Sulton Ali Mashhadiy 1461 yilda Nizomiyning «Mahzan-ul-asror» dostonini, 1464 yilda Hofiz devonini va 1465|66 yillarda Navoiy
devonini ko‘chiradi. U, shuningdek, Farididdin Attor, Sa’diy Sheroziy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Husayn Boyqarolarning asarlarini ham ko‘chirgan.
Bizgacha yetib kelgan tasviriy san’at yodgorliklari va turli yozma manbalar O‘rta Osiyo tasviriy san’atining o‘ziga xos uslubini, musavvirlar ijodiyotining fantastik mavhumlikdan hayotiylikka, realistik tasvirga tomon rivojlanib borganini ko‘rsatadi.
Kamoliddin Behzod 1455 yilga yaqin Xirotda tug‘ildi. Ilm-fan, san’at va adabiyot ahllarining homiysi Alisher Navoiy iste’dodli yosh musavvirga alohida diqqat-e’tibor qaratadi, unga har tomonlama g‘amxo‘rlik qiladi. Behzod ishlagan bir qator suratlar - Abdullo Xotifiy, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon portretlari, Sa’diyning «Bo‘ston» kitobi, Nizomiyning «Xamsa»siga ishlangan illyustratsiyalari va boshqalar bizga qadar yetib kelgan.
Musiqa san’ati ahllarining faoliyati va ijodkorligi bilan vujudga kelgan duvozdah maqom (o‘n ikki maqom)i sababli X-XII asrlarda san’atimiz yangi taraqqiyot pog‘onasiga ko‘tarilgan edi. XIV-XVI asrlarda esa O‘rta Osiyo xalqlarining musiqa san’ati taraqqiyotida yana yangi va mahsuldor bosqich bo‘ldi. Shu davrlarda juda ko‘p musiqachilar, bastakorlar va hofizlar yetishdi. Abduqodir Noyi, Qulmuhammad Shayxiy, Husayn Udiy, Shohquli G‘ijjakiy, Mavlono Qosim Rabboniy, Darvesh Ahmad Qonuniy, Hoja Yusuf Andijoniy, Ustod Shodiy, Mavlono Najmiddin Kavkabiy va boshqalar shular jumlasidandir. Bulardan tashqari Ulug‘bek, Navoiy, Jomiy va Binoiy kabi shoirlar ham musiqa sohasi bilan shug‘ullanib, uning taraqqiyotiga ma’lum hissa qo‘shadilar.
XIV asrdan XVII asrgacha bo‘lgan davr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining yangi va juda sermahsul davridir. Bu davrda eski o‘zbek adabiy tilining shakllanish jarayoni asosan tugallandi, dunyoviy adabiyot hayotning yetakchi yo‘nalishiga aylandi. Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Haydar Xorazmiy, Amiriy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Bobir, Muhammad Solih, Majlisiy, Hoja va nihoyat eski o‘zbek adabiy tilining asoschisi, o‘zbek mumtoz adabiyotining cho‘qqisi Alisher Navoiylar maydonga kelishdi.
Shu davr shoirlari ijodida lirik turning muxammas, ruboiy va qit’a janrlari keng uchraydi. Fors-tojik tilidagi muxammaslar ko‘pincha Xofiz, Kamol Xo‘jandiy, Xisrav Dehlaviy va Jomiy kabilarning g‘azallariga bog‘lab bitilsa, o‘zbek tilidagi taxmislar Lutfiy, Husayniy (Husayn Boyqaro) va Navoiy g‘azallariga bog‘lab bitilar edi. Bu davrda o‘zbek va boshqa turkiy xalqlar adabiyotining ajoyib janri bo‘lgan tuyuq vujudga keldi. Shu bilan birga shoirlar musaddas, musamman, mustazod, tarji’band, tarkibband, qasida, marsiya, soqiynoma, lug‘z (she’riy chiston) va boshqa janrlarda ham asarlar yaratdilar. Bu davrda keng tarqalgan janrlardan yana biri «muammo»dir. Bu janr juda murakkab bo‘lib, uni bitish va yechish atroflicha bilimni, hozirjavoblikni va uzoq mashq
qilishni talab qiladi. Shuningdek, ta’rix janri ham muammo kabi yashirin mazmunni o‘z ichida namoyon qiladi, ammo ta’rix janrida shaxsning tavallud yoki vafot etgan sanalari abjad hisobi bilan aks ettiriladi.
Xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarning o‘sib mustahkamlanishida, ayniqsa, Navoiy boshliq Xirot adabiy maktabi katta rol o‘ynadi. Xalqlar o‘rtasidagi bu jarayon tarjima adabiyotini vujudga keltirdi. Nizomiyning «Mahzan-ul-asror», «Xisrav va Shirin», Sa’diyning «Bo‘ston» va «Guliston» asarlari o‘zbekchaga tarjima qilindi.
IX asrda vujudga kela boshlagan tazkirachilik o‘ziga xos taraqqiyot bosqichlarini kechib o‘tdi. Bizga qadar saqlanib qolgan eng qadimgi tazkiralardan biri XIII asrning birinchi yarmida Muhammad Avfiy tomonidan yaratilgan «Lubob-al-albob» («O‘zaklarning o‘zagi») tazkirasidir. Bu tazkira fors-tojik tilida ijod etgan IX-XII asr yozuvchilarining asarlarini o‘z ichiga oladi. XV asr ham tazkirachilik taraqqiyotida alohida bir bosqich bo‘ldi. Bu davrda buyuk ikki tazkira yaratildi: «Takirat-ush-shuaro» (Davlatshoh Samarqandiy) va «Majolis-un-nafois» (Alisher Navoiy). Shu bilan birga, tazkirachilikning taraqqiysida Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston» asari ham katta ahamiyatga ega. Chunki, «Bahoriston»ning 7-ravzasi (bobi) tazkira shaklidadir.
Shu davrlarda Samarqandda aniq fanlar taraqqiy etgan bo‘lsa, Xurosonda ko‘proq adabiyot va san’at rivojlandi. Ulug‘bekning ukasi Boysung‘ur Mirzo 17 yoshida otasi Shohruhning vaziri etib tayinlanadi. U Hirotda nafis kitob san’ati anjumanini tashkil etadi. Ayniqsa, temuriylar davrida she’riyat, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa rivoj topdi. XIII-XVII asrlarda vujudga kelgan madaniy hayot bevosita temuriylar hukmronligi davri bilan bog‘liq holda o‘rganiladi, chunki, shu davrdagi o‘zaro ichki nizolar ham, davlatlararo urushlar ham mana shu sulola shaxsiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Demak, shu davrda paydo bo‘lgan lirik asarlardan tortib tarixiy asarlargacha temuriylarning yutuq va kirdikorlarini yorituvchi kitoblardir. Ayniqsa, turkiy (eski o‘zbek tili) tilning jozibador ohanglarini olamga taratgan Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy va Alisher Navoiylar mana shu temuriylar saltanatining u yoki bu davrlarida yashab ijod etgan va ular sha’n-sharafiga bag‘ishlovlar bitishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |