Iqtisodiy tsikllar.
K.Marks tugallangan, yaxlit iqtisodiy tsikllar nazariyasini yaratgan emas.
Uningcha, inqirozlar – bu «kapitalizmning asosiy ziddiyatlarining» namoyon
bo’lishidir. Xo’jalikdagi anarxiya ishlab chiqarish strukturasi bilan iste’mol
strukturasi doimo mos kelmasligini keltirib chiqaradi. Rivojlanishning tsiklli
xarakterda bo’lishi, ortiqcha ishlab chiqarish inqirozining muqarrarligi kapitalistik
iqtisodiyotga xos xislatdir. Markscha iqtisodiy tsikllar nazariyasi uning kapital
jamg’arilishi tahlili asosida ko’rilgan. Tsiklli jarayon, K.Marks bo’yicha,
yuksalishdan boshlanadi. Yuksalish davrida mehnatga bo’lgan talab (jamg’arish
sababli) uning taklifidan oshib ketadi; ishsizlik tugatiladi va ishchi kuchining
nisbatan etishmasligi ish haqining oshishiga olib keladi; natijada foyda kamayadi va
jamg’arish sekinlashadi. Kapital jamg’arilishi normasining pasayishi yalpi talabning
kamayishiga va shunga muvofiq bozor kon’yukturasining pasayishiga olib keladi.
Bunday inqirozli vaziyatda kapital qimmati qadrsizlanadi, ishsizlik esa qaytadan
ko’payadi va u ish haqining pasayishini keltirib chiqaradi. Bu hol ishlab
chiqarishning foydaliligini qayta tiklaydi, jamg’arishni qaytadan boshlash uchun
sharoit yaratib beradi; inqiroz bir vaqtning o’zida ham buzadi, ham tuzatadi.
Inqirozlar «hamma vaqt mavjud ziddiyatlarning faqat vaqtincha zo’rma-zo’raki hal
qilinishidan, zo’rma-zo’raki portlashlardan iborat bo’lib, ular buzilgan muvozanatni
bir lahzada tiklaydi». Inqiroz tsiklni tugallaydi va yangi navbatdagi tsikl boshlanadi.
Bu tsikl davri mobaynida innovatsiya va yangi ish joylarini tashkil etish bilan birga
iqtisodiyot tarkibini qayta qurish, jamg’arish jarayonida foyda normasining pasayish
tendentsiyasi va kapital qimmatining qadrsizlanishi, ishsizlar armiyasining ko’payishi
va ish haqining pasayishi qaytadan kelib chiqquncha va inqirozli vaziyat yuzaga
kelguncha davom etadi.
K.Marks Sey qonunini tanqid qiladi. Bu qonunga muvofik tovarlar taklifi
avtomatik tarzda o’ziga talabni keltirib chiqaradi Boshqacha aytganda, tovarlarni
sotishdan tushgan daromad ularni sotib olish uchun xarajatga aylanadi. K Marks
tovarlarni sotish (T-P) va sotib olish (P-T) aktlari makon va zamonda mos
tushmasligini ko’rsatib berdi (tovar qiymati pulda saqlanadi). «Hech kim zudlik bilan
sotib olishga majbur emas, chunki uning o’zi nimanidir sotgan» Demak, yalpi
xarajatlar yalpi daromadlardan kam bo’lganda ortiqcha ishlab chiqarish inqirozi
mumkinligi kelib chiqadi, ya’ni tsiklli rivojlanishga olib keladi.
K.Marksning ko’rsatib berishicha, iqtisodiy tsikllarning moddiy asosi
kapitalning vaqti-vaqti bilan yangilanib turishi zarurligi hisoblanadi (har 5-10 yilda).
Bunda texnika taraqqiyoti asosiy kapitalning ma’naviy eskirishi natijasida yangilanib
turish muddatini qisqartirishi mumkin. Texnik kashfiyotlar va innovatsiyalar
davriyligining xo’jalik jarayoniga bo’lgan ta’siri tahlili tsikllar nazariyasining keyingi
rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |