3.3. Maqol va frazeologizm – sarlavhalar stilistikasi
Badiiy asarlarda ham maqollardan turli uslubiy maqsadlarda foydalaniladi. Ularning ishlatilishida o`ziga xoslik mavjud, ya’ni maqol turli shakllarda(to`liq yoki qisqartirilgan holda) qo`llansa-da, ular matnda takrorlanmaydi, mazmuni matndagi jumlalarga singdiriladi. Masalan, Yaxshiga yondash, yomondan qoch maqoli Nosir Afzalning «Topdimu yo`qotmadim» (Toshkent, 2010, 7-bet) asarida «Yaxshiga yondashib…» shaklida ishlatilgan va uning mazmuni yozuvchining ustozlari haqidagi fikrlariga singdirilgan.
Yoki: Saidvafo Boboyevning «Armonli dunyo» (Toshkent, 2007, 45-bet) asarida ishlatilgan «Pul bo`lsa changalda sho`rva»mi? sarlavhasi qo`llanilgan. Ushbu maqol matnda uchramaydi, lekin uning mazmuni quyidagi jumlalarning ta’sirchanligini ta’minlagan: Baxtni pulga sotib olish mumkinmi? Pulga baxtsizlik sotib olish mumkinmi? Ilm bo`lsa pul ham, obro` ham bo`ladi.
Badiiy asarlarda maqollar sarlavha sifatida kam uchraydi. Ularning epigraf sifatida va matnda qo`llanilgan holatlari alohida tadqiqot olib borish uchun arzigulik material bo`la oladi.
G`afur G`ulom hikoyalari sarlavhalarida maqol va iboralardan ham foydalanilgan. Masalan, Men nima deymanu, Qo`bizim nima deydi80, Mard maydonga chiqsin (MAT,432), O`ynashmagin arbob bilan….(MAT, 214), O`pka qilmangiz (MAT, 432), Boshi osmonda yurardi ( MAT, 405), Kaltagap ikki do`st (MAT,403), Oyoq olishiga qaraydi (MAT, 220).
G`afur G`ulom hikoyalari ko`proq yumor asosiga qurilgan bo`lsa-da, uning tagida chuqur mazmun, tanqid yotadi. Tanqidiy mazmundagi hikoyalarida maqol va iboralar sarlavha sifatida ishlatilgan. Ijodkorning hikoyalari sarlavhalarining o`zi kitobxonga juda ko`p ma’lumot beradi. Hikoya-larni o`qish hyech bir kitobxonni zeriktirmaydi.
Shukur Xolmirzayev hikoyasida ishlatilgan quyidagi iborani yagona sarlavhalardan biri deb hisoblash mumkin: Bir ko`rgan tanish. Ushbu hikoyada asar qahramonlari Zokir O`rinovich, maktab direktori va Toshboyjon haqida hikoya qilinadi. Buni hikoyani o`qib bilish mumkin(TA1, 18-26-b.). Ikki ko`rgan bilish sarlavhasining mazmuni matnga singdirilgan. U bir ko`rgan tanish, ikki ko`rgan bilish iborasining bir qismi bo`lib, uning qolgan qismi boshqa hikoya uchun sarlavha vazifasini o`tagan (TA1, 26-30-b.).
Umuman, hikoya sarlavhalari janr talabidan kelib chiqib, juda ixcham va mazmunli, emotsional-ekspressiv imkoniyatlari keng til birliklaridan tanlanishi lozimligi tadqiqotlarda bayon qilingan. Dastlabki kuzatishlarimiz ushbu talablar asosida hikoya sarlavhalari tanlanganligini ko`rsatmoqda. Ayniqsa, taniqli yozuvchilar, mahoratli hikoyanavislar Abdulla Qahhor, G`afur G`ulom va Shukur Xolmirzayev hikoyalari sarlavhalari mavzu mazmunini birmuncha o`zida ifodalashi, ixchamligi, stilistik bo`yog`i va emotsional-ekspressiv imkoniyatlari yarq etib ko`rinishi bilan alohida e’tiborni tortadi. Sarlavha tanlashda til birlik-laridan so`z, so`z birikmasi va sodda gapning imkoniyatlari, mazmunni ifodalashi, kitobxonni o`ziga tortishi hisobga olingan. Badiiy asar sarlavhalarining stilistik imkoniyatlarini kelgusida o`rganish va baholashda Abdulla Qahhor, G`afur G`ulom va Shukur Xolmirzayev hikoya-larining sarlavhalari boy material bo`lishi bilan birga mahorat maktabi vazifasini ham o`taydi.
XULOSA
1. O`zbek tilshunosligida gazeta tilining bir qator xususiyatlari, gazeta janrlarining tili va uslubi kabi masalalar o`rganilgan bo`lsa-da, dolzarb muammolar mavjud. Ana shunday dolzarb masalalardan biri gazeta sarlavhalarining til xususiyatlari va matn bilan uyg`unligi muammosining hozirgi davr gazetalari misolida o`rganilishidir.
2. Mustaqillik yillarining keyingi davrlarida nashr etilgan gazeta sarlav-halari mazmunliligi, ixchamligi, hayot bilan hamnafasligi, ta’sirchanligi, reklama-liligi bilan gazetabop hisoblanadi. So`z –sarlavhalarning miqdori oz bo`lsa-da, aniqlikni ta’minlash uchun ahamiyatlidir. So`z birikmasi - sarlavhalar orasida qaratqich-qaralmish konstruksiyali sarlavhalarning alohida o`rni bor.
3. Keyingi yillarda nashr etilgan gazetalardagi gap - sarlavhalardan so`roq gap - sarlavhalar, darak gap - sarlavhalarning ixcham gap bir-liklaridan tanlangani, mazmunliligi, ta’sirchanligi, matn bilan uyg`unligi alohida e’tiborni tortadi. Tadiqotchilarning XX asrning 80-yillar gazetalaridagi holat bo`yicha xulosalari bilan solishtirganda, turli balandparvozlik, «quruq» da’vatlar, «rejani oshirib bajaraylik» qabilidagi chaqiriqqa chorlovchi buyruq gap – sarlavhalar deyarli uchramay-di. Undov gap-sarlavhalarning mazmuni ham istiqlol yillarida olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlariga hamohangligi ko`rinadi.
4. Frazeologizm va maqol-sarlavhalar o`z emotsional-ekspressiv xusu-siyatlari bilan ta’sirchanlikni ta’minlashga, gazeta materialining mazmunli yozi-lishiga, axborotni dastlab yorqin aks ettirish bilan gazetxonni jalb qilishda muhim vosita rolini bajarmoqda. Maqol-sarlavhalarning jurnalist mahorati tufayli turli shakllarda berilishi gazetaning xalq jonli tiliga yaqinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
5. Gazetalar tili bo`yicha dastlabki tahlillarimidan ma’lum bo`ldiki, tadqiqotchi olimlar ham qayd etganidek, e’tiborni ko`p tortmaydigan, ko`p qo`llanuvchan ayrim til birliklari sarlavha sifatida ishlatilmoqda. Ba’zi sarlavhalar imlosida xatolar bor(masalan, undalmani vergul bilan ajratmaslik, frazeologizm yoki maqolni sarlavhada qo`shtirnoqqa olish kabilar).
6. Gazeta sarlavhalarining qo`llanishini o`rganish jurnalist mahoratini tadqiq etishning ajralmas qismidir. So`z, so`z birikmasi, gap, maqol va frazeologizm – sarlavhalarning ekspressiv-stilistik maqsadda o`rinli yoki noo`rin qo`llanishini baholash, imlo qoidalariga rioya etilishini yoritish jurnalistlarning mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Natijada gazeta materialining o`qimishliligi, mazmunliligi, ta’sirchanligi ta’minlanadi.
7. Badiiy asar, xususan, hikoya sarlavhalari asar mazmuniga oid mulohazalarni o`zida qisman aks ettirishi va kitobxonni mutolaaga chorlashi bilan ajralib turadi. Til birliklaridan foydalanishda ham so`z, so`z birikmasi, qisman gaplar sarlavha sifatida nisbatan ko`p ishlatilishi bilan e’tiborni tortadi. Maqol va iboralardan sarlavha sifatida juda kam foydalanilganligini ko`rish mumkin. Aksariyat sarlavhalarning mazmuni matnga singdirilgan. Hikoya sarlavhalari kitobxonni mulohazaga undashi, asarni o`qishga chorlashi bilan ajralib turadi. Bu jihatdan ular katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
8. Sarlavha qo`llashda har bir ijodkorning o`ziga xosligi uning badiiy mahorati bilan ham belgilanadi. Bu sohada Abdulla Qahhor va G`afur G`ulom mahorati o`ziga xos maktab hisoblanadi. Bu sohada ko`plab tadqiqotchilarning xulosalari mavjud. Shukur Xolmirzayev hikoyalarida ishlatilgan sarlavhalarning dastlabki tahlili shuni ko`rsatadiki, yozuvchi asosan sarlavha sifatida mazmunli va ixcham til birligi – so`zni tanlab, uning emotsional-ekspressiv ma’nosi, stilistik imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalangan, so`z birikmasi sarlavha sifatida oz uchrasa-da, ular sifatlovchi-sifatlanmish va qaratqich-qaralmish kabi stilistik ma’nosi kuchli birikmalardan tanlangan. Gap - sarlavhalar juda oz, ammo ular ham nihoyatda ixcham, sodda gaplardan tanlangan va matn bilan uyg`unlashtirilgan. Hikoya janriga xos o`ziga xoslik qisqa syujetlilik, soddalik, keng mazmunlilik bo`lsa, asar va uning sarlavhasiga qo`yiladigan asosiy talab ham qisqalik, ixchamlikdir. Shukur Xolmirzayev sarlavha talablarini hisobga olgan holda, matn mazmuniga mos, emosional-ekspressivligi kuchli, ixcham til birliklarini tanlagan. Yozuvchi ijodiga xos soddalik va hayotiylik sarlavhada ham munosib aks etgan.
9. Publisistik uslubda til birliklarining sarlavha sifatida ishlatilishida ijtimoiy-siyosiy leksikaning alohida o’rni bor. Chunki gazeta kishilarni jamiyatning g’oyaviy maqsadlari va manfaatlari nuqtai nazaridan tegishli axborot bilan ta’minlaydi, ularni xabardor qiladi, ishontiradi va bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi. Gazetaning ta’sirchanlik funksiyasidan kelib chiqib, ijtimoiy-siyosiy leksika bilan birga emosional-ekspressiv ma’noli til birliklaridan ham sarlavha sifatida foydalaniladi. Ijtimoiylik va ta’sirchanlikning uyg’unligini gazeta sarlavhalari misolida ham ko’rish mumkin.
10. Badiiy uslubga xos obrazlilik til birliklarining emotsional-ekspressiv bo’yoqdor birliklaridan samarali foydalanishni nazarda tutganligi bois hi-koyalarda yorqin, sermazmun, falsafiy mushohadaga chorlovchi til birliklari sarlavha sifatida ko’plab ishlatilgan.
11. Sarlavhalarni ma’lum gazeta yoki yozuvchi asarlari misolida yillar bo`yicha to`plash asosida ularning turli shakllarda qo`llanishini ko`rsatuvchi o`ziga xos ko`rsatkich-lug`at yaratish, undan amaliyotda (jurnalistlar faoliyati va o`quv jarayonida) foydalanish imkoniyati yuzaga keladi. Gazeta va badiiy asarda sarlavha qo’llashdagi rang-baranglik tadqiqotimiz ILOVAcida ham o’z aksini topdi. Bu tartibda t o`plangan materiallar ilmiy–tadqiqot ishlari va amaliyot uchun foydali xulosalar berishi mumkin.
12. Ushbu dastlabki tadqiqotimiz materiallaridan kelgusida ilmiy izlanishlar olib borib, doktorlik dissertasiyasi tayyorlashda, magistrantlar va talabalarga maxsus kurslar, «Yosh jurnalist mahorati maktabi» tinglovchilariga mashg`ulotlar o`tishda o`rni bilan foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |