313- mashq. O‘qing. Affikslar yordamida, yordamchi so‘zlar vositasida, shuningdek, intonatsiya orqali tuzilgan so‘z birikmalaridan ikkitadan ko‘chirib, birikma hosil qilishda ishtirok etgan vositalar tagiga chizing.
1. Iroda insonning qudrati, sevishi va sevilishi, nafrati va quvonchi, vafosi va ishonchi demakdir. (J.Abd.) 2. Navoiy keksa do‘stiga Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si bilan sandal daraxti po‘stlog‘ining shirasidan tayyorlangan qimmatbaho dori hadya etdi. (L. Bat.) 3. Turli millatdan tashkil topayotgan bu ulkan oila Qizilqumda haqiqiy do‘stlik qasrini o‘rnatmoqda edi. (J.Abd.) 4. Davlat ishlarida siz kabi olijanob zotlar qancha ko‘p bo‘lsa, yurtimiz shunchalik tez ravnaq topgusidir. (L. Bat.) 5. Tepaqo‘rg‘onda yangragan karnay-surnay ovozlari butun kengliklar sari parvoz qildi. (J. Abd.) 6. Kulgi bir nafas tinmasa ham, vaqt juda sekin o‘tmoqda edi. (O.Yo.)
314-mashq. O‘qing, tenglashish va ergashish yo‘li bilan bog‘langan so‘z qo‘shilmalarini aniqlab, ular orasidagi farqni tushuntiring. 1. Teng bog‘lanish yo‘li bilan tuzilgan so‘z qo‘shilmalarini ko‘chirib, bog‘lovchi vositalar tagiga chizing. 2. Ergashish yo‘li bilan tuzilgan so‘z qo‘shilmalarini ko‘chirib, hokim va tobe so‘zlarni belgilang.
1. Pastliklarda g‘uj-g‘uj pista daraxtlari, azamat toshlar orasida sinkaga solingandek ko‘k suv goh ko‘rinadi, goh ko‘rinmaydi. Soyning narigi tomonida yalang‘och tog‘lar yuksala-yuksala vodiy yo‘lini to‘sib yotibdi. Uning qizil cho‘qqilariga oftob tushib turibdi. O‘ngirlarda saratondan yashirinib qolgan qor uyumlari ko‘rinadi. (S. Ahm.) 2. Qishloqlardan, yaqin-uzoq dalalardan paxtalar, qovun-tarvuzlar, xashak-pichanlar, don-dun, o‘tin-yog‘ochlar, makkapoya, g‘o‘zapoya, beda va boshqa narsalar yuklangan aravalar shaharga paydarpay kelib turadi. Katta yo‘llar bo‘yidagi daraxtlar, uylar, devorlargina emas, ot-ulov yurmaydigan jin ko‘chalardagi, hatto ko‘cha yuzidan yiroqhovli-maydonlardagi daraxtlar, uylar, devorlar ham xuddi osmondan tuproq yoqqandek ikki enli chang ostida so‘rrayib yotadi. (M.Ism.)
315-mashq. O‘qing. Har bir gapda nechta birikma borligini va ular qanday munosabatga kirishganligini ayting. Moslashuv yo‘li bilan birikkan so‘z birikmalarini ko‘chiring.
1. Traktorchilarning ovqatlanishi va dam olishi uchun Anorxonning taklifi bilan kolxoz duradgorlari ko‘chma shiypon yasab bergan edilar. (I. R.) 2. Jo‘ra quyoshning issiq nurlari sochilib turgan mana bu osmonni sevadi, oq oltinlar yetishtirgan mana bu yerni sevadi, laziz mevalar, soya-salqinlar bergan bog‘larni sevadi. (N.Biryukov.) 3. E, o‘rtoq Odinaev, har bir komandir o‘zining jangchilarini o‘z farzandidek yaxshi bilishga, esida saqlab qolishga majbur. (F. Niyoziy.) 4. Navoiy sharafiga tantanali qabul marosimlari o‘tkazildi, ziyofatlar berildi. (L. Bat.) 5. Chol o‘rnidan turib yana gullar orasiga kirib ketdi. (S.Ahm.) 6. Siz qozoq xalqining sevgi, salomin, Do‘stlik haqidagi shirin kalomin, Qardoshlik tuyg‘usin ola keldingiz, Qalbimizga sevinch sola keldingiz. (U.)
316-mashq. O‘qing. Boshqaruv munosabatidagi birikmalarni ko‘chirib, boshqaruvchi (hokim) va boshqariluvchi (tobe) so‘zlarni aniqlang, ular qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganini ayting.
Butun yurtda qizg‘in ish borardi. Navoiy savdogarlar va sayyohlar uchun hamma yo‘llarda rabot va karvonsaroylar qurdirish, ko‘proq madrasa, maktab va shifoxonalar barpo etish, ariqlar qazdirib, qaqrab yotgan yerlarga suv chiqarish; o‘tmishning qimmatbaho yodgorliklarini vayrongarchilikdan asrab qolish, olim va shoirlarni qo‘llab-quvvatlashga intilardi. Bularning hammasi muttasil nazorat qilib turishni, sabot-matonat bilan mehnat qilib, katta mablag‘lar sarflashni talab etardi. (L. Bat.)
Do'stlaringiz bilan baham: |