2.1. O‘qituvchi faoliyatida shaxslilik xususiyatlari va sotsial intellekt o‘rtasidagi munosabatlarning namoyon etilishi
Sotsial intellekt jarayonini o‘rganish va tahlil qilish uni har jihatdan takomillashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki sotsial intellekt jarayoni bergan natijalar bilan hisoblashmay turib, uni keng miqyosda qo‘llash mumkin ham emas. Shundan kelib chiqib, tegishli ilmiy adabiyotlarga asoslangan holda sotsial intellekt samaradorligini belgilovchi mezonlar ustida o‘ylash, fikrlash va ilmiy izlanishlar olib borishni lozim topgan edik. Albatta, sotsial intellekt samaradorligini izohlovchi mezonlar tizimi psixologiya tarmoqlari kabi juda ko‘p va xilma-xil bo‘lishi tabiiy. Ushbu shartli tuzilmaga asoslanib, o‘z tadqiqotimizda sotsial intellekt samaradorligini u yoki bu darajada belgilovchi faqatgina ijtimoiypsixologik yondashuvga asoslangan sotsial intellekt mezonlari tizimini ishlab chiqdik va shu tizim asosida sotsial intellekt samaradorligini o‘rgandik, tahlil qildik va tegishli xulosalar chiqarishga harakat qildik.
Ma’lumki, hozirgi zamon ijtimoiy psixologiya fanida shaxs amaliy faoliyatini o‘rganish va rivojlanish bilan bog‘liq izlanishlar muhim o‘rin egallamoqda. Shu nuqtai nazardan aynan amaliy faoliyat mahsuli bo‘lgan sotsial intellekt jarayoni samaradorligini tahlil qilishning talaygina mu-ammolari va qiyinchiliklari mavjud.
Chunonchi, birinchi muammo shundaki, sotsial intellekt jarayoni nafaqat ijtimoiy psixologiya ilmi, balki qator psixologiya fani tarmoqlarining ham amaliyotda qo‘llanilishi demakdir. Xuddi shunday tushuncha barcha ilmiy adabiyotlarda o‘z ifodasini topgan ham, lekin ushbu tushunchani inkor etmagan holda aytish mumkinki, kasbiy faoliyat samaradorligiga faqat sotsial intellekt vositasi sifatidagi ijtimoiy-psixologik samaradorlik mezoni sifatida qarab tahlil qilish uchun mukammal darajadagi yagona ilmiy qonuniyatni o‘zida mujassam etgan ilmiy-tadqiqiy asos fanda hali qabul qilinmagan.
Ikkinchi muammo: Sotsial intellekt samaradorligini aniqlashga qaratilgan har bir mezonning mazmuni ijtimoiy psixologiya fani tamoyillariga to‘la-to‘kis to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi? degan savolga javob berish juda qiyin. Chunki ijtimoiy psixologiya fani tamoyillarining o‘zi turli olimlar tomonidan turlicha talqin etiladi.
Uchinchi muammo: Sotsial intellektni tadqiq etish konsepsiyasi xanuzgacha nazariy-amaliy jihadan mukammal darajada ishlab chiqilmaganligi ayrim qiyinchiliklarni tug‘dirishi mumkin.
Shunday bo‘lsada, sotsial intellekt jarayonini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan kuzatishlarimiz va tadqiqiy mulohazalarimiz, tegishli metodologik adabiyotlar tahlili sotsial intellekt samaradorligi bilan bog‘liq ijtimoiy psixologik qimmatini ifodalovchi quyidagi jihatlarni, mezonlarni belgilash imkonini yaratdi.
Tegishli ilmiy adabiyotlar tahlili va o‘z kuzatishlarimizga asoslangan ilmiy tadqiqiy mulohazalar bugungi kunda ta’limning turli bosqichlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarda tarkib toptirilayotgan sotsial intellekt jarayonini o‘rganishni vatadqiq qilishni taqozo etmoqda. Buning uchun esa, dastavval sotsial intellekt omillari va mezonlari ko‘lamini belgilash va ularning har birini chuqur o‘rganish uchun tegishli usullarni yoki uslublarni tanlash va ishlab chiqishga to‘g‘ri keldi. Shunga ko‘ra, ko‘p yillik tajribalarimiz va tegishli ilmiy adabiyotlar ustida olib borilgan tahlillarimizga asoslanib, sotsial intellektni samaradorligini ifoda etishga yo‘naltirilgan maxsus ierarxik tizim - sxemasi ishlab chiqildi va ushbu tizim asosida sotsial intellekt omillari va uni tadqiq qilish uslubi belgilandi.
Endi, har bir usulning tadqiqot maqsadiga mos mazmuni va tadqiq qilish uslubi haqida qisqacha izoh berib o‘tamiz.