SINONIMLAR VA ANTONIMLAR
So'zlarning turlari va ma'nolari ularni qiyoslash orqali oydinlashadi. So'z ma'nolarining o'xshashligi sinonimiyani, qarama-qarshiligi esa antonimlarni aniqlash uchun asosiy mezon hisoblanadi. Bir tushuncha, hodisa, narsa yoki belgini ifodalovchi, ma'nolari o'xshash yoki yaqin bo'lgan, turli ma'no sifatlarini va ekspressiv-stilistik bo'yoqlarni farqlash uchun xizmat qiluvchi so'zlar sinonimlar deyiladi (grekcha synonima – "bir xil ma'nodagi nom").
Odatda, bunday so'zlar sinonimik qatorga birlashtiriladi: botir, qo'rqmas, dadil, mard, jasur yoki baland, yuqori so'zlari alohida sinonimik qatorni tashkil etadi. Ingliz tilida earth, ground, land, soil so'zlari bir sinonimik qatorga kiradi. Biroq sinonimik qatorga kirgan har bir so'z o'zining, qo'llanishi bilan farq qiladi. Bir sinonimik qatorga kirgan so'zlar bir xil so'z turkumiga oid bo'ladi, biroq ularning o'zagi, morfemik tarkibi, fonologik strukturasi, ma'no sifatlari va ekspressiv ma'nosi turlicha bo'ladi. Masalan, aft, bashara, istara, chehra, yuz, nusxa, turq so'zlarining ma'nolari juda yaqin, biroq ulardan nusxa, turq, bashara so'zlari bu sinonimik guruhda stilistik jihatdan kishining salbiy va chehra, istara so'zlari esa ijobiy emotsional-ekspressiv hissiyot uyg'otish uchun qo'llanadi (qiyoslang: chehrasi ochiq, turqi sovuq, basharasi qora, nusxasi qursin kabi). Demak, bu sinonimik guruhga kiruvchi so'zlar konnotativ (ekspressiv) ma'nolari bilan ajralib turadi. Biroq bu sinonimik guruhga kiruvchi so'zlar yuz so'zining asosiy ma'nosi (sememasi) bilan birlashgan. Yuz so'zi mazkur sinonimik qatorning yetakchisi yoki dominanti hisoblanadi.
Sinonimlar, asosan, to'rt turga bo'linadi:
1. Ma'no sifatiga putur yetkazmay, bir-birining o'rnida bemalol ishlatila oluvchi so'zlar to'liq sinonimlar deb ataladi: tilshunoslik – lingvistika.
2. Ma'nolari jihatdan farqlanuvchi sinonimlar semantik turga kiradi: botir, jasur, qo'rqmas, dadil.
3. Nutq situatsiyasi yoki kontekstda ma'nolari jihatdan bir-birining o'rnida ishlatila oluvchi sinonimlar kontekstual sinonimlar deb ataladi: shoir, yozuvchi, adib.
4. Ma'no sifatlarida emotsional-ekspressiv hissiyotni ifodalovchi sinonimlar stilistik sinonimlar deyiladi: yuz, bashara, aft, chehra, nusxa, turq kabi.
Sinonimik qatorga kiruvchi har bir so'z boshqa so'zlar bilan ma'lum aloqada bo'ladi. Ba'zan chet tildan kirgan so'z ona tilidagi so'z bilan bir ma'noni ifodalash uchun qo'llanib, sinonim bo'lib qoladi: prokuror – qoralovchi, taftish komissiyasi – reviziya komissiyasi, advokat – oqlovchi kabi.
Tildagi sinonimlar yig'indisi sinonimika deb yuritiladi. Sinonimika – til boyligi. Ularni bilish, qo'llash san'atini egallash yuqori nutq madaniyatining belgisidir: sinonimlar fikrni aniq va ravshan, rang-barang ifoda qilishga yordam beradi.
Karama-qarshi ma'nolari bilan guruhlanuvchi so'zlar antonimlar deyiladi (grekcha anti – "zid", onyma – "nom"). Antonimlar leksik (so'z ma'nolari zidligi) va grammatik (grammatik shakllarning zidligi) turlarga bo'linadi. Leksik antonimlar: yaxshi – yomon, uzun – kalta, cho'ziq – qisqa, qora – oq, chiroyli – xunuk kabi. Grammatik antonimlar: tuzli – tuzsiz, shirin – bemaza, ishli – ishsiz, bekor kabi. Bulardan tashqari antonimlar yana quyidagi uch turga bo'linadi:
1. Gradual va koordinatsiya qilingan qarama-qarshiliklar antonimlari: oq – qora, uzoq – yaqin, boy – kambag'al, kun – tun va boshqalar.
2. Konversiya qarama-qarshiliklar antonimlari: urush – tinchlik, er – xotin, sotmoq – sotib olmoq.
3. Tushunchalarning dixotomik bo'linishlari antonimlari: ataka – kontrataka, qonuniy – noqonuniy.
Antonimlar – bir-birini inkor etuvchi ma'nodagi so'zlar o'rtasida vujudga keladi. Ular o'zining sinonimlariga ega bo'lishi mumkin. Masalan: kalta (pakana) – novcha (uzun), ta'mli (shirin) – ta'msiz (bemaza, beta'm) kabi. Demak, antonimlar sinonimlar bilan ham bog'lana oladi. Antonimlar zid ma'nodagi so'zlarni qiyoslash natijasida kelib chiqqan bo'lib, og'zaki va yozma nutqda ko'p qo'llanadi.
Antonimlar tilning tasviriy vositalaridir. Badiiy adabiyotda antonimlar yorlamida sintaktik birikmalardan antiteza hosil qilinadi:
Zulm ila elligu yuzni olur.
Boz tanobini duchandon solur.
Dog'i bular yaxshiyu, bizlar yomon...
(Muqimiy).
Antiteza maqollarda ham ko'p qo'llanadi: Nodon do'stdan ziyrak dushman yaxshi.
Do'stlaringiz bilan baham: |