363-mashq. O‘qing. Uyushiq bo‘lakli gaplarni topib, qanday bo‘lak uyushganini, uyushiq bo‘laklar o‘zaro qanday bog‘langanini ayting. Uyushiq bo‘laklarni o‘zi bog‘lanib kelgan so‘z bilan birikma tarzida ko‘chirib, uyushiq bo‘laklarning nomini ustiga yozib qo‘ying.
Atrofi ko‘rkam bog‘lar bilan o‘ralgan, ulug‘vor binolar qad ko‘targan Samarqand nihoyatda go‘zal va boy edi. Uzoq mamlakatlardan kelib ko‘rgan sayyohlar undagi qurilishlar, don-dun va sharobga, anvo turli mevalar, parranda, go‘sht-yoqqa to‘la bozorlar, ajoyib qurol-aslaha, nihoyatda nozik zargarlik buyumlari, shisha va sopol idishlar yasovchi, rang-barang shohi-adraslar to‘quvchi mohir hunarmandlar haqida hayratlanib hikoya qilishardi. Och pushti rang mashhur Samarqand kimxobi ko‘p mamlakatlarga olib borib sotilardi. Samarqandda ishlangan qog‘oz jahonda eng yaxshi qog‘oz sanalardi. Shuningdek, uning rastalaridan ajnabiy mamlakatlardan keltirilgan har xil mollarni xarid qilish mumkin edi. Nimalar topilmas edi deysiz bu yerda! Rossiyadan keltirilgan surp va nafis mato, xitoy shohisi, hind marvaridi va shirinliklari...
Samarqand go‘zal va boy edi. Ammo bu yerda ilm zavol topdi, ilm-fan ahllari xo‘rlandi va quvg‘in etildi. (L. Bat.)
364-mashq. O‘qing, gapning qaysi bo‘lagi uyushib kelganini aniqlang. Uyushiq egali to‘rtta gapni ko‘chirib, uyushiq bo‘laklar tagiga chizing va ular qanday ifodalanganini tushuntiring.
1. Olmalar, anoru anjirlar, shaftoli, behilar, giloslar g‘aynolilar, noklar kamolga yetdi. (H. G‘.) 2. Hamma o‘z qarindosh-urug‘, oshna-og‘ayni va yaqinlari bilan ko‘rishmoqda yoki xayrlashmoqda. (M. Muhamedov.) 3. Qanchadan-qancha ajoyib yigitlar, qizlar jasorat ko‘rsatishyapti! (H. G‘.) 4. Erining xotirasi, bolalarining tarbiyasi, tinimsiz mehnati, yurt g‘amidan boshqa tashvishi yo‘q u muhtaramaning! (H. G‘.) 5. Bo‘rilarning etni jimirlashtiradigan ulishi, to‘ng‘izlarning ko‘ksov yo‘talidek yoqimsiz tovushi, echkemarlarning sovuq boqishi, ilon po‘stlarining ojiz yiltirashi, cho‘l burgutlarining viqorli boqishi bu ikki yo‘lovchining yuragiga vahm sololmasdi. (S. Ahm.) 6. Muzaffar navkarlarga, ularning changga belangan, toliqqan, ammo kuchli otlariga tikilib, sukut qildi. (L. Bat.) 7. Mevazorlar gulda-chechakda, Tol, chinorlar tugal kurtakda. (O.)
365-mashq. O‘qing. Kesimi uyushgan gaplarni ko‘chiring, eganing tagiga bir, kesimning tagiga ikki to‘g‘ri chiziq chizing, kesimning qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganini ayting.
1. Andrash Sabo xushmuomala, sertakalluf, yoqimtoy, xushsuhbat edi. (S. Kalmikov.) 2.Quruvchilar uchun... shaharcha qurildi; oziq-ovqat palatkalari, baraklar, oshxonalar, choy-xonalar, qizilburchaklar, kutubxonalar, ambulatoriyalar, kasalxonalar, omborlar, magazinlar barpo qilindi. (N. Biryukov.) 3. Kun salqin va izg‘irin. (S. B.) 4. Hammaning dilida bir-biridan yaxshi, tez, toza, ko‘p paxta terish tuyg‘usi. (A. Muhiddin.) 5. Ko‘l harakatsiz, shu'lador, kimsasiz. (Ch. Ayt.) 6. “Komiljon bilan Tatyanani chaqiringlar!” — dedi u qabulxonadagi xodimasiga. (I. R.) 7.To‘tixon xatni ko‘zlariga surtar, o‘par, hidlar edi. (S. Ahm.) 8. Ochiqqan, toliqqan otliqlarga o‘tgan-ketganlar hayron bo‘lib qarashardi. (L. Bat.) 9. Naimshoh... Shakar bahodirni izzat-hurmat bilan kutib oldi va mehmonxonaga boshlab kirdi. (S. Ulug‘zoda.)
Do'stlaringiz bilan baham: |