7.2. Inflyatsiyaning vujudga kelish sabablari
Inflyatsiya – pul muomalasi qonunining buzilishi, iqtisodiyotda tovar massasi hamda pul massasi o‘rtasidagi nomutanosiblik jarayonida vujudga keladi. Inflyatsiyani vujudga kelishiga qator omillar ta’sir qilib, ularni ichki va tashqi omillarga ajratish mumkin.
Ichki omillar tarkibiga ortiqcha pul massasi vujudga kelishi, milliy valyutaga nisbatan ishonchning pasayishi, mamlakatning nomutanosib to‘lov balansi kabilarni kiritish mumkin.
Tashqi omillarga mamlakat tashqi siyosatining beqarorligi, iqtisodiy inqirozlar, moliya va fond bozorlarida indekslarning o‘zgarishi kabilarni keltirish mumkin.
Ta’kidlash joizki, oltin va kumush tangalar pul vazifasini bajargan davrda iqtisodiyotda inflyatsiya muammosi mavjud bo‘lmagan. Metall pullar o‘rnini qog‘oz va tanga pullar egallagandan so‘ng iqtisodiyotda inflyatsiya bilan bog‘liq ziddiyatli holatlar vujudga kela boshladi. Chunki, qog‘oz va tanga pullar o‘zida haqiqiy qiymatni aks ettirmaydi. Dastlabki davrda ushbu pullar oltin va kumush metallar hamda tovarlar bilan ta’minlangan edi.
Inflyatsiyaning vujudga kelishiga muomala va ishlab chiqarish sohasi, shuningdek, mamlakatdagi iqtisodiy – siyosiy omillar ham sabab bo‘ladi.
Inflyatsiyaning vujudga kelishida pul muomalasi omillariga budjet taqchilligini qoplash maqsadida muomalaga qo‘shimcha tarzda chiqarilgan pullar, iqtisodiyotda asossiz ravishda berilgan kreditlar hajmining ortib borishi, mamlakat pul – kredit siyosatiga aholi ishonchining pasayishi va boshqalar sabab bo‘ladi.
Ishlab chiqarish va iqtisodiy siyosiy omillarga mamlakatda import hajmining eksport hajmidan ortib ketishi, tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi va sifatining pastligi, budjet – soliq siyosati, mamlakatning tashqi va ichki iqtisodiy munosabatlar doirasida amalga oshirayotgan siyosati va boshqalar sabab bo‘ladi.
Inflyatsiyaning vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri iqtisodiyotdagi yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi muvozanatning buzilishidir. Inflyatsiya sharoitida kapital ishlab chiqarish doirasidan muomala doirasiga oqib o‘ta boshlaydi, chunki ishlab chiqarish jarayoni iqtisodiy jihatdan samarasiz sohaga aylanib boradi. Muomala jarayoni ko‘p vaqtni talab etmaganligi bois, dastlabki bosqichlarda uning ishtirokchilariga ma’lum miqdorda iqtisodiy foyda keltiradi, lekin inflyatsiya jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qiladi. Inflyatsiya mexanizmi o‘z – o‘zidan rivojlanib, barcha soha va tarmoqlarni qamrab oladi, uning ta’sirida jamg‘armalar hajmi qisqaradi, kredit, investitsiya va tovarlar taklifi kamayadi.
Inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi birinchi sabab – mamlakatda bozor mexanizmlarining to‘liq joriy etilmasligi, davlatning budjet daromadlari va xarajatlari ustidan monopol tartibini joriy etishi hisoblanadi. Bunda davlat budjetining daromadlaridan ortiqcha bo‘lgan xarajatlar, ya’ni budjet taqchilligi muomalaga qo‘shimcha pullar chiqarish yo‘li bilan qoplanadi. Budjet taqchilligini qoplash uchun muomalaga chiqarilgan pullar tovar moddiy qiymatliklari bilan ta’minlanmaganligi oqibatida mamlakatda inflyatsiya darajasining ortishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |