi bilishi lozim.
Demokratik huquqiy jamiyat shakllana borishi bilan mutaxassislarning ijtimoiy hayotdagi o`rni va roli ham orta boradi. O`qituvchilar jamiyatimizda ilg`or va faol kishilardir. O`zbekiston davlati ijtimoiy-iqtisodiy, mafkura, madaniyat, ta‘lim sohalarini tubdan isloh qilish vazifasini hal etishda o`qituvchilarga tayanadi.
Bo`lajak mutaxassisga xos shaxsiy, kasbiy, axloqiy sifatlarni egallash uchun talaba, avvalo, tanlagan kasbining shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatini anglab olishi, unda pedagoglik kasbiga qiziqish va ishtiyoq bo`lishi zarur. Bu fazilat shaxsning pedagogik yo`nalishini tavsiflaydi.
O`qituvchi shaxsini tavsiflaydigan muhim sifatlardan yana biri pedagogik ishga qobiliyatning mavjudligidir. Pedagogik kuzatuvchanlik, mushohada, muloqot madaniyati, pedagogik takt, tashkilotchilik, kasbiy mahorat, iqtidor kabilar pedagogik ishga qobiliyatning mavjudligini ko`rsatadi.
Huquqiy demokratik jamiyat va pedagogik faoliyatning xarakteridan kelib chiqadigan bu talablar bo`lajak mutaxassis qanday fazilatlarni egallab olishi zarurligini talabalarga yaqqol ko`rsatib beradi. Bo`lajak muallim egallab olishi lozim bo`lgan bu shaxsiy sifatlar ularning intilishi uchun istiqbol marra, ideal bo`lib xizmat qiladi.
Tarbiya jarayonida talaba o’z-o’zini tarbiyalashi, ya’ni o’z ustida ishlash, aktiv ish olib borsagina tarbiyani samarali deb aytish mumkin.
Talaba o’z-o’zini tarbiyalash borasida istiqbolini yaratishga intilishi, hayotda ma’lum mustaqillikka intilishda namoyon bo’ladi. O’z-o’zini tarbiyalash oilada va ukuv muassasasidagi tarbiyaviy ishlarning ta’siri ostida ro’y beradi. O’z-o’zini tarbiyalash jamoadagi shaxslarda faolroq amalga oshishi mumkinligi ularda iroda, tirishqoqlik intizomni tarbiyalaydi. O’z-o’zini tarbiyalash shaxslarning o’z oldida muayyan vazifa qo’ya olishini, uni bajarishida ichki ishtiyoq bilan bajarish jarayonida shu vazifani bajarishi mumkinligini anglashni, nima qilganligi haqida hisobot berilishini nazorat qilishni va to’plangan vazifalarning aniq natijalariga baho berishni o’z ichiga oladi. O’z-o’zini tarbiyalash shaxsiy majburiyat, o’z ishi haqida hisobotlarni tahlil qilish, o’z-o’zini nazorat qilish, o’z-o’ziga baho berish usullariga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |