O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
A.A.OMONOV, T.M.QORALIEV
PUL VA BANKLAR
DARSLIK
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Bank ishi” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun darslik sifatida tavsiya etilgan
TOShKENT – 2018
PUL VA BANKLAR
Qayta ishlangan va to‘ldirilgan
ikkinchi nashri
Taqrizchilar:
|
O.H.Hamraev – i.f.d., professor
|
T.I.Boboqulov – i.f.d., dotsent
|
S.X.Norqobilov – i.f.n., dotsent
|
Pul va banklar: Darslik. A.A.Omonov, T.M.Qoraliev. Toshkent moliya instituti –Toshkent: “..... ...........” 2018. .... b.
Darslik O‘zbekistonda uzluksiz ta’limning Davlat ta’lim standartlarining qoidalariga muvofiq tayyorlangan bo‘lib, ta’limning “Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq” bilim sohasi bo‘yicha “Pul va banklar” fanining namunaviy dasturidagi mavzularni qamrab olgan.
Darslikda pul, kredit va banklarning vujudga kelishi, rivojlanishi va takomillashuv jarayonining nazariy jihatlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning maqsad va vaziflari bayon etilgan. Shuningdek, darslikda O‘zbekiston pul va bank tizimining tashkil etilishi hamda ularning o‘ziga xos jihatlariga ham alohida e’tibor berilgan.
Darslik iqtisodiyot yo‘nalishidagi talabalar va o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, bank va moliya sohasidagi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.
KIRISh
Zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitda tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash munosabatlari pul, kredit va banklarning ishtirokisiz amalga oshmasligi barchamizga ma’lum. Shuningdek, bozor iqtisodiyoti sharoitida har qanday faoliyatning asosiy maqsadi foyda olishga qaratilgan bo‘lib, ushbu faoliyatning asosini ham pul, kredit va bank tizimi bilan bog‘liq bir qator munosabatlar tashkil etadi. Bu o‘z – o‘zidan, keyingi yillarda, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida iqtisodchi mutaxassislarni tayyorlashda “Pul va banklar” kursining ahamiyatini keskin oshirmoqda.
E’tirof etish joiz, mamlakatimizning iqtisodiyot va moliya yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari pedagog-xodimlari, va ilmiy-tadqiqotchilar va soha mutaxassilari tomonidan “Pul va banklar” o‘quv kursi bo‘yicha darslik, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar nashr etilgan. Biroq, shunga qaramasdan, ushbu darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavjud talabni to‘liq va samarali qondirish imkoniyatini bermayapti. Buning qator sabablari mavjud bo‘lib, fikrimizcha ularning asosiylari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
birinchidan, milliy ta’lim standartlari bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarga qo‘yilayotgan talab va qoidalar takomillashib bormoqda. Xususan, ular qisqa, mazmunli va o‘quvchiga tushunarli tilda yozilishi lozim;
ikkinchidan, jahon va mamlakatimiz iqtisodiyotida yuz berayotgan ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar mavjud darslik va o‘quv qo‘llanmalarni doimiy ravishda yangilab va takomillashtirib borishni talab etmoqda;
uchinchidan, internet va elektron tizimning rivojlanib borayotganligi tufayli talabalarga taqdim etilayotgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar raqobatbardosh bo‘lishi, ularni o‘ziga jalb qila oladigan xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim;
to‘rtinchidan, milliy ta’lim tizimida rivojlangan mamlakatlar oliy ta’limidagi ijobiy tajribasidan foydalanagan holda darslik va o‘quv qo‘llanmalarni tayyorlash zaruriyati kabi masalalar shular jumlasidandir.
Mazkur darslik, yuqorida qayd etilgan talab va tartiblarni inobatga olingan holda, O‘zbekistonda Davlat ta’limining “Ijtimoiy fanlar, biznes va huquq” bilim sohasining “Bank ishi”, “Biznesni boshqarish”, “Moliya”, “Soliqlar va soliqqa tortish” va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘yilgan talablari doirasida tayyorlangan. Buni darslikning “Pul va banklar” fanining namunaviy dasturidagi barcha bo‘limlarini qamrab olganligida ham ko‘rish mumkin.
Darslik tarkibiy tuzilishi jihatidan 20 bobdan iborat bo‘lib, har – bir bobdan so‘ng o‘quvchining bilimini mustahkamlash maqsadida bob mavzulariga oid savollar va testlar majmui keltirilgan.
Darslikning “Pul islohotlari” va “Bank inqirozlari” nomli boblari i.f.n. I.Raxmonov, “Kredit bo‘yicha foiz stavkasi va ularga ta’sir qiluvchi omillar” nomli bobi i.f.n. I.Qulliev va tadqiqotchi S.Abdullaeva hamda “Markaziy bankning mustaqilligi” nomli bobi katta o‘qituvchi I.Jo‘raev, Tijorat banklari va ularning funksiyalari nomli bobi katta o‘qituvchi X.Tillaev, qolgan boblar i.f.d. professor A.Omonov va i.f.n., professor T.Qoralievlar tomonidan tayyorlangan.
Xalqaro iqtisodiy doirada, shuningdek, O‘zbekiston moliya – kredit tizimida ro‘y berayotgan jadal ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar qator soha va tarmoqlarda bo‘lgani singari ta’lim tizimi oldiga, xususan, darslik va va o‘quv qo‘llanmalar tayorlashning tarkibi va mazmuniga jiddiy talablarni qo‘ymoqda. Shu jihatdan, mualliflar “Pul va banklar” darsligini vaqti – vaqti bilan xalqaro doirada va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar asosida nazariy – amaliy jihatdan qayta ishlangan va to‘ldirilgan “ikkinchi nashri”ni o‘quvchilar e’tiboriga havola etmoqda.
Darslikning ikkinchi nashrini tayyorlashda mualliflar tomonidan 2012 yildan keyingi yillarda mamlakatimiz bank tizimida vujudga kelgan barcha yangiliklar, pul muomalasi va xususan milliy valyutaning konvertatsiyasi hamda valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha o‘zgarishlar hisobga olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |