18-modda. Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi qo‘mitalari:
1) o‘z tashabbusi bilan yoki Qonunchilik palatasining topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining hamda o‘zining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi boshqa qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadi;
2) qonun loyihalarining dastlabki tarzda ko‘rib chiqilishini va ularni Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;
3) qonunlarning loyihalari yuzasidan xulosalar beradi, qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish, uning ustida ishlashni davom ettirish yoki asoslantirilgan holda uni rad etish to‘g‘risida Kengashga takliflar kiritadi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
5) fraksiyalar taklifiga ko‘ra joylarda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini o‘rganadi;
(18-modda birinchi qismining 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiardi)
6) Qonunchilik palatasining topshirig‘iga yoki palata Kengashining tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki palata vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan mas’ul bo‘ladi;
7) kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rahbarlarini jalb etadi;
8) qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;
9) kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar matniga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
10) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni talab qilib oladi;
Oldingi tahrirga qarang.
11) davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi, Qonunchilik palatasi va uning Kengashi, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari qarorlarining bajarilishi to‘g‘risidagi axborotini eshitadi;
(18-moddaning birinchi qismi 11-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12) davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunlarning, Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi holatini, huquqni qo‘llash amaliyotini vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib o‘rganadi;
(18-moddaning birinchi qismi 12-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son)
13) yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini ta’minlash uchun qonun osti hujjatlarining o‘z vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi
Qonunchilik palatasi qo‘mitalari qonunlarga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(18-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-411-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |