Ommaviy demokratik harakatlar – ijtimoiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi. Ular siyosiy jarayonlarga kuchli ta’sir ko’rsatib ijtimoiy hayotni o’zgartiradi va rivojlantiradi.
1. Urush xavfiga qarshi olib borilayotgan siyosiy harakatlarda qurolsizlanish masalalari bilan muntazam shug’ullanib kelayotgan «Jahon tinchlik kengashi», «Xalqaro tinchlik instituti», «Evropa kengashi» singari xalqaro siyosiy tashkilotlarning roli va ahamiyati katta bo’lmoqda.
2. Siyosiy harakatlarning asosiy yo’nalishlaridan yana birini – jahon taraqqiyotiga katta xavf tug’dirayotgan terrorizmga qarshi kurash masalalari tashkil qiladi.
2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir bo’lgan fojiali voqealardan so’ng mintaqa va umuman dunyoda yuzaga kelgan vaziyat, xalqaro terrorizm ofatining ildizlari, omillari va sabablari, uning insoniyat boshiga keltirgan fojialari xususida prezident Islom Karimovning 2001 yil 6-7 dekabrda bo’lib o’tgan 2-chaqiriq Oliy Majlis 7-sessiyasida «Biz uchun xalqimiz, Vatanimiz manfaatlaridan ulug’ maqsad yo’q» mavzusidagi nutqida asoslab berildi. O’zbekiston ushbu ofatga qarshi kurash muammolariga munosabatini bildirdi. Sessiya xalqlarni terrorizmga qarshi kurashda birdamlik haqida Oliy Majlisning O’zbekiston xalqiga murojaatini e’lon qildi. U «Terrorizmga qarshi kurashda birdam bo’laylik» nomini oldi. Murojaatda terrorizmga qarshi kurashda xalqimizning birdam, sobitqadam bo’lishi va ogohlikni qo’ldan bermaslik naqadar zarurligi, mamlakatimiz kelajagi uchun katta ahamiyatga egaligi ko’rsatib berildi. Prezident Islom Karimovning 2002 yil 11-14 mart kunlari AQSHga safari va Prezident J.Bush bilan uchrashuvida bu masala dunyo jamoatchiligi tomonidan ham to’la qo’llab-quvvatlandi. Buning sabablarini quyidagicha izohlash mumkin: Birinchidan, ilgari terrorizm dunyoning turli mintaqalarida o’zaro bog’liq bo’lmagan bo’lsa, endilikda esa bu harakatlar bir-biri bilan chambarchas bog’lanib bormoqda. Ikkinchidan, terrorizmning jahon tsivilizatsiyasiga qarshi ofatga aylanishi ko’plab davlatlar va ularning rahbarlari dunyodagi sog’lom siyosiy kuchlarning bu masalaga oxirgi paytgacha e’tibor bermaganligi va qat’iyat bilan kurash olib bormaganligi bilan bog’liq. Davlatimiz rahbari I.A.Karimov dunyoda birinchilardan bo’lib terrorizmning butun insoniyatga xavfi to’g’risida xalqaro anjumanlarda dunyo jamoatchiligini ogohlantirgan edi. Uchinchidan, xalqaro terrorizm biror bir millat yoki xalq emas, balki butun dunyo xalqlari taraqqiyotiga xavf soladi. To’rtinchidan, terrorizmga qarshi kuchlarni birlashtirib, bir yoqadan bosh chiqarib kurashish zarurligiga jahon jamoatchiligi iqror bo’layotganligidir. Bu qarashlar, terrorizmga qarshi O’zbekistonning munosabati 2001 yil 5 oktyabrda e’lon qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning bayonotida va O’zbekiston milliy axborot agentligi muxbiri bilan bo’lgan suhbatida o’z ifodasini topdi.
3. Siyosiy harakatlarning muhim, asosiy yo’nalishlardan yana biri ekologik halokatga qarshi birgalikda kurashdir. Bunda siyosiy harakatlar «Yashillar harakati», «Tabiatni muhofaza qilish harakati», «Tabiiy muhitni saqlash harakati», O’rta Osiyo respublikalarining «Orol xalqaro jamg’armasi» bo’yicha hamkorligi kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
4. Hozirgi kunda siyosiy harakatlarda yetakchi kuchlardan biri yoshlar harakatlaridir. «Demokratik yoshlar federatsiyasi» harakati jahondagi 300 dan ortiq milliy yoshlar tashkilotlarini o’zida birlashtirgan.
5. Talaba yoshlar harakati ham yetakchi siyosiy harakatlardan biridir. «Xalqaro talabalar uyushmasi» tinchlik va xalqaro xavfsizlik uchun barcha mamlakat talabalarini o’zida uyushtirgan.
6. Siyosiy harakatlarda xotin-qizlar ham ishtirok etmoqda. «Xalqaro xotin-qizlar kengashi», «Xalqaro xotin-qizlar demokratik federatsiyasi», «Butunjahon qishloq xotin-qizlari Assotsiatsiyasi» singari ko’plab xalqaro tashkilotlar tinchlik, demokratiya uchun kurashib kelmoqda.
7. Sobiq SSSR hududida, xususan, Litvada «Sayudis», Ukrainada «Rux», Rossiyada «Demokrotik Rossiya», Tojikistonda «Rastoxez» demokratik harakat sari, O’zbekistonda «Xalq birligi» harakati (1995) va hokazo yuzaga keldi.
O’zbekistonda 1989–1993 yillarda bir qator norasmiy siyosiy harakatlar ham yuzaga kelgan edi. Ular, asosan quyidagilardan iborat:
1. «Birlik xalq harakati» (1988).
2. «Intersoyuz» uyushmasi (1989).
3. «O’zbekiston demokratik harakati» (1989).
4. «O’zbekistonda demokratik islohotlar uchun harakat» (1991).
5. «To’maris» xotin-qizlar harakati (1990).
6. «Yashillar» xalq partiyasi (1992).
7. «Birlik» partiyasi (1990).
8. Erkin dehqonlar partiyasi.
9. Sayqal ijodiy intelligentsiya demokratik harakati.
10. O’zbekiston Respublikasi «Xalq birligi» jamoatchilik harakati (1995) va hokazo.
Bu siyosiy harakatlarning ko’pchiligi O’zbekiston o’z milliy mustaqilligini qo’lga kiritgach tarqalib ketdi, ba’zi birlari Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |