I.G. Ayzenk testi va uning tadqiqot maqsadiga mosligi.
Sotsial intellektni rivojlanishining asosiy omillaridan biri shaxs tiplari ekanligini nazardan qochirmagan holda, biz tadqiqotimizda aynan shaxs tiplarini o‘rganishga qaror qildik. Ilmiy adabiyotlarda shaxs tiplarini aniqlashga qaratilgan juda ko‘p usullar, testlar qayd etilgan. Biz shular ichidan barchaga ma’lum va mashhur ingliz psixologi G.Yu. Ayzenk testi imkoniyatlaridan foydalanishni lozim topdik.
Mazkur usul G.Ayzenkning individual-tipologik xususiyatlarini aniqlash testi majmuasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda shaxs «ekstroversiya», «introversiya», «neyrotizm» shkalalaridagi ko‘rsatkichlar yordamida tadqiq qilinadi. Bu esa o‘qituvchilarni sotsial intellekti uchun xarakterli jihatlarni o‘rganish imkonini beradi. I.P. Pavlov va K. Yung qarashlarini umumlashtirib, G. Ayzenk ikki parametrli yo‘nalish chizig‘idagi individuallikning «ekstroversiya» (tashqi), «introversiya» (ichki), «neyrotizm» (asabiylik-hissiy noqat’iylik) – hissiy qat’iylik xususiyatlarining mahsuli sifatida tadqiq qiladi va olingan ma’lumotlarni maxsus kalit sifatida Gippokrat tomonidan nomlangan temperament tiplari chizmasiga joylashtirdi. Demak, «ekstroversiya»ning «noyob» xususiyati sifatida uning «qo‘zg‘aluvchanligi» va «harakatchanligi» kuzatilsa, «introvert»da esa biroz «sustkashlik» kuzatiladi. «Noqat’iylik» esa qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonining qo‘nimsizligi oqibatidir.
Usulni qo‘llash tartibi
So‘rovnoma 57 savoldan iborat bo‘lib, shundan 24 tasi ekstraversiya introversiya, 24 tasi neyrotizm va 9 tasi o‘rnatilgan tartibdagi nazorat shkalasiga daxldorlikni bildiradi.
Ishni bajarish tartibi: Eksperiment individual yoki guruhiy shaklda o‘tkazilishi mumkin. Eksperimentator tekshiriluvchilarga quyidagi yo‘riqnoma bilan murojaat etadi.
Yo‘riqnoma: Test savollariga javob berishda birinchi paydo bo‘lgan fikrni qayd eting, ortiqcha fikr mulohaza yuritmang. Testda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob mavjud emas. Test savolnomasidagi vaziyatlar hayotingizda qan-chalik darajada uchrashiga e’tibor bering. Imkon qadar savollarga ochiq ja-vob berishga harakat qiling. Savollarga javoblar variantining mos keli-shi yoki kelmasligiga qarab,
«Ha» va «Yo‘q» tarzda javob berish mumkin.
Ekstraversiya bu muloqotga tezda kirishib keta olish, tashqi olamga yo‘nalganlik xususiyatidir. Ektravertlar hech narsani ichlarida saqlamaydi, tashqariga chiqarishni yoqtirmaydi. Ular o‘z fikr va mulohazalarni ochiq-oydin aytib, har doim o‘zlarini himoya qila oladilar. Bunday shaxslar o‘yin- kulguni, xushchaqchaqlikni yaxshi ko‘radilar. Turli tadbirlarda faol qatnashib, hammaning diqqat markazida bo‘lishni xohlaydilar va bunga erishadilar.
Introversiya – shaxsning doim o‘z ichki olami bilan mashg‘ul bo‘lib yurishini ifoda etuvchi ko‘rsatkichdir. Introvertlar o‘z hissiyotlarini kishilar ko‘zidan yashirishni xush ko‘radilar. O‘zlarining sirlarini kamdan-kam hollarda birovga aytishlari mumkin. Ular biror narsadan qoniqmasalar buni hech kimga aytmaydilar, hamma narsani ichlariga yutadilar. Introvertlar shovqinli davralardan ko‘ra kitob o‘qishni, uy ishlari bilan shug‘ullanishni ma’qul ko‘radilar.
Neyrotizm shkalasi hissiy barqarorlik – beqarorlik xususiyatini aks ettiradi. Bu ko‘rsatkichning yuqori darajalari sinaluvchining yuqori darajadagi bezovtalik, o‘zini past baholash kabi salbiy kechinmalarga moyillik mavjudligidan guvohlik beradi.
Natijalarni qayta ishlash jarayonida har bir ko‘rsatkich hisoblab chiqilgandan so‘ng quyidagicha talqin etiladi. Agar ekstroversiya introversiya 0 dan 12 gacha va neyrotizm 0 dan 12 gacha bo‘lsa, bu tekshiruvchi barqaror-introvert tipiga mansubdir. Barqaror-introvert sovuqqon, har bir ishni o‘ylab qiladigan, o‘z xattiharakatlarini taroziga solib, o‘zi uchun foydali tomonini ko‘zlaydigan inson hisoblanadi. Barqaror-introvert tipidagi insonlar doimo hushyorlikni, aqlli xattiharakatlarni birinchi o‘ringa qo‘yadilar. Ular hech bir faoliyatni birinchi boshlamaydigan passiv-sust, har bir ishda «yetti o‘lchab, bir kesadigan» ehtiyotkor, har bir ishni chuqur mulohaza yuritgan holda bajaradigan, aqlli, tinchlikni sevadigan, boshqaruvchan, isho-nuvchan, har bir xatti-harakatini nazorat qilishga moyil bo‘lgan vazmin, bir maromda harakat qiladigan xotirjam shaxslar bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |