Falak qadro! Maning xud yo’q hunardo fazlim, asrosang,
Va lekin piri ojizman, mani tangri uchun asro –
baytiga nazar solsak, Mirzo Ulug’bek hukmronlik qilgan davrda shoirning yoshi ancha ulug’ bo’lganligini (“piri ojiz”), shunday go’zal qasidalar bag’ishlagan Mirzo Ulug’bekning fojiali o’limi to’g’risida biror narsa yozmaganligini, shoir 1449 yilgacha vafot etgan deya taxmin qilish mumkin.
Sakkokiyning ijodi, xususan, Mirzo Ulug’bek podshohlik qilgan davrda (1409-1449) kamol topdi. Ma’lumki, bu davrda Samarqand poytaxt sifatida barcha ilm va adabiyot ahlini o’zida jamlagan edi. Sakkokiy shular jumlasidan bo’lib, g’azalnavislikda san’atkorlik mahoratini yaxshi egallab, o’zbek qasidachiligining asoschilaridan biri bo’ldi.
Bizgacha Sakkokiy qasidalari va g’azallari jamlangan devonining ikkita noto’liq, deyarli bir xil: Britaniya muzeyida (taxminan XVI asr o’rtalarida ko’chirilgan nusxa) 2079, O’zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida (1937 yil Shoislom kotib tomonidan ko’chirilgan nusxa) 7685 raqami ostida saqlanayotgan nusxalari yetib kelgan.
Taniqli tilshunos olim Ergash Umarov tomonidan shoir devonining AQSH Blumington shahridagi Indiana universitetida saqlanayotgan yana bir nusxasi fotokopiyasi O’zbekistonga olib kelinganligi va u Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutiga topshirilganligi to’g’risida ma’lumotga egamiz, xolos. Afsuski, bu fotonusxani topishning iloji bo’lmadi.
Sakkokiy XV asrda yashagan qasidago’y shoirlar orasida bizgacha eng ko’p qasidalari yetib kelgan shoir bo’lib, Navoiy negadir uning qasidachilikdagi o’rni, yoki qasidalari borasida hech narsa demagan.
Sakkokiy devonida 1 hamd, 1 na’t va 11 madh qasida mavjud. Madh qasidalarning bittasi Xoja Muhammad Porsoga, bittasi Xalil Sultonga, to’rttasi Ulug’bek Mirzoga, 1 tasi Shohrux Sultonga (ammo, bu qasida devonda “Ulug’bek mirzo madhi” sarlavhasi bilan berilgan), to’rttasi Arslon Xoja Tarxonga bag’ishlangan. Jami qasidalar 407 bayt yoki 814 misrani tashkil etadi.
1958 yilda Qavomiddin Munirov tomonidan nashrga tayyorlangan shoirning “Tanlangan asarlari”da 56 ta g’azal, “O’zbek adabiyoti bo’stoni” seriyasida nashr etilgan “Hayot vasfi” kitobida 55 g’azal, har ikki nashrda ham “Keldi” radifli qasidasi kiritilgan. Toshkent qo’lyozma nusxasida ham, Britaniya muzeyi qo’lyozma nusxasida ham 57 tadan g’azal mavjud. (“Mevlana Sakkaki divani”da Toshkent qo’lyozma nusxasining 41-42 betlari nima uchundir berilmay, 52 ta g’azal sanalgan.)
Devonlarda g’azallar “Kunilarmen” radifli biror sabab bilan matla’si tushib qolgan g’azal bilan boshlanib, “Ey labung eglik ko’ngullarning davou marhami” misrasi bilan boshlanuvchi g’azal bilan tugaydi. Devonda jami 2 ta “nun”, 15 ta “hoyi havvaz”, 40 ta “yoy” harflari bilan tugallanuvchi, jami 57 g’azal mavjud.
Toshkent qo’lyozma nusxasida Britaniya muzeyi nusxasidan farqli ravishda “Sochingdin nofa doim kin ichinda”, deb boshlanuvchi g’azalning so’nggi 2 bayti, “Ey bodi sabo, bizdin ayit yor qoshinda”, deb boshlanuvchi g’azalning so’nggi to’rt bayti yo’q.
Toshkent qo’lyozma nusxasi chiroyli va tushunarli xatda yozilgan. Qo’lyozmaning o’zida xatolar mavjudligidan u juda ko’p marta ko’chirilgan nusxaga o’xshaydi. Ba’zi o’rinlarda so’zlarni faqat ma’nosidangina anglash mumkin. Devonning 54-(so’nggi) betidagi ma’lumotga ko’ra, Sakkokiyning shu devonini Shoislom kotib Fitratning qo’lida bo’lgan qalam nusxadan ko’chirgan.
Devondagi g’azallardan tashqari, bir qator boshqa manbalarda Sakkokiyga nisbat berilgan g’azallar, baytlar mavjud. Ularning soni 10dan ziyod bo’lib, jumladan, “Mevlana Sakkaki divani”da Sulaymoniya kutubxonasi, Ayosofiya bo’limida 4757 raqam ostida saqlanuvchi bir majmuadagi Sakkokiy taxallusi bilan yozilgan 3 ta g’azal matni keltirilgan. Ular “Ey zulfi zanjirim biror devonalarni yod qil…”, “Ey mening ko’nglumni zulfitek parishon aylagan…”, “Ey orazi bargi gulu vey qomati sarvi suman…” matla’lari bilan boshlanadi. Demak, shoirning devondagi 57, yuqoridagi majmuadagi 3 g’azali bilan jami 60 ta to’liq g’azali yetib kelgan.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»da Sakkokiyga nisbat qilinadigan devonga kiritilmagan quyidagi matla’ni:
Ne nozu bu ne shevadur, ey jodu ko’zluk sho’xshang,
Kabki dariy, tovusda yo’q, albatta, bu raftoru rang.
Yaqiniy “O’q va yoy” munozarasida quyidagi baytni:
Jonim fido bo’lsun sening g’amzang o’qina nechakim,
Har necha qoshing egmasi o’qtek bo’yumni “yo(y)” qilur.
Shayx Ahmad Taroziy “Funun ul-balog’a” asarida quyidagi baytlarni:
Ey soching shaydo ko’ngullarning savodi a’zami,
Halqa-halqa ruhning sarmanzalidur har xami…
Soldi kuygan ko’ngluma ul englari gulnor nor,
Bo’lmadi hargiz manga ul dilbari ayyor yor…
Bo’stonda gul yuzungg’a o’zni har dam o’xshatib,
Bo’lmish araq to g’arqu hanuz infioli bor…
Sanuvbaroki, sening labingda muncha xavos,
Kim ani so’rsa balodin topar jahonda xalos…
Yuzung guli muzayyan etar husn bog’ini,
Xoling savodi nahv qilur ko’z charog’ini…
Atlas erur saqollari, barcha bulutlari nasaj,
Garchiki durru donadur og’zini ochsa to’dasi…
Sarv ne had birla sarkashlik qilur qadding bila,
Bilgurur maydon ichinda har kishining poyasi…
Va ushbu:
Gulyuzungni ko’rsa bulbul dar chaman,
Kechib o’z savdosidin bo’lg’ay chu man.
Lablaringg’a teng tutar o’zni aqiq,
Bilmasu behuda so’zlar ul Yaman,
– ruboiyni keltiradi.
Shayx Ahmad Taroziyning ushbu ma’lumotlari orqali biz Sakkokiyning nisbasi Sabroniy ekanligi, shuningdek, u nafaqat g’azal va qasida janrlarida ijod qilganligi, balki ruboiylar ham yozganligidan xabardor bo’ldik. Faqat bu ruboiy vaznida emas, tuyuq janri vaznida bitilgan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Alisher Navoiyga qadar turkiy she’riyatda ruboiy tuyuq janri vaznida yozilgan. Bu ikki janrning birgina farqi qofiyaning tajnis yoki tajnis emasligida bo’lganga o’xshaydi. Buni Lutfiyning “Sensan sevarim” kitobiga kiritilgan ruboiylarida ham kuzatish mumkin.
Boshqa masalalarni oydinlashtirish uchun shoirning to’liq devoni topilishiga umid bog’lab qolamiz.
SAKKOKIY G’AZALLAR VA QASIDA
SAKKOKIY (15-a.) shoir. Ismi, tug’ilgan va vafot etgan yillari noma’lum. Samarqandda Xalil Sulton (1405-09) va Ulug’bek hukmronligi davrida yashab, ijod etgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan: «Turkiy alfozining bulag’osindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bag’oyat va birining latif g’azaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur» («Xutbai davovin»), Sakkokiy xalqining boy og’zaki ijodini, salaflari asarlarini puxta o’rgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida ko’p ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat go’zalliklarini tasvirlagan. G’azallarida ma’no va shakl birligini saqlab, so’z o’yinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik g’oyalari ilgari surilgan. Bunday g’oyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon bo’lgan.
Sakkokiy o’zbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Xoja Muhammad Porso, Xalil Sulton, Ulug’bek va Arslon Xoja Tarxonlarga bag’ishlab qasidalar yozgan. Qasidalaridan birida Ulug’bekni xalqning mehribon hukmdori, ma’rifatparvar va buyuk olim sifatida ulug’laydi. Shunday ma’rifatparvar podshoh bilan zamondosh bo’lganidan faxrlanadi va:
Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga,
Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi,
degan misrlarini yozgan.
Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta ta’sir ko’rsatgan; o’zbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Shoir g’azallari va qasidalari devon qilib to’plangan bo’lsa-da, to’liq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Shoir devoni Londonda, Britaniya muzeyida va O’zbekiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. № 7685) saqlanadi (O’zbekiston Milliy entsiklopediyasidan).
Do'stlaringiz bilan baham: |