Elchibek uni chaqirib, bir issiq gap aytgisi keldi
. (A.Muxtor)
Iliq
so`zi ham konnotativ ma’no ifodasiga ega. Iliq ko`rishmoq, iliq
suhbatlashmoq, iliq munosabat birikmalarida buni kuzatamiz.
Muhammadjon
doim iliq muomala qiladigan Zufar Hakimovich bugun nega qo`l berib
ko`rishmagani mana shu istehzoli savoldan bilinib turardi
. (P.Qodirov)
Tozalik, ifloslik holatlarini ifodalovchi sifatlar (toza, ozoda, sof, musaffo,
kir, isqirt, irkit) ham ko`p ma’noliligi, uslubiy vazifalar bajarishi bilan
xarakterlanadi. Toza, ozoda, sof, pok, pokiza, musaffo, beg`ubor, g`uborsiz
sifatlari o`zaro sinonimlikka kirishishi bayon etiladi [41,194]. Bu so`z
ifloslikdan, gard-g`ubordan xoli ma’nosiga ega. Toza sifati keng qo`llanishga
ega. Ozoda so`zida belgi daraja kuchliroq. Pok nisbatan kam qo`llanadi. Sof,
58
musaffo sifatlari, odatda, badiiy uslubda ishlatiladi. Musaffo holat sifati narsa-
hodisaga ko`ra sifatlovchi bo`lib keladi. Masalan:
Yaqindagina shuvalab o`tgan
yomg`irdan keyin havo musaffo
. (S.Anorboev)
Kir
so`zi ko`chma ma’noda “yaramas, jirkanch, iflos” ma’nosiga ega
bo`lishi aytiladi. Masalan:
Yoshlik o`tdi. Bo`yi yetdi. Kir odat uni zindondek
hovliga soldi.
(Mirtemir) Kir holat sifati orqali bir necha iboralar
shakllanganligiga guvoh bo`lamiz. Bularga ko`nglida kiri yo`q, tirnoq ostidan
kir qidirmoq, ko`nglini (dilini) kir qilmoq, tishining kirini so`rmoq kabilan misol
bo`ladi. Misollar:
1.
Darrov tirnoq ostidan kir qidirasiz-a, Samadov. (
P.Qodirov)
2.
Ular (boylar) palov yeb, tishini kovlaganlarida, biz tishimizning kirini
so`rib, o`choq oldida chorig`imizni quritar edik
. (P.Tursun)
3.
Yuragida bori yuziga tepib turadigan bunday kishilarni, ko`nglida kiri
yo`q, deb maqtaydilar.
(P.Qodirov)
Narsa-hodisaning eskilik, yangilik holatlarini ifodalovchi yangi, eski,
churuk, uvada, juldur va b. holat sifatlari ishlatilish doirasi keng.
Uvada
so`zi
kam qo`llanadi. Uvada so`zi quyidagi ma’no ifodalariga ega:
1. Kiyim, to`shak va sh.k. ning to`zgan, uzilgan parchasi.
2. Eskirib, sitilib, yirtilib dabdala bo`lgan kiyim-kechak, latta-putta, eski-
tuski.
3. Yirtilgan, to`zgan, uvada holga kelgan: Uvada kamzulda billur
tugmaday, bulutlar ortidan boqadi yulduz. (A.Oripov)
4. Ko`chma. Uvadaga o`xshash narsa haqida: Oppoq uvada bulutlarni
shamol haydaydi. (S.Zunnunova)
Holat sifatlari o`zining ekspressiv ko`chma ma’noda ishlatilishi bilan
ajralib turadi. Bunday leksemalar narsa yoki hodisa xususiyatining bir tomoni,
belgisini alohida ta’kidlab, kuchaytirib ifodalash uchun qo`llaniladi.
Salbiy stilistik ottenkani ifodalash imkoniga ega qattiq so`zi odatdagi
sharoitda o`z shaklini va hajmini saqlaydigan holat ma’nosini ifodalaydi: qattiq
jism. Qattiq so`zi qattiq jismlar, uy ashyolari, ovqat, inson tana a`zolari, qurilish
59
materiali, qog`oz mahsulotlari, o`rin bildiruvchi so`zlar, o`simlik, mevalar
belgisini ifodalaydi: qattiq tosh, qattiq o`rindiq, qattiq non, qattiq qo`l, qattiq
sement, qattiq po`lat, qattiq qog`oz, qattiq lavlagi, qattiq joy.
Inson ruhiyati juda serqirra bo`lib, u shodlik, g`azab, xafalik, loqaydlik
kabi turli holatlar majmui sanaladi. Shundan kelib chiqib, tilimizdagi ruhiy holat
ifodalovchi sifatlarni bir qator turlarga ajratish mumkin [34].
1. Xursandlik holatini ifodalovchi sifatlar. Kishi ruhiyatidagi davriy yoki
oniy lahzalarni, muayyan bir harakat yoki holatdan mamnunlikni turli shakllarda
aks ettiradi. Bunday sifatlarning barchasi semantik jihatdan bir nuqtaga, bir
lug`aviy sifat guruhiga birlashadi:
mamnun, xursand, xushnud, xurram, quvnoq,
shod, shodmon, xushchaqchaq, masrur
kabi. Bularning bir qismi poetik nutqda
keng qo`llansa, ya’nimamnun, xushhol, xurram va h.k., bir qismi so`zlashuv
uslubida keng qo`llanadi. (xursand, shod, quvnoq va b.). Masalan:
G`urbatda
g`arib shodmon bo`lmas emish.
(A.Navoiy)
2. Xafalik holatini ifodalovchi sifat leksemalar ham tilimizda keng
tarqalgan:
g`amgin, dilgir, xafa, xomush, ma’yus, giryon, xunibiyron, diltang
va
b. Bularning qo`llanishi ham turlichadir.
Dilgir, giryon, xunibiyron, diltang
kabilar juda kam qo`llanadi.
Xafa, g`amgin, xomush, dilgir kabi sifat leksemalarida belgini ifodalash
deyarli bir xil. Bular kishining yuz-ko`zidan ifodalanib turadigan g`amginlik
holatini bildirishga xizmat qiladi.
G`ash
sifati insonning ichki kechinmalari,
ruhiy iztirobi bilan bog`liq holatni aks ettiradi. Nimadan ko`ngling g`ash,
nimada darding, hoy, kichik qishloqning jajji bolasi? (M.Ali)
3. G`azabli holatni ifodalovchi sifat leksemalar. Bular qatoriga
g`azabnok,
kinli, darg`azab, g`azabli
kabilardir. Ular orqali insonning tevarak-atrofdagi
voqea-hodisalar, predmetlar, odamlar hatti-harakatidan noroziligi tufayli yuzaga
kelgan kuchli ruhiy holati ifodalanadi:
Ba’zanyog`ayotgan o`qlar bamisol
Dudoqlaridan kinli so`zlar uchgan on
. (A.Suyun)
60
Keltirilgan misoldan kin (kinli) so`zi norozilik, gina ma’nolaridan tashqari,
matnga bog`liq holda g`azab ma’nosini ham ifoda etmoqda.
4. Ijobiylik yoki salbiylik semasini ifodalovchi sifat leksemalar
sog`,
sergak, hushyor, lol, mudroq, loqayd
va h.k. lar ikki xil ruhiy holatni ifoda etish
uchun qo`llanadi.
5. Kishining hayotiy ahvoli, holatini ifodalovchi
kambag`al, faqir,
qashshoq, bechora, gado, bechorahol, yo`qsil, miskin, yetim, mushfiq, musofir,
boy, badavlat, davlatmand
kabilar kishining hayotiy ahvoli, holatini ifodalashga
xizmat qiladi:
Mushfiq ona ko`z oldida
O`sib borar farzandi
. (E.Vohidov)
6. Predmetning harorat belgisini bildiruvchi sifat leksemalar predmetga
nisbatan qo`llanganda haroratning uch xil darajasini, ya’ni
sovuqlik, iliqliq yoki
issiqlikni
ifodalashga xizmat qiladi: Sovuq marmar toshni siypalab, silab...
(M.Ali). Issiq nafas purkar har bir deraza. (Shukrullo)
Yuqoridagilardan tashqari tozalik, ifloslik holatlarini
ifodalovchi
predmetning yangilik-eskilik holatlarini ifodalovchi, tinch va notinchlik
holatlarini ifodalovchi sifat leksemalar va ularning semantik – uslubiy
xususiyatlari haqida manbalarda bayon etilgan [35].
Xullas, holat ifodalovchi sifatlar sifatning ma’no jihatdan salmoqli turini
tashkil etadi. Holat sifatlarining uslubiy vazifalari ham juda keng, qo`llanish
doirasi keng, holat sifatlarining tarkibida ham o`z, ham o`zlashma qatlamga oid
so`zlarni kuzatish mumkin. Ular nasr bilan birga nazmda ham ko`p qo`llanadi.
Nazmda qo`llanganda nasrdan ko`ra ko`proq ko`chim ifodalab keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |