«Talaba —
ta’lim —
o‘qituvchi» tizimi yangilangan ta’lim mazmunida yetakchi omildir. Bo‘lajak ona tili o‘qituvchisi metodika fanini chuqur o‘rganishi, kommunikativ savodxonlik me’yorlari bo‘yicha DTS talablarini yaxshi bilishi darkor. Shuningdek, o‘quvchi so‘z boyligini oshirish va boyitishning xilma-xil usullarini bilishi, til imkoniyatlaridan unumli foydalanishni o‘rganishi, egallangan nutqiy ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash, rivojlantirish, takomillashtirish, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan izchil ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fani pedagogik fan sifatida o‘zining ilmiy tadqiqot obyekti, predmeti, maqsadi va vazifalariga ega.
O‘zbek (ona) tili ta’limining samaradorligini oshirish, o‘quvchini ta’lim jarayonining subyektiga aylantirish, o‘quvchilarning egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini bilishning qulay yo‘llarini aniqlash, ona tilidan sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish singarilar bu fanning ilmiy tadqiqot obyekti sanaladi.
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” faniningpredmeti esa ta’lim bosqichlarida ona tili o‘qitish jarayonidir. Bu
jarayon:
Ona tilidan o‘quvchilarga beriladigan zaruriy bilimlar silsilasi.
Shu bilimlarga muvofiq keladigan ko‘nikma va malakalar tizimi.
Ijodiy faoliyat usullari.
O‘qituvchi va o‘quvchifaoliyatini o‘z ichiga qamrab oladi.
O‘zbek tili o‘qitish metodikasining
asosiy maqsadi til imkoniyatlaridan to‘g‘ri, aniq, o‘rinli va unumli foydalanish ko‘nikma va malakalarini hosil qilish; mantiqiy-ijodiy tafakkurni rivojlantirish, kommunikativ savodxonlikni oshirish; milliy istiqlol g‘oyasini, sharqona tarbiyani shakllantirish; talaba shaxsini ma’naviy (balog‘at va fasohat ilmi bilan) boyitishdan iborat.
Til o‘qitish metodikasining asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
- amaliy maqsad: til imkoniyatlaridan mustaqil va erkin foydalanish ko‘nikma va malakalarini hosil
qilish;
ta’limiy maqsad: talabalarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki, yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini egallash, mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, kommunikativ savodxonlikni shakllantirish;
tarbiyaviy maqsad: ma’naviy, g‘oyaviy — estetik tarbiya berish;
rivojlantiruvchi maqsad: talaba shaxsini aqliy jihatdan rivojlantirish;
yo‘naltiruvchi maqsad: talaba tafakkurini maqsadli yo‘naltirish.
Til o‘qitish metodikasining asosiy vazifasi talabalarni erkin, ijodiy, mustaqil fikrlarini og‘zaki va yozma shaklda, adabiy til me’yorlari asosida to‘g‘ri ifodalay oladigan, bir ma’noni turli holatlarda bera bilish ko‘nikmasi shakllangan, adabiy nutq me’yorlarini egallagan, yetuk murabbiylarni tarbiyalab yetkazishdir.
O‘zbek tili o‘qitish metodikasini o‘rganish jarayonida quyidagi vazifalar bajariladi:
o‘quv mashg‘ulotlarini til va nutq hodisalarini o‘zaro farqlash, qiyoslash, umumlashtirish asosida olib borib, talabaning mustaqil va ijodiy fikrlashi uchun keng imkoniyat yaratib berish;
o‘quvchi faoliyatini so‘zga ehtiyoj hosil qiladigan o‘quv topshiriqlari orqali maqsadli boshqarib borish, so‘z boyligini oshirishni, tafakkur doirasini kengaytirish, nutqiy salohiyatni (og‘zaki va yozma matn yaratish) shakllantirish;
o‘quvchilarning kommunikativ savodxonlik darajasini orttirishning shakl, yo‘l, vosita va usullarini o‘rganish.
Demak, o‘zbek tili mashg‘ulotlarida talabani ijodiy va mustaqil fikrlashga yo‘naltirish, so‘z tanlash, gapda so‘zni to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llash o‘z fikrini aniq, ixcham, ravon ifodalashga o‘rgatish til o‘qitish metodikasining birlamchi vazifasi bo‘lsa, “o‘quvchi - o‘quvchi”, “o‘quvchi - o‘qituvchi” tizimida o‘zaro muloqotni, bahs-u munozarani to‘g‘ri tashkil qilish, talaba tafakkurini rivojlantirish jarayonlarini oqilona boshqarish, fikr ifodalash malakasini shakllantirishni o‘rganish, talabalarni o‘qituvchilik mahorati va ilg‘or texnologiya bilan tanishtirib borish metodika fanining ikkinchi va bag‘oyat muhim vazifasi hisoblanadi.
BOB. O‘ZBEK TILI O‘QITISH METODIKASINING V-XX ASRDAGI TARAQQIYOTI
Qadimgi (V-IX) davrlarda ona (o‘zbek) tilini o‘qitish
Ota-bobolarimiz azal-azaldan ilm-ma’rifat, ziyoga intilib kelganlar. Ushbu intilishlari orqasida esa bugungi insoniyatga ilm-fan, madaniyat va adabiyot sohasida o‘lmas yodgorliklarni taqdim etganlar.
Ona tilini o‘qitish tarixi ancha qadimgi davrlarga borib taqaladi.
Dastlabki namunalari VI asrga, kattagina qismi esa VIII asrga mansub bo‘lgan turk-runik (O‘rxun Yenisey) yodgorliklari shunday bir turkiy yozuvda yozilganki, bu yozuvni olimlar XIX asrning oxirigacha mutlaqo bilmas edilar. Bu yozuvlar siri 1893-yilda daniyalik tilshunos olim V.Tomsen tomonidan ochildi19. Umuman, runiy yozuvdagi yodgorliklar katta hududga tarqalgan bo‘lib, ular ulug‘ hoqonlar va ularning qarindoshlari qabri ustiga qo‘yilgan toshlar, tosh-tayoqchalar va qoyalarda saqlangan. Bu yozuv yodgorliklari, tekshiruvchilarning fikricha, qadimgilari eramizning V asriga mansub bo‘lsa, keyingilari eramizning IX-X asrlariga oiddir. Demak, runiy yozuv qariyb 500 yil amalda bo‘lgan. Bu esa bizni sof turkiy yozuv, turkiy til ta’lim o‘choqlarida o‘qitilgan, o‘rgatilgan degan xulosaga olib keladi.
Bitiktoshlarning keng xalq ommasi bemalol ko‘ra oladigan ochiq joylarga qo‘yilishi savodlilik qator mamlakatlarda bo‘lgani kabi sanoqli kohinlar-u din o‘choqlari bilan chegaralanmaganligidan dalolat beradi. Yevropadagi qadimgi yodgorliklar monastir-u qadimgi grek butxonalarida mujassamlangan bo‘lsa, turkiy yodgorliklar yuz minglab turkiylar o‘tadigan katta chorrahalarda, sahrolarda o‘rnatilgan. Qadimgi turkiy yodgorliklarning V.Tomsen, V.V.Radlov, P.M.Melioranskiy, S.E.Malov, X.N.Orhun, G.Ramstedt, A.Kononov kabi tadqiqotchilari yodgorliklarda xalqqa murojaat qilingan quyidagi so‘zlarni alohida ajratadilar: "Turk beklari, xalqi, buni eshiting! Turk xalqini to‘plab davlat tutishni bu yerda (toshga o‘yib) yozdim. Adashib ayrilganingni ham bu yerda yozdim. Qanday nima so‘zim bo‘lsa, mangu toshga o‘ydim. Unga qarab biling, Turkning endigi xalqi, beklari. Uy, dunyoga[gina] qaraydigan (ko‘ziga faqat mol-mulki ko‘rinadigan) beklar sizlar gumrohsizlar.
Men mangu tosh ... Tabg‘ach hoqonidan naqqosh keltirdim, naqshla(t)dim. Mening nutqimni buzmadi. Shunday sayrgoh yerda mangu tosh o‘rnatdim, [bitig] bitidim. Uni ko‘rib shunday deb biling: bu bitig bitilguchining birodari Yo‘llug‘ tegin"20.
Turk yodgorliklari sayrgohlarda, odamlar gavjum joylarda qo‘yilgan. Demak, yodgorliklardagi yozuvlarni xalq o‘qigan, yozuvlarni o‘qiy olgan xalq savodli bo‘lgan. Xalqning savodli bo‘lishi uchun ularni ham o‘qitganlar. O‘sha davrdagi maktab qanday bo‘lgan, o‘qitish qay yo‘sinda bo‘lgan, bu bizga ma’lum emas. Biroq turkiy maktablar bo‘lganligi, ta’lim o‘choqlarida o‘qitish turkona ekanligi, uning boshqa xalqlarning ta’lim tizimidan farq qilishi ham runiy yodgorliklarda o‘z aksini topgan. Bu "Kultigin" yodgorligidagi “... oltin, kumush, ichkilik, ipakni shuncha hisobsiz berayotgan Tabg‘ach xalqi so‘zi shirin, debosi (ipak kiyimlik va kiyim) nafis ekan. Shirin so‘zi, debosi bilan aldab yiroq xalqni shu xilda yaqinlashtirar ekan. Yaqin qo‘shni bo‘lgandan so‘ng yovuz ilmni u yerda o‘rganar ekan”21 degan so‘zlardan anglashiladiki, turkona bo‘lmagan bilim yovuz bilim deb baholangan. Demak, ezgu deb sanaladigan turkona bilim ham bo‘lgan. Buni Tunyuquq (Xitoyda tarbiyalangani uchun xitoycha Yuanchjen nomi bilan mashhur22) yodgorligi ham tasdiqlaydi. Bu yodgorlikdagi: “Bilga Tunyuquq men o‘zim. Tabg‘ach davlatida tarbiyalandim” (Tabg‘ach - shimoliy Xitoy (Mochin)23) degan gap turkiy ta’lim-tarbiya tizimi boshqalardan, jumladan, mochinliklardan farq qilganligini ko‘rsatib turadi. Bundan biz xulosa qila olamizki, qadimgi turkiy yodgorliklar davrida - V-IX asrlarda turkiy yozuv bo‘lgan, bu yodgorliklarni xalq o‘qiy olgan, ya’ni xalq o‘qitilgan. Turkiy yozuv, turkiy til, turkiy tarbiya tizimi o‘zga xalqlarnikidan farqli, ya’ni turkona bo‘lgan. Bundan tashqari, ismi-sharifi yuqorida zikr etib o‘tilgan qadimgi turkiy yodgorliklarning tadqiqotchilari bu yodgorliklar bizga yetib kelguncha uzoq tarixiy taraqqiyot bosqichini bosib o‘tgan degan fikrni ilgari suradilar. Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi akademik A.N. Kononov shunday yozadi: “O zining morfologiyasi va sintaksisi yuksak darajada rivojanganligi bilan qadimgi turkiy yodgorliklarning tili bizga yetib kelguncha uzoq adabiy an’anaga ega bo lganligidan dalolat beradi24. Demak, turkiy tilda ta’lim, turkiy tilni o‘qitish ishlari katta tarixga ega.
Sharqda IX-XV asrlarda ijtimoiy-madaniy hayotda yuksalish, ilm-fanda taraqqiyot kuzatiladi. Bu davrda O‘rta Osiyoda yashab, ijod qilgan, qomusiy olimlarimiz turli fanlar bo‘yicha erishgan yutuqlari bilan jahon madaniyati, ma’rifati, ilm-u fan rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar. Markaziy Osiyoni jahonga tanitgan Al-Xorazmiy, At- Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ismoil Jurjoniy, Marg‘inoniy, Zamahshariy, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy kabi ulkan mutafakkirlar bebaho kashfiyotlari bilan o‘z xalqlarining shuhratini olamga yoydilar. Ular ta’lim va tarbiya bobida ham o‘chmas iz qoldirdilar. Ular ta’limdagi milliy xususiyatlarga alohida e’tibor berib kelganlar. Ularning asarlari orqali bir vaqtlar Sharqda ilm-fanning naqadar rivojlanganini bilib olishimiz mumkin. Olmon olimi Xerler “Sharq Yevropaning muallimidir” deganida ana shu rivojlanish davrlarini ko‘zda tutgandir, ehtimol.
O‘rta asrning dunyoga dong taratgan allomalaridan biri Abu Nasr Forobiydir. Uning nomi Yaqin va O‘rta Sharqda o‘sha davrdayoq mashhur bo‘lgan Al-Kindiy, Ar-Roziy, Ibn Sino, Beruniy, Ibn Rushed singari qator buyuk mutafakkirlar ichida alohida ajralib turadi. Forobiy aql va ilm tantanasi uchun, ma’naviy ozodlik uchun, inson takomili, adolatli jamiyat uchun kurashgan mashhur olimdir.
Sharqda “ikkinchi muallim” deb tan olingan (Arastudan keyin) Abu Nasr Forobiyning “Ta’lim-tarbiya berish usullari” asaridagi “Bilim, ma’rifat, yaxshi axloq bilan bilimdon, ma’rifatli, yetuk, mukammal inson yetishadi. Buning uchun ta’lim jarayoni o‘qituvchi tomonidan to‘g‘ri tashkil etilishi, boshqarilishi va ma’lum maqsadlarga yo‘naltirishi lozim”, - degan fikri “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi”da ham asosiy, bosh mezon vazifasini o‘taydi.
Abu Nasr Forobiy o‘zining “Falsafatu Aristutalis” asarida hozirgi tilshunoslikning falsafiy masalalari ichida markaziy o‘rinni egallagan bilishning ikki bosqichi (hissiy va idrokiy), umumiylik-xususiylik, mohiyat-hodisa dialektikasi haqida qiziqarli ma’lumotlar beradi. Forobiyning fikricha, faqat insongina bilimga intiladi. Inson o‘zini qurshab tirgan olamni va o‘zini o‘zi bilish orqali eng yetuk mavjudotga aylanadi. Bilish insonning mohiyati. Bilishdan maqsad haqiqatga erishmoqdir25.
Yozuv haqidagi fanda yozish qoidalari, she’r tug‘ilishi haqidagi fanda esa she’r o‘lchovlari, har bir she’r qanday tovushlardan va bo‘g‘inlardan tashkil topgani, to‘liq va noto‘liq o‘lchovlar, qaysi o‘lchov yoqimli va chiroyli ekani o‘rganilishi haqidagi fikrlarini aytib o‘tadi. Shu bo‘limda qaysi so‘zlar poeziyada va qaysi so‘zlar prozada qo‘llanilishi yoki qo‘llanilmasligi bayon qilinadi.
Forobiy grammatika bilan mantiqning o‘zaro aloqador ekanini ko‘rsatadi. Olimning fikricha, qanday qilib ta’lim berish va ta’lim olish, fikrni qanday ifodalash, bayon etish, qanday so‘rash va qanday javob berish (masalasi)ga kelganda bu haqdagi ilmlarning eng birinchisi jismlarga, ya’ni subsantsiya va aksidentsiyalarga ism beruvchi til haqidagi ilmdir. Ikkinchi ilm grammatikadir. U jismlarga berilgan ism (nom)larni tartibga solishni, substansiya va aksidentsiyaning joylashishini, undan chiqadigan natijalarni ifodalovchi hikmatli so‘zlar va nutqni tuzishni o‘rgatadi. Uchinchi ilm mantiqdir. U ma’lum xulosalar keltirib chiqarish uchun mantiqiy figuralarga binoan darak gaplarni joylashtirishni o‘rgatadi. Bu xulosalar yordamida biz bilmagan narsalarni bilib olamiz hamda nima to‘g‘ri va nima yolg‘onligi haqida hukm chiqaramiz.
Shuningdek, buyuk mutafakkir Al Xorazmiy ham o‘zining bilimi va tajribasidan kelib chiqqan holda, bilishning xususiyatlari haqida: “Sezgi orqali bilish bu qisman bilish bo‘lsa, mantiqiy bilish haqiqatdir”, - deydi va bilim egallashda ijodiy faoliyatni asos qilib oladi.
Abu Rayhon Beruniy har bir ishning kishi ruhiga, qobiliyatiga mos, uni toliqtirmaydigan bo‘lishiga alohida e’tibor beradi: “Bizning maqsadimiz talabani toliqtirib qo‘ymaslikdir. Agar talaba bir masaladan boshqa bir masalaga o‘tib tursa, u xuddi turli-tuman bog‘larda sayr qilgandek bo‘ladi. Har bir yangi narsa o‘rganuvchiga rohat bag‘ishlaydi”, - deydi buyuk alloma. Bu xulosa til hodisalarini o‘rganishda, lisoniy materiallarni joylashtirish va o‘qitishda dasturulamal bo‘lishi shubhasizdir.
Beruniy til ta’limida yozuv va imloning tushunarli bo‘lishi juda muhim ekanligini ta’kidlaydi. Ayrim mutaassib kishilar arab yozuvini Olloh tomonidan yuborilgan deb ilohiy tus berayotgan bir paytda Abu Rayhon Beruniy har qanday yozuv kabi arab imlosi insoniyatning kashfiyoti ekanini e’tirof etadi. Lekin mazkur yozuvda ancha noqisliklar borligi, shuning uchun ham lotin, yunon, hind tilidagi asarlarning arab tiliga taijimalarida ayrim nomlarni to‘g‘ri ifodalash qiyinligi, shu tufayli ko‘p nomlarning g‘aliz berilishini bayon etadi.
Olimning aytishicha, arab yozuvida “katta baxtsizlik” bor. Unli fonemalarning ifodalanmasligi, ko‘p harflarning bir-biriga o‘xshashligi va ularning ayrim nuqtalar orqaligina farqlanishi qator qiyinchiliklarga olib keladi. Agar nuqtalar tushib qolsa, ma’noning chiqmay qolishi, ayniqsa, Dioskorid, Galen, Pavel, Oribaziy singari yunon olimlarining familiyalarini to‘liq va to‘g‘ri ifodalab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Shuning uchun yunon familiyalarining originaliga qiyoslagan holda transkripsiya qiladi.
Beruniy insonlarning ongiga ta’sir qilishni, berilayotgan axborotni insonlar xotirasida yaxshi saqlanishi borasida she’riy asarlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidlagan. Shu sababli ham Beruniy qadimgi arab poeziyasiga katta e’tibor bergan. Chunki arablar qadimda yozuv madaniyatiga ega bo‘lmay turib biror voqeani esda saqlab qolish uchun uni she’rga solganlar. Natijada she’r kishiga estetik zavq bag‘ishlovchi vositagina bo‘lib qolmay, axborotni avloddan-avlodga yetkazuvchi, bilimlarni o‘zida to‘plovchi vazifasini ham bajargan. Shu bois dorivor moddalarning xususiyatlarini ham she’rga solganlar. Natijada she’riyat xalqning bilimlar to‘plamiga aylangan.
25 Onnoco^Ha. A6y Hacpa a^b - Oapa6n. - AnMaTbi: Fhjhm, 1994. - C.3.
Abu Ali ibn Sino - buyuk hakim, tib ilmining sultoni, ulug‘ mutafakkir, fanning ko‘plab sohalari qatori tilshunoslik bilan ham maxsus shug‘ullandi, “Lison ul-arab” (Arab tili) nomli kitob ham yozdi.
Abu Ali ibn Sino yozadi: “...sening fikrlaring bola yuragiga yetib borib, unga o‘ylab, fikr yuritib ko‘rishga imkon bersin... Agarda sening suhbatdoshing yoki do‘sting so‘zlaringga va nasihatingga e’tibor bermayotganini sezsang, suhbatni boshqa vaqtga ko‘chir”.
Ibn Sino nutqni paydo qilish va uning ravonligida nutq a’zolarining o‘rni haqida o‘z fikrlarini lingvistikaga doir “Asbobi xudut al-huruf’ nomli asarida bayon qiladi. Shuning uchun ham Ibn Sino tilshunoslik bilan bog‘liq izlanishlarida asosiy e’tiborni fonetika, ya’ni nutq tovushlariga qaratadi. Nutq tovushlarining hosil bo‘lishi, nutq a’zolarining nutq tovushlarini hosil qilishdagi ahamiyati, o‘rni haqida, unli va undosh tovushlarning tasniflanishi haqidagi dastlabki ma’lumotlar ushbu asarda keltirilgan. Asarda Ibn Sino nutq tovushlarini hosil qiluvchi uch jihatni ko‘rsatib o‘tadi:
Ko‘krak qafasida paydo bo‘ladigan diafragma va ko‘krak muskullari orqali harakatga keladigan havo to‘lqini.
Havo to‘lqinining nutq organlari turli nuqtasida to‘siqqa uchrashi.
Tovushga turlicha tembr ottenkasini beradigan va turli akustik belgi (masalan, dinai “aks sado”, gunna “nazallik”) hosil qiladigan rezanator.
Ibn Sino ko‘rsatgan yuqoridagi uch jihat bugunga qadar fonetikaga ba’gishlangan asarlarda takrorlanib
kelmoqda.
Nutq tovushlarini hosil qilishda ishtirok etadigan organlar haqida keng ma’lumot berishida Ibn Sinoga odam anatomiyasi borasida katta tajribaga ega bo‘lgani qo‘l kelgan.
Mahmud Koshg‘ariy XI asrdagi buyuk tilshunos olimdir. Garchi uning asari “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) o‘z davridagi turkiy so‘zlarni izohlashga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, u so‘z va uning ma’nolarini aniqlash, so‘zdan nutqiy amaliyotda foydalanish, nutq madaniyati borasida ham ko‘plab ilmiy mulohazalar bildiradi, ilmiy xulosalar aytadi. Mahmud Koshg‘ariy turkiy tildagi fonetik, morfologik qonuniyatlarni, leksik-sintaktik xususiyatlarni, uslubiy o‘ziga xosliklarni nozik did bilan qiyoslaydi va tahlil qilib beradi. Muhimi, buyuk alloma XI asrda xalq tilida iste’molda bo‘lgan so‘zlarning asl manbasi, ularning «yashash joyi» bo‘lgan badiiy matnlar bilan birgalikda saqlanib qolishiga erishadi. Keyingi avlod vakillarining qadimgi adabiy til va og‘zaki nutq namunalari bilan tanishish imkoniyatidan bahramand qiladi. Alloma ko‘plab xalq qo‘shiqlari, ertak va afsonalari, maqol va hikmatli so‘zlarini ham yozib olgan. Ular orasida bevosita til va nutq jarayonlariga oidlari ham mavjud:
Ardam bashi til. - Til (barcha) san’at - hunarning boshidir.
So‘zga suguncha bulun barir. - Odam so‘zning shirinligi bilan lazzatlansa, unga asir bo‘lib ketadi.
Mahmud Qoshg‘ariy maqollarning qo‘llanish o‘rinlarini ham ko‘rsatadi. “Suf ko‘rmaguncha etuk tartma” - “Suv ko‘rmasdan oldin etik yechma”. Bu maqol ishlarda mulohazali bo‘lishga undalgan kishilarga nisbatan qo‘llaniladi.
“Keng to‘n o‘bramas, kengashlig bilig artamas” - “Keng to‘n to‘zimaydi, kengashli ish buzilmaydi”. Bu maqol bir ish boshlashdan oldin boshqalar bilan kengashish, o‘zboshimchalik qilmaslikka undab aytiladi.
O‘zbek tilini o‘qitishda lug‘at va ulardan foydalanishning muhimligini inobatga olgan holda, qomusiy olim lug‘at tuzish sohasida ham yuksak cho‘qqilarga ko‘tariladi. Olim o‘z tengdoshlariga nisbatan lug‘at tuzish masalasiga o‘zgacha yondashib, o‘ziga xos yo‘ldan bordi. Bu haqda muallifning o‘zi shunday yozadi: ”Men bu kitobni maxsus alifbe tartibidagi hikmatli so‘zlar, sa’jlar, maqollar, qo‘shiqlar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim, qattiq joylarini yumshatdim, qiyin va qoqrong‘i joylarini yoritdim. Bu ish ustida so‘zlarni o‘z joyiga qo‘yish, kerakli so‘zlarni osonlik bilan topish uchun bir necha yillar mashaqqat tortdim. Nihoyat, kerakli so‘zlarni o‘z joyida qo‘llaydigan, qiyinchiliksiz topa oladigan bir holga keltirdim. Kitobni sakkiz asosiy bo‘limda chekladim... Har
bir bo‘limni otlar (ismlar) va fe’llar tarzida ikki qismga ajratib berdim. Otlarni oldin, fe’llarni esa otlardan keyin o‘z sirasiga qarab boblarga ajratib, o‘z o‘rnida oldinma-ketin ko‘rsatdim. Tushunilishi oson bo‘lishi uchun asarda arabcha istiholalar (termin) qo‘lladim. Kitobni tuzish oldidan Halil ibn Ahmadning ”Kitob ul-ayn” asarida tutgan tartibni qo‘llash, iste’moldan chiqqan so‘zlani ham berib borish fikri tug‘ilgan edi. Bu tartib arab tili bilan ikki uloqchi otdek teng poyga qilib o‘zib borayotgan turk tilini to‘liqroq yoritish jihatidan ham yaxshi edi. Lekin men o‘quvchilarning foydalanish masalasiga asoslandim. Men iste’moldagi so‘zlarnigina berdim, iste’moldan chiqqanlarini tashladim. Men tutgan tartib to‘g‘riroqdir”.
Yusuf Xos Hojib. Sharqdagi so‘z va undan foydalanishga qo‘yiladigan talablarga misol tariqasida Yusuf Xos Hojibning qo‘yidagi fikrlarini keltirish maqsadga muvofiqdir: “Ko‘p so‘zlik foydasiz mashg‘ulotdir. Tuman so‘z tugunini bir so‘zda yozish mumkin. Zero, kishi so‘z tufayli qadr topishi yoki aksincha, boshi egik bo‘lishi mumkin”. Demak, so‘z ma’nolarini ilg‘ash so‘z ishlatish uchun ham bilimdonlik talab etiladi.
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fanining rivojlanishida Mahmud Zamaxshariyning ham o‘ziga xos o‘rni mavjud. Mahmud Zamaxshariyning ”Muqaddimat ul-adab” asari tilshunoslik va uni o‘qitish uchun katta ahamiyatga ega asar sanaladi. Tilimizning naqadar boy va serqirra ekanligini ko‘rsatish maqsadida u o‘z asarida o‘sha davrda iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlarni, iboralarni keltiradi. Bu so‘zlarning ma’nolari, etimologiyasi yetarli darajada keng sharhlanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, o‘zbek tili o‘qitish metodikasiga oid bo‘lgan qarashlar juda qadimgi davrlarga borib taqalgan bo‘lib, unda aynan til o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lum bir tavsiyalar tizimi ishlab chiqilmagan bo‘lsa-da, til o‘qitish metodikasi tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha qimmatli ma’lumotlar berilganligining guvohi bo‘lamiz. Ayniqsa, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy, Yusuf Xos Hojib kabi qomusiy olimlarning bizga meros qilib qoldirgan asarlarida ushbu sohaga oid bo‘lgan ma’lumotlarning o‘rni beqiyosdir.
O‘rta (X-XIX) asrlarda ona (o‘zbek) tilida ta’lim maqsadi
X-XIV asrlarda turkiy xalqlar mo‘g‘ullar asoratida bo‘lsa ham, ularning o‘sha davrdagi madaniy va ma’naviy hayotga ta’siri kuchli edi. Shu bois turkiy tilga qiziqish, uni o‘rganishga intilish kuchaydi. Ana shu ehtiyojni qoplamoq uchun bir qator lug‘atlar va grammatikaga bag‘ishlangan asarlar maydonga keldi. Ushbu asarlarda mualliflar tilshunoslik bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar bilan birga tilni o‘rganish va undan foydalanish haqidagi bir qancha tavsiyalarni ham berib bordilar.
Muallifi noaniq “At-tuhfatuz zakiyatu fil-lug‘atit turkiya” ( “Turkiy til haqida noyob tuhfa”) kitobi ham ana shunday asarlar jumlasidandir. “At-tuhfa” asarida tilning ijtimoiyligi, uning vazifasi, til va tafakkur munosabati haqida ayrim ma’lumotlar uchraydi. Insonning o‘ziga xos xususiyati uning fikrlash qobiliyatiga ega ekani, fikr esa nutq yordamida ifoda qilinishi haqida quyidagicha ma’lumot beriladi: “Inson hayvondan faqat tushunish va til (so‘zlash) bilangina farq qiladi”. Shuningdek nutqni rivojlantirishda va o‘stirishda, so‘z boyligini oshirishda og‘zaki so‘zlashuvning ahamiyati haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tadi: “tilda sheriklik eng yaxshi vositalardan va eng oliy belgilardandir” degan fikrni bayon qiladiki, bu bilan biror narsa, voqea-hodisa haqida fikr ifodalamoq uchun, ya’ni nutqiy faoliyatni amalga oshirmoq uchun albatta so‘zlovchi va tinglovchilar bo‘lmog‘i lozimligi ta’kidlanadi. Anglashiladiki, muallif nutqiy faoliyatning yuzaga chiqishida jamiyat va uning tas’iri haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tadi.
Alisher Navoiy. Alisher Navoiy o‘zbek tili ravnaqi uchun astoydil kuyindi. Turkiy til ravnaq uchun qat’iy kurash olib bordi. Navoiy asarlari til omillaridan, o‘zbek tilining leksik - grammatik imkoniyatlaridan unumli va mahorat bilan foydalanishning oliy namunasidir. Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiyning adabiy tilga muvofiq ijod etganini maxsus ta’kidlaydi: “Andijon elining lafzi qalam bila rostdur, oni uchun kim Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim, undan nash ’u namo topibtur, bu til biladur”.
Navoiy tilning ijtimoiy hodisa ekanligini ta’kidlaydi, uni “guhari sharif’ deya ta’riflaydi. So‘z insonni hayvondan ajratgan ulug‘ ne’mat deya ulug‘laydi:
“Tengriki, insonni qilib ganji roz,
So‘z bila hayvondin anga imtiyoz”.
Navoiy har doim shaklning mazmunga uyg‘un bo‘lishini talab etadi:
Nazmki ma’ni anga marg‘ub emas,
Ahli ma’oniy qoshida xo‘b emas.
Nazmki ham surat erur xush anga,
Zimnida ma’ni dog‘i dilkash anga.
Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy yoshlarning asar matnini ifodali o‘qish san’atini egallashlariga diqqatni tortdi. Shoir o‘zining “Lison ut-tayr” asarida asar mazmunini tushunib o‘qish usulini egallashga chaqirdi. “Mahbub ul-qulub” asarida xushnavis chiroyli yozishning va yozma nutq malakasini egallashning barchaga “osoyish” berish’ini ta’kidladi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida talaffuz va imlo, so‘z qudrati va nutq madaniyati, so‘z ma’nolaridan to‘g‘ri foydalanish, nutqni to‘g‘ri tuzish kabi masalalarning ilmiy sharhini berish bilan turkiy (o‘zbek) tilni chuqur o‘zlashtirish metodikasiga ulkan hissa qo‘shdi.25
Ma’lum ma’noning turli shakllarda ifodalanishi mumkinligi, shuning uchun ham nutqda bu shakllardan so‘zlovchining maqsadga muvofiqini qo‘llash imkoniyati borligi, uni qay darajada amalga oshirish so‘zlovchining mahoratiga bog‘liqligini ko‘rsatish orqali so‘zlovchini notiqlik san’atini egallashga da’vat etadi.
Alisher Navoiy Sharq tilshunosligida mavjud bo‘lgan leksika sohasidagi bilimlar bilan qurollangan bo‘lib, leksikologiyani o‘qitishda ko‘p ma’noli so‘zlar, ma’nodosh so‘zlarlar, omonimlar, uyadosh so‘zlarning til va uni o‘qitishda nechog‘liq ulkan ahamiyatga ega ekanligini juda yaxshi anglaydi. Ana shu bilim asosida turk tilining lug‘at boyligini ko‘rsatishga intiladi. Buning uchun xalq tilidan forsiy ekvivelenti bo‘lmagan bir qancha so‘zlarni topadi. Bular shunday so‘zlarki, “barchasi muhtojun ilay durki (ehtiyojli), takallum chog‘ida kishi anga muhtoj bo‘lur. Ko‘pi andoqdurki, aslo aning mazmunini tahfim qilmoq (ifodalamoq) bo‘lmas va ba’ziniki, anglatsa bo‘lg‘ay, har lafz tahfimi uchun (ifodasi uchun) necha lafzni (so‘zni) tarkib qilmaguncha bo‘lmas”.
Turkiy tilda omonimlar g‘oyat ko‘pligini va bu she’riyatda so‘z o‘yini uchun qulay imkoniyat yaratishini ta’kidlaydi. Masalan, ot so‘zi ism, “minadigan jonzot”, “irg‘it yoki tepkini bos (miltiqni ot)” ma’nolarini; shuningdek, to‘rtta va besh ma’noli so‘zlar mavjudligini ham ko‘rsatadi. Masalan, “bor lafziki, bir ma’nisi yod qilmoqqa amrdur va biri suluk kuy otidur va ishq masti va majnuni va bemori muqobalasida sog‘in desa, har biriga itloq qilsa bo‘lur”. Bundan tashqari, tuz, ko‘k so‘zlari ham besh ma’noni bildirishini bayon etadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiyning o‘zbek adabiy tili istiqboli yo‘lidagi kurashini davom ettirdi. U nutq madaniyatiga, nutqning sodda, ravon, tushunarli bo‘lishiga alohida ahamiyat berdi. Ijodiy faoliyatida doimo bunga amal qildi. Boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Boburning nutq madaniyatiga alohida ahamiyat berishi bejiz emas edi. Chunki antik davrda ham, Arab halifaligida ham nutq madaniyatiga har qanday ziyoli kishining, ayniqsa, davlat arbobining egallashi lozim bo‘lgan eng muhim san’at turi sifatida qaralar, faqat shunday san’atni egallagan kishigina mohir davlat boshqaruvchisi bo‘lishi mumkin deb hisoblanardi.
Boburning o‘zi ham jangda tahlikaga tushgan askarlarni bir necha bor jangovar va ta’sirchan nutq orqali dadillashtirgan, g‘alabaga ishonch ruhini uyg‘otgan va shu zayl muvaffaqiyat qozongan.
Shuning uchun ham o‘z farzandlarining ham mazkur san’atni egallashini eng muhim vazifa deb bilgan. Faqat og‘zaki nutqning emas, balki yozma nutqning ham sodda, ravon va savodli bo‘lishiga erishish har bir ziyolining vazifasi hisoblangan.
Boburning o‘g‘li Humoyunga yozgan maktubi fikrimiz dalilidir: “Xatingni xud tashvish bilan o‘qusa bo‘ladur, vale asru mug‘lakdur (juda chalkashdir). Nasri muammo hech kishi ko‘rgan emas. Imlong yomon emas, agarchi xili rost emas. Iltifotni to bila bitibsen, qulunjni yo bila bitibsen. Xatingni hud har tavr qilib o‘qusa bo‘ladur, vale bu mug‘laq alfozingdin (chilkash so‘zlar) maqsad tamom mahum bo‘lmaydur (tushunmaydi). Go‘libo xat bitarda kohilliging (bo‘shliging) ham ushbu jihattindir. Takalluf (hashamat, bezak) qilay deysan, ul jihatdin mug‘laq bo‘ladur, mundin pari betakalluf va ravshan va pok alfoz (til) bila biti. Ham senga tashvish ozroq bo‘lur va ham o‘quvchig‘a”.
Munis Xorazmiyning “Savodi ta’lim” asari nazm bilan yozilgan pedagogik asar bo‘lib, chiroyli xat yozish usullarini o‘rgatadi. Asarning birinchi qismida xat mashq qilishga tayyorgarlik va bu ish uchun kerakli asboblar to‘g‘risida so‘z yuritadi. Ikkinchi qismida esa xat mashqi va uning usullari haqida amaliy yo‘l bilan ta’lim beriladi. Asarda kishilik jamiyatida yozuvning katta ahamiyatga ega ekanligi qayd etiladi.
XV asrdan XIX asrning 2-yarmigacha o‘tgan davrda O‘rta Osiyoda pedagogik, metodik fikr o‘sdi. Bu davrda o‘nga yaqin lug‘atlar va tilshunoslik asarlari (Tali Imomiyning “Badoye al-lug‘at”i (XV asr), Muhib Ali Shamluning “Lug‘ati Navoiy”i (XVI asr), Mustafo binni Sodiqning “Abushqa”si (XVIasr), Fazlulloxonning “Lug‘ati turkiy”i (XVIII asr), Mirza Mehdihonning “Sangloh”i (XVIII asr), Fath Alixonning “Kitobi lug‘oti atrokiya”si (XIXasr) yuzaga keldi. Ularda tovush va harf, imlo va talaffuz, so‘z ma’nosi va tarjima kabi masalalarni o‘zlashtirishga qaratilgan metodik fikrlar mavjud.
Shuningdek, XIX asrning 2-yarmida yashab ijod etgan Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Komil Xorazmiy, Avaz va boshqalarning asarlarida ham ifodalangan ilg‘or fikrlar ma’rifatparvar pedagoglar Saidrasul Saidazizov, Is’hoqxon Ibrat, Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Siddiqiy, Ismatulla Rahmatullayev va boshqalar faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Ular yangi usul- “Usuli savtiya” maktablarini tashkil etib, keng xalq ommasiga ilm-fan, madaniyat tarqatish uchun qizg‘in kurash boshlaganlar.
Guvohi bo‘lganingizdek, o‘rta asrlarda o‘zbek tilini o‘qitishdan asosiy maqsad milliy tilning qo‘llanilish doirasini kengaytirish, uning imkoniyatlarini ishga solish, ushbu imkoniyatlarga keng xalq ommasining e’tiborini qaratish, tilimizning naqadar jozibali va ma’nolarga boy til ekanligini ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Ushbu vazifani ado etishda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Komil Xorazmiy, Munis Xorazmiy kabi ziyolilarning qilgan xizmatlari beqiyosdir.
Jadidlarning ona tili ta’limida tutgan o‘rni
XX asr boshlarida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va adabiy hayotda jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Milliy uyg‘onish harakati kuchaydi, yangi adabiyot yuzaga keldi. Maxmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Cho‘lpon kabi shoir va yozuvchilar o‘zbek xalqining ma’rifatli bo‘lishi, milliy va ijtimoiy ongining o‘sishi, yangi tur va mazmundagi adabiyotni yaratish uchun harakat qildilar.
XX asr boshlarida jadidchilik harakatining kuchayishi, ta’lim-tarbiyaning tezkor va ta’sirchan usullariga qiziqishning ortishi xalqimiz o‘rtasida ming yillardan buyon qo‘llanib kelinayotgan, lekin ta’lim tizimida tez savod chiqarishga monelik qilgan arab grafikasi asosidagi yozuvni o‘zbek tili fonetik tizimiga moslashtirish, so‘zlarni qanday qilib to‘g‘ri va bir xil yozishga erishish masalalarini hal qilishni ko‘ndalang qo‘ydi.
Jadidchilarning jonkuyar namoyondalaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z davrida “Kitobat ul-atfol” (1903) asarida yoshlarga maktub yozish qoidalari haqida ma’lumot beradi. Behbudiyning xat yozish qoidalariga alohida e’tibor berishi bejiz emas. Chunki xat jamiyat hayotida katta rol o‘ynaydigan vositadir. Sharq ziyolilari shuning uchun ham xatga doimo e’tibor bilan qaraganlar. Behbudiy ham Zahiriddin Muhammad Bobur kabi o‘z asarida yoshlarni sodda va ravon yozishga, imkon qadar ajnabiy so‘zlardan ehtiyot bo‘lishga, o‘zi tushunmaydigan so‘zlarni qo‘llamaslikka da’vat etadi. Xat yozuvchi xat qaratilgan shaxsning ma’lumot darajasini hisobga olishi kerakligini ta’kidlaydi. Quyida biz ushbu tavsiyalardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
Kotib har muddaoni yozmoqchi bo‘lganda, o‘ shal muddaoni o‘zi yaxshi tushunub, so‘ngra yozsa kerak.
O‘zi bilmaydurgon lug‘atni mumkin qadarincha yozmasun.
Har til va lug‘at so‘zini o‘z qoida va imlosi ila yozmoq lozim. Arabiy kalimalarni arabiy harf ila yozmoq lozim. Arabiy kalimalarni arabiy harf ila, forsiy va rusiy so‘zlarni o‘zig‘a teyishli tovushi ila va o‘qumakg‘a mumkin bo‘lgudek harf ila yozmoq kerak. Chunonchi: sirot, azim, padar, solo, ... Peterburg, Nijni Novgorod...
Har kim ma’nosig‘a tushunmaydurgon kalima va begona lug‘atni so‘z ichig‘a yozmoq lozim bo‘lgonda, harakat qo‘ymoq kerak.
Xat borib tegadurgon odamni mulohaza qilib, oni fahm va bilishig‘a muvofiq yozmoq lozim.
Birovni ko‘r, kar, o‘g‘ri, hammor (ichuvchi, mayxo‘r) va shunga o‘xshash ayb va yomon sifatlari bo‘lsa, ani ismini yozganda o‘shal yomon sifatlarni yozmoq ayb ba mamnu’dur. Magar yozilmog‘i lozim bo‘lgan suratda (chunonchi hukmnomalarda)... ”26.
Bundan tashqari Mahmudxo‘ja Behbudiy “Avsof (vasflar, maqtovlar) va odobi maktub”ida ham xatlarni ikki qismga bo‘lgan holda, ularni umumiy xatlar, xususiy xatlar kabi turlarga ajratgan. Ushbu xatlarning yozilish qoidalarini ishlab chiqib, bugungi kunda matn uslublari haqida, ularni yaratish qonun-qoidalari haqidagi dastlabki ma’lumotlarni berib o‘tadi. Unda yozilishicha: “Umumiy xatlar devonxona, qozixona, tijoratxonalarda yozilaturgan maktublardurkim, rasmiy atalib, yana shar’iy va urfiy degan qismlarg‘a ayriladur. Xususiy maktublar ikki kishi orasig‘a yozilaturg‘on yodnoma, muborakbod va xabarnomalardur” kabi uslub bilan bog‘liq bo‘lgan axborotlar berilgan.
Shuningdek, Behbudiy “Padarkush” asarida va sayohat xotiralarida milliy, insoniy qadriyatni anglash uchun ma’rifatli bo‘lish lozimligini: ma’rifat-ezgulikning, jaholat- yovuzlikning timsoli ekanini tasvirlaydi.
XX asr boshlaridagi ma’rifatparvarlik harakatida Abdulla Avloniyning o‘rni alohida ajralib turadi. U boshqa jadidlar kabi yangi tipdagi maktablarni ochish, gazetalar nashq qilish va matbuot orqali xalqni uyqudan uyg‘otish, yangi tipdagi maktablar uchun yangi darsliklar yozish, teatrni rivojlantirish, sahna asarlari orqali xalq o‘rtasida turmush illatlarini fosh etish harakatida bo‘ldi.
Abdulla Avloniyning tilni o‘qitish bilan bog‘liq qarashlari ko‘proq 1913-yilda yuqori sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallab yozilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida aks etgan.
Muallif har qanday millatning muhim belgilaridan biri til birligi belgisi ekanini, shuning uchun ham tilga e’tibor - millatga bo‘lgan e’tibor, aksincha, tilni yo‘qotmak millatni yo‘qotmak ekanini ta’kidlaydi. Bu haqda Abdulla
Avloniy quyidagilarni yozadi: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”27.
Shunday ekan, har bir millat o‘z tiliga e’tibor bilan qaramog‘i, uning istiqboli uchun qayg‘urmog‘i lozimligini bayon etadi. O‘zbek tilining arabiy, forsiy unsurlar bilan to‘lib-toshib ketgani, shuning uchun bu tilni o‘z ichki imkoniyatlari asosida rivojlantirish, xalq tiliga yaqinlashtirish zarurligi ko‘rsatiladi.
“Yaxshi qo‘shningdan olguncha yomon uyingni qidir demishlar, - deb yozadi bu haqda Abdulla Avloniy. - Bobolarimizga yetushg‘on va yarag‘on muqaddas til va adabiyot bizga ham kamlik qilmas. O‘z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo‘qolganlarini ham toparmiz”.
Abdulla Avloniy yoshlarni o‘z tiliga hurmat va muhabbat qo‘yish, uni chuqur o‘rganish bilan birga boshqa tillarni bilishga ham da’vat etadi.
Muallif ijtimoiy-ruhiy til va xususiy, bevosita voqelangan nutqni juda chiroyli ifodalar bilan farqlaydi: “Umumiy milliy tilni saqlamoq ila barobar xususiy tilni ham saqlamak lozimdur”. Bu bilan, Abdulla Avloniy til va nutq o‘rtasida mavjud bo‘lgan umumiylik-xususiylik dialektikasini ochib beradi.
Muallif kishilarning aloqa vositasi bo‘lgan tilga qanchalik e’tibor lozim bo‘lsa, bu tildan foydalanayotgan shaxslar tiliga (nutqiga) ham shunchalik e’tibor kerakligini ta’kidlaydi. “Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm-fazlini o‘lchab ko‘rsatadurg‘on tarozisidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan bilurlar”.
Shuning uchun Abdulla Avloniy yoshlarni so‘zdan o‘rinli foydalanishga, so‘z qadriga yetishga da’vat etadi. Chunki so‘z insonning qudratli quroli, ezgulikka ham, razillikka ham sabab bo‘luvchi tengsiz vositadir. Ana shuni hisobga olgan holda muallif yozadi: “Agar so‘z aql va hikmatga muvofiq bo‘lub, o‘ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurg‘on bo‘lmasa, asalarilar orasida qovoqari kabi quruq g‘ung‘urlamoq, faqat bosh og‘rig‘idan boshqa narsa emasdur. Boshimizga keladurg‘on qattiq kulfatlarning ko‘pi yumshoq tilimizdan keladur”.
Shuningdek, Abdulla Avloniy o‘z faoliyati davomida xalqni ma’rifatli bo‘lishga da’vat etib, o‘qish va o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlarini o‘z asarlarida berib boradi. Xususan, “Maktab va guliston” darsligida adabiy asarlarni ifodali o‘qishning yakka va ko‘pchilik bo‘lib o‘qish, ifodali o‘qish, drama holiga keltirish turlarini ko‘rsatdi. Avloniy “Adabiyot” kitobining I juz’ida bolalarni aruz vaznida yozilgan she’rlar bilan tanishtiradi. Masalan, “bo‘lak” radifli she’rni o‘rganishdan oldin bolalar uning mazmuni bilan tanishadilar, so‘ngra “foiloto‘n, foiloto‘n, foilo‘n” bahrini o‘qishni o‘rganadilar. II juz’ida ham aruz vaznida yozilgan she’rlarni o‘qish yo‘llarini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, bolalarga ifodali o‘qishni o‘rgatish-o‘qish darsining asosi hisoblanadi. Ifodali o‘qishni o‘rganish matnni chuqur tushunishga yordam beradi. Shunga ko‘ra yangi usul maktab o‘quvchilari savod chiqarishda asarni tushunib o‘qishga va ifodali o‘qishga alohida e’tibor berganlar.
Ifodali o‘qishning muhim shakllaridan biri drama holiga keltirib o‘qishdir. Abdulla Avloniyning “Oila munozarasi” she’rida ota bilan ona o‘z farzandlarini o‘qitish haqida munozara qiladilar.
Abdulla Avloniy maktabda badiiy asarni chuqur o‘zlashtirishga erishish maqsadida darsda plastinkadan foydalaniladi. Uning ifodali o‘qish sohasida qo‘llagan usullari, dars jarayonida texnika vositalaridan foydalanishi eski maktablarda ham til va adabiyot o‘qitish usuli sohasida yangilik edi.
1885-1937-yillarda yashab ijod etgan Ashurali Zohiriyning ham til va uni o‘qitish bilan bog‘liq bir qancha fikrlari mavjud. U yangi ochilgan maktablarda bolalarni imloga o‘rgatuvchi kitob bo‘lmagani sababli, 1916-yili “Imlo” kitobini yozadi. Bu kitobda ilk marta arab grafikasi asosidagi o‘zbek yozuvida to‘g‘ri yozish qoidalari, punktuatsion qoidalar o‘z ifodasini topadi.
20-yillarda jadidchilik vakillari arab yozuvining o‘zbek tili fonologik tizimini ifodalay olmasligi, shu bilan birga, harflar shakli tez yozishni ta’minlash uchun bir qator noqisliklarga ega ekanini, shuning uchun bu yozuvni isloh qilish lozimligini bayon qiladilar. Ushbu masalalarni hal qilishda Ashurali Zohiriy o‘z faolligini ko‘rsatadi.
XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi ma’rifatparvarlik harakatida Abdurauf Fitrat, so‘zsiz, porloq yulduz kabi ajralib turadi.
Professor Abdurauf Fitratning fonetika, xususan, nutq tovushlari, talaffuz va ohangdoshlik haqidagi mulohazalarida milliylikka intilish borligini ko‘rish mumkin. Darhaqiqat, til millat belgisi sifatida doimo o‘ziga xoslikka ega bo‘ladi. Olimning bu boradagi intilishlari tez orada umumta’lim maktablari uchun yaratilgan o‘zbek tili darsliklarida ham o‘z aksini topadi. Xususan, buni Q. Ramazon va H. Qayyumiylarning darsligi28 misolida ham bevosita ko‘rishimiz mumkin.
Mualliflar Abdurauf Fitrat yo‘lidan borib darslik tuzishda milliy xususiyatlarga jiddiy e’tibor qaratganlar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, darslikdagi atamalarning ham ko‘pchiligi o‘zbekcha berilgan.
A. Yo‘ldoshevning chalasavodlar maktabi uchun tuzilgan “O‘zbek tili darsligi” grammatika va imloni o‘qitishga mo‘ljallangan. Darslikning umumiy hajmi 127 bet bo‘lib, unda dastlabki bo‘lim “Qanday yozish kerak” deb nomlanadi. Fonetika odatdagidek tovush va harfni tushuntirishdan boshlangan. E’tiborli tomoni shundaki, “Yo‘g‘on va ingichka so‘zlar”, “Yo‘g‘on va ingichka tovushlar” kabilar bugungi kunda fonetikaga doir o‘quv materiallari sirasida uchramaydi. Beshinchi bo‘lim gazeta hamda kitoblar ustida ishlashni o‘rgatishga mo‘ljallangan.
Mazkur darslik A. Fitratning tajriba uchun yozilgan darsligi ta’sirida yaratilgan bo‘lib, aynan tovushlardagi yo‘g‘on va ingichkalik masalasi alohida o‘rganishni talab etadi. Bu esa bugungi kundagi talaffuz va imlodagi muammolarni yechishda yordam berishi mumkin.
Q.Ramazon va H. Qayyumiylarning 29 5-,6-sinflari uchun yaratilgan grammatika darsligi “Sarf” deb nomalanadi. Unda, asosan, morfologiyaga oid til materiallari berilgan bo‘lib, “Fonetika ”, “Ba ’zi harflarning imlosi”, “Ohangdoshlik” kabi mavzular ham o‘rin olgan.
Fitrat so‘z turkumlari, so‘zlarning grammatik kategoriyalari haqida ham izchil ma’lumot berib, so‘zni o‘rganish, gapning tarkibini o‘rganish borasida quyidagi fikrlarni aytadi: “miyalarimizda tuqqan “o‘y”ni bir-birimizga bildirmak uchun eng buyuk qurolimiz gapdir. O‘zingizni o‘ylasangiz, hayvonlardan birini (otni) o‘ylasangiz, u hayvon ustiga yerlashmak uchun bo‘lg‘on tebranishingizni o‘ylasangiz, uch ma’no o‘ylagan bo‘lursiz. Bu uch ma’noni birlashtirib, bir-biriga bog‘lab, o‘zingizning otka minganingizni o‘ylaganda, miyangizda bir “o‘y” tuqqandir. Shu o‘yni bir kishiga bildirmoqchi bo‘lsangiz, “men ot mindim” deb qo‘yasizkim, bu aytkaningiz bir “gap” dir. Ko‘rinadikim, yuqoridagi o‘yda uch ma’no bo‘lgani kabi, u o‘yni bildiruvchi “gap”da uch so‘z bor; “men, ot, mindim”.
Tilni o‘qitishda mavzularning uzviyligiga ham e’tibor berish lozim deb hisoblaydi. Uning fikricha, gap haqida umumiy ma’lumot berilgandan so‘ng punktuatsion ma’lumot berishni lozim deb biladi. Punktuatsion belgilar gapdan anglashilishi lozim bo‘lgan fikrning yozuvda to‘g‘ri ifodalanishi uchun yordam berishi Fitratni shunday yo‘l tutishga da’vat etadi. Arab yozuvida tinish belgilarining izchillik bilan ishlatilmaganligini e’tiborga olsak, Fitratning yozma nutqni me’yorlashtirish uchun tinish belgilarining naqadar katta ahamiyati borligiga alohida diqqat qilganini tushunish qiyin emas.
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fanining rivojlanishi va shakllanishida Hamza Hakimzoda Niyoziyning o‘rni beqiyosdir. Hamza Hakimzoda Niyoziy 1911-yili Qo‘qonda Hojibek guzarida yangi usul maktabini ochadi va o‘zi o‘qituvchilik qiladi. U 1914-1915-yillarda boshlang‘ich maktablar uchun “Yengil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi”ni yozadi. Eng muhimi, Hamza o‘z kitoblarini osondan murakkabga o‘tish asosida tuzadi. Boshlang‘ich sinflar uchun yozgan bu kitoblarida Hamza ifodali o‘qish, matn ustida mustaqil ishlash, sinfdan tashqari o‘qishga e’tibor beradi.
Bu davrda ilg‘or fikrli ziyolilar-muallimlar Turkiston maktablarida ta’limning yangi tartibini amalga oshirish uchun kurashdilar. Natijada, ta’limda yangi turdagi “usuli savtiya” maktablari yuzaga keldi. Bu maktablarda ona tili (o‘zbek tili) asosiy o‘quv fani sifatida o‘qitildi, ta’lim jarayonida izohlash (sharhlash) usulidan foydalanildi, o‘quvchining bilimni o‘zlashtirishiga, matnni yod olishiga e’tibor berildi. Shunga ko‘ra bu ta’lim “izohli o‘quv” ta’limi degan nomni oldi.
Izohli o‘qish jarayoni qismlari tuzilishiga ko‘ra shunday xususiyatga ega edi: kirish mashg‘ulotida o‘quvchilarga bilim tayyor holda emas, balki ma’nosi yoritilgan, sharhlangan, isbotlangan holda beriladi, bilim berishda ko‘rgazmalilikdan foydalaniladi. Ta’limda bu usulni qo‘llash o‘quvchida xotira bilan birga, kuzatish va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.
1918-yilda Toshkent eski shahar maorif sho‘basi qoshida “Makotib” (metodik birlashma) uyushmasi tashkil etildi va unga Zufar Nosiriy rahbarlik qildi. Bu yerda Shokiijon Rahimiy, Abdulla Avloniy, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazon, To‘xtanazir Shermuhammedov va boshqa tajribali o‘qituvchi-metodistlar ona tili va adabiyotni o‘qitish usullari yuzasidan ko‘rsatmalar berib turishdi. Shuningdek, bu sho‘bada haftalik o‘quv rejasi tuzilib, maktablarda shu reja asosida dars o‘tildi.
1918-yilda “Maorif’ jurnalida V-VII sinflar uchun ona tili va adabiyot dasturi e’lon qilindi. Dasturda badiiy asarni o‘qishga e’tibor berildi, bolalarning bilim darajasi va yoshiga qarab asarlar tanlash talab etildi. Dasturda o‘qilgan asarning rejasini tuzish, o‘z tarjimai holini og‘zaki yoxud yozma ravishda bayon qilish, rasm mazmunini og‘zaki yoxud yozma ravishda bayon qilish, o‘qigan asari mazmunini yozib berish tavsiya etildi.
1920-yilda Toshkent eski shahar maorif sho‘basining “maktablar bo‘lakchasi” “Birinchi bosqich el yozoqlarining 1920-1921-o‘quv yili uchun saboq tuzugi(mavzui)” I-V sinflar uchun ona tili va adabiyotdan dastur ishlab chiqadi. Bu dasturda asosiy e’tibor o‘quvchilarni mehnat ahli qilib yetishtirishga qaratiladi va kirish qismida mavzularni sinf sharoitiga qarab o‘tish, ko‘rgazmali qurollardan foydalanish haqida ko‘rsatma beriladi.
1922-yilda “O‘zbek bilim yurtlari uchun ona tili va adabiyot dasturi”ning tuzilishi maktablar hayotida muhim voqea bo‘ldi. Bu dastur 1923-yilda “Bilim o‘chog‘i” jurnalining 2-3-sonlarida e’lon qilindi.
Dastur quyidagi bo‘limlardan tashkil topdi.
I. Hozirlik. 1.Adabiy o‘qish va so‘zlash. 2.Yozuv ishlari 3. Nahv.
Hozirlik. 1. Adabiy o‘qish va so‘zlash. 2. Tahrir. 3. Sarf, nahv.
Dasturda materiallar kurslar bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
Asos, ya’ni kurs. 1. Adabiy tekshirish. 2. Tahrir.
Asos. 1. San’at asarlari. 2. Umuman, san’at asarlariga va xususan, she’riy asarlarga tarixiy jihatdan qarash. 3. Asl adabiyot tarixiga hozirlik ma’lumoti. 4.Yozuv, alifbo, yozuvning qanday tug‘ilishi.
20-yillarda til, adabiyot va adabiyotshunoslikda kadrlar safi o‘sib borgani kabi, til va adabiyot metodikasi sohasi ham yosh kuchlar-Murod Shams, To‘xtanazir Shermuhammedov, Olim Sharofutdinov, Usmon Dadamuhammedov, Xalil Qayumov, Sabutoy Dolimov, Qayum Hakimov va boshqa o‘qituvchilar hisobiga o‘sib bordi. Bu ilg‘or o‘qituvchilar mavjud dastur va darsliklarga ijodiy yondashgan holda maktabda turli janrdagi asarlarni o‘quvchilarga o‘qitish orqali yangi metodikani yangi usullar bilan boyitib bordilar.
30-yillarning birinchi yarmida maktabda til va adabiyot o‘qitish bilan shug‘ullanayotgan metodistlar, ilg‘or o‘qituvchilar, adabiyotshunoslar, tarbiya nazariyasi bilan shug‘ullanuvchi olimlar ilmiy-metodik ishlarni yaxshilash, barqaror dastur va darsliklar yaratishga kirishdilar. Natijada, 30-yillarda to‘liqsiz o‘rta va o‘rta maktablar uchun til va adabiyot dasturlari yaratildi, shahar va tumanlarda muallimlar uyushmalari tashkil qilindi, uyushma a’zolari o‘quvchilarning tajribalarini o‘rganib, ommalashtirishga kirishdilar.
1938-yilda nashr etilgan “To‘liqsiz o‘rta va o‘rta maktablar uchun programmalar”da adabiy asarni o‘qish masalasi birinchi o‘rinda turdi. Shu munosabat bilan V-VII sinf o‘quvchilarida badiiy asarni o‘qishga havas uyg‘otish, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish asosiy vazifa qilib qo‘yildi.
1940-yilda tuzilgan “O‘rta maktab programmalari”da o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishga, mustaqil fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor berildi, asarni ifodali o‘qish, savol va topshiriq hamda mashqlar asosida asarning g‘oyaviy mazmunini puxta o‘zlashtirish tavsiya etildi. Sinflar bo‘yicha o‘quvchilarning yoshi va bilim saviyasiga mos asarlar tanlandi, ularni joylashtirishda didaktik talablarga rioya qilindi.
Umuman olganda, jadidchilarning ona tili ta’limining shakllanishi va rivojlanishidagi o‘rni beqiyosdir. Ushbu o‘tgan davrni jumhuriyatdagi iqtisodiy va madaniy qurilishda, xalq maorifi sohasida, til adabiyot va adabiyotshunoslikda erishilgan yutuqlar maktab ta’lim-tarbiya ishlariga, maktab ta’limi mazmuniga til va adabiyot o‘qitish metodikasi rivojiga ta’sir etdi, metodik ishlarning yuzaga kelishini ta’minlovchi davr deb aytish maqsadga muvofiqdir. Shu davrda yashab ijod etgan Maxmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Mirmuhsin Shermuhammedov, Cho‘lpon kabi shoir va yozuvchilar o‘zbek xalqining ma’rifatli bo‘lishi, milliy va ijtimoiy ongining o‘sishi, yangi tur va mazmundagi adabiyotni yaratish uchun harakat qildilar. Yangi maktab darsliklarining yaratilishi, ushbu sohaga oid bo‘lgan ilmiy qarashlarning dunyoga kelishi, muammoli masalalarning hal qilinishi, yangi usuldagi maktablarning ochilishi, unda ona tili fanining o‘qitilishi, gazeta va jurnallarda o‘zbek til va uni o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan maqolalarning chop etilishi ushbu davrda o‘zbek tili o‘qitish metodikasi fanining shakllanish tarixida eng muhim davrlardan biriga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Sovet davrida o‘zbek tili ta’limi
“O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fani bilan bog‘liq bo‘lgan samarali usullarning barchasi 1929-yillargacha umumiy tarzda berilgan bo‘lib, XX asrning 30-yillaridan boshlab ushbu fan alohida fan sifatida o‘qitila boshlandi. Aynan shu davrlarga kelib ushbu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar o‘z natijasini ko‘rsata boshladi.
Ona tili o‘qitish metodikasi fan sifatida shakllangach, dastur, darslik va shu yo‘nalishdagi o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratishga ehtiyoj ortdi.
Dastlab S.A.Fessalonitskiyning “Ona tili metodikasi” (1940-yil) talabalar uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida nashr etildi. Mazkur qo‘llanmada o‘quvchilar nutqini o‘stirish masalalariga katta e’tibor berildi. Kitobda o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish, badiiy asarlardan olingan matnlar ustida ishlash, insho yozish malakalarini shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Respublikamizda 50-yillardan keyin maktablarda ona tili o‘qitish masalalariga oid bir qator ishlar e’lon qilindi. Jumladan, M. Shamsning “O‘zbek tili o‘qituv metodikasi” (1950), F.Kamolning “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” (1952), H.Rustamovning “Sintaksis va punktuatsiya o‘qitish metodikasi” (1960), N.Abduraxmonovning “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” (1969), Yo. G‘ulomov, I.Rasulov, X.Rustamov va B.Mirzaahmedovlarning “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” (1975) darsliklari shular jumlasidandir. Bu ishlarda garchand so‘zlarni turkumlarga ajratish, orfografiya va punktuatsiyani o‘qitishni til bilimlari bilan uzviy aloqadorlikda amalga oshirish borasida ijobiy fikr-mulohazalar bayon etilgan bo‘lsa-da, ammo orfografik va punktuatsion malakalarni takomillashtirish maqsadida qanday mashqlar tizimidan foydalanish, ayniqsa, o‘quvchilarning nutqiy malakalarini rivojlantirishda qo‘l keladigan ijodiy-amaliy ishlar borasida aniq yo‘nalish belgilanmagan. Shuningdek, mazkur ishlarda foydalanish uchun tavsiya etiladigan topshiriqlarning asosiy qismi qayta xotiralash xarakterida ekanligi, o‘quvchilarda punktuatsion malakalarni shakllantirish faqat “Sintaksis” bo‘limi doirasi bilan chegaralash ona tili o‘qitishda lisoniy malakalar bilan nutqiy malakalar o‘rtasida nomutanosiblik singari masalalarda ayrim noto‘g‘ri talqinlar, chalkash fikr-mulohazalar bayon etiladi. Ammo bu o‘rinda shuni alohida qayd qilish lozimki, yuqorida tilga olingan ishlarning nashr etilishi o‘z davri uchun katta voqea edi.
Sobiq sho‘rolar istibdodi davrida bu fandan jami 24 kishi pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishdi. Chunonchi, K.Xayrullaevning “Buxoro viloyati maktablarining 5-6 sinflarida ona tilidan o‘quvchilarning tipik orfografik xatolari hamda uning oldini olish va bartaraf etish yo‘llari” (1957), S.Tursunovning “O‘zbek maktablarining 4-sinflarida grammatikani o‘qitish metodikasi” (1957), Y.Abdullayevning “Eski o‘zbek maktablarida savod chiqarish” (1961), Q.Abdurazzoqovlaning “Ona tilidan 5-sinflarda o‘quvchilar faolligini oshirish” (1964), B. Mirzaahmedovning “O‘zbek maktablarining 6-sinflarida qo‘shma so‘zlarni o‘qitish metodikasi” (1965), K.Qosimovaning “5-sinf ona tili darslarida lug‘at ustida ishlash” (1966), N.A.Ahmedovning “O‘quvchilar nutqidagi dialektal xatolar va ularning oldini olish” (1966), O.Roziqovning “O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarning mustaqil ishlari” (1967), M.Omilxonovaning “Sakkiz yillik o‘zbek maktablarida ergashgan qo‘shma gapni o‘qitish” (1967), G‘.Azizovning “O‘zbek maktablarining 5-sinflarida o‘quvchilar nutqini sinonim so‘zlar bilan boyitish” (1968), R.Abdullahatovaning “O‘zbek maktablarida olmoshni o‘qitish metodikasi” (1968),
O.G‘afforovaning “O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilar nutqida uchraydigan xatolar” (1970),
Zahirovning “O‘zbek maktablarining 7-8-sinflarida o‘quvchilarning yozma ishlarida uchraydigan punktuatsion xatolar” (1970), A.Po‘latovning “Maktabda holni o‘qitish metodikasi” (1970), A.Mirzayevning “O‘quvchilarning orfografik savodxonligini oshirishda diktantdan foydalanish” (1970), Sh.Koyenovning “O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarni bayon yozishga o‘rgatish” (1973), R.Inog‘omovaning “Fe’l zamonlarini o‘rganishda o‘quvchilarning nutqi ustida ishlash” (1974), A.G‘ulomovning “O‘zbek maktablarining 4-sinflari ona tili darslarida o‘quvchilarning mustaqil ishlari” (1975), O.Yoqubjonovaning “O‘zbek maktablarining 4-5-sinflarida so‘z yasashni o‘rgatish metodikasi” (1975), N.Shukrullayevning “O‘zbek maktablarining 8-sinflarida qo‘shma gap sintaksisini o‘qitishda o‘quvchilar nutqini rivojlantirish” (1976), R.Qayumovaning “Sifat mavzusini o‘rganishda o‘quvchilarning nutqini rivojlantirish” (1976), O.Botirovning “Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar nutqida uchraydigan dialektal xatolar” (1978), S.Nabiyevaning “O‘zbek maktablarining, boshlang‘ich sinflarida orfografiyani o‘qitish metodikasi” (1981), M.Mamayusupovning “Boshlang‘ich maktabning 1-3 sinflarida o‘zlashtirilishi murakkab bo‘lgan fonemalarni o‘qitish metodikasi” (1981) mavzularidagi nomzodlik dissertatsiyalari 50-80-yillarda himoya qilingan.
1975-yili Y.G‘ulomov, I.Rasulov, H. Rustamov, B.Mirzaahmedovlarning “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” fanga oid nisbatan yangi tipdagi o‘quv qo‘llanmasi chop etildi.
Shuningdek, bu davrda o‘zbek tili o‘qituvchilarining talab va ehtiyojlari hisobga olinib, “O‘qituvchilar gazetasi” (hozir “Ma’rifat”) da ilg‘or ish tajribalari, metodik tavsiyalar izchil yoritila boshlandi.
O‘zbek tili o‘qitish metodikasiga oid bo‘lgan ma’lumotlarning alohida o‘quv qo‘llanmada jam bo‘lib, nashrdan chiqishi, 50-yillardan so‘ng respublikamiz maktablarida ona tili o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy ishlarning e’lon qilinishi, ushbu ilmiy ishlar asosida ona tili ta’limini yangicha yondashuvlar asosida olib borish harakati sovetlar davrida ona tili o‘qitish masalasining qanday bo‘lganligidan darak beradi. Demak, bu davrda ona tili o‘qitishga nisbatan o‘zgacha e’tibor qaratilib, o‘zbek tili o‘qitilishining alohida fan sifatida shakllana boshlanganligining guvohi bo‘lamiz.
BOB. O‘ZBEK TILI O‘QITISHNING BUGUNGI MASALALARI
3.1. Mustaqillik davrida o‘zbek tili o‘qitishga oid olib borilgan tadqiqotlar
Respublikamiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, ta’limning barcha sohalarida bo‘lgani kabi o‘zbek tili o‘qitishga oid olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlarining ko‘lami ham ancha kengaydi. O‘zbekistonning o‘z istiqlolini qo‘lga kiritishi milliy g‘oyaning tug‘ilishiga va shakllanishiga olib keldi. Ta’lim tizimini umumjahon andozalariga moslash, darsga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish zaruriyati tug‘ildi.
1989-yilda tilimizga “Davlat tili” maqomi berilgach, ushbu huquqiy norma Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilganini alohida ta'kidlash lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”30.
Ushbu qonuniy hujjatlar asosida ona tili ta’limi oldiga tamomila yangi talablar qo‘yila boshlandi. “O‘zbek maktablarida ona tili Konsepsiyasi” (1993) ishlab chiqildi.31 Mazkur hujjat 1993-yil 15-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi XTV tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, maktabda ona tili o‘qitishning asosiy maqsadi o‘quvchilarda ijodiylik, mustaqil fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat deb belgilandi. Bunday maqsadning qo‘yilishi bejiz emas, albatta, birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Demokratik jamiyatda bolalar, umuman har bir inson erkin fikrlashni o‘rganmasa, berilgan talim samarasi past bo‘lishi muqarrar. Mustaqil fikrlash ham katta boylikdif’,- deb ta’kidlagan edilar. Ona tili talimi oldiga qo‘ygan maqsad yurtboshimiz aytgan fikr bilan hamohang ravishda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbek tili doimiy anjumani ta’sis etildi va unda til va adabiyot ta’limining mazmuninigina emas, balki uni o‘qitishni ham yangi yo‘nalishlarda davom etishiga imkon yaratildi. Anjuman ta’sis etilgandan buyon uning har bir yig‘ilishida ta’lim oluvchi so‘z boyligini oshirish, ijodiy tafakkurini rivojlantirish, milliy ma’naviyat, nutq madaniyati me’yorlarini singdirish, matn yaratish malakasini shakllantirish kabi nihoyatda dolzarb masalalar muhokama etilmoqda.
Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan O‘TDA ning 3-yig‘ini (1995-yil) ona tilini o‘qitishdan asosiy maqsad bo‘lgan o‘quchilarning so‘z boyligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Anjumanda barcha sho‘balar bo‘yicha 283 ta ma’ruza tinglandi. Bu ma’ruzalarning ko‘pgina qismi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirishning samarali yo‘llari, vositalari va usullariga bag‘ishlandi. Yig‘in ona tilidan sinov darsliklari nashrini tezlashtirish xususida tavsiya qabul qildi.
Shu asosda “Ona tili”dan 5-sinflar uchun sinov darsligi 1997-yilda yaratildi, uning tuzilishi ham, mazmuni ham oldingi darsliklardan farq qila boshladi. 6-sinflar uchun sinov darsligi 1998-yilda yaratildi. Bu darslik o‘z ichiga, asosan, so‘zlarning lug‘aviy shakllari va ma’no guruhlarini qamrab oldi. Ushbu yaratilgan sinov darsliklarida “til - me’yor - nutq” mutanosibligiga qat’iy amal qilindi. Buning ma’nosi shuki, ona tili darslarida o‘quvchi til hodisalarini kuzatish, izlanish, farqlarni topish, guruhlash, hukm chiqarish, xulosalashdan fikrni bayon etish, ijodiy matn tuzishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni mustaqil bajaradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchini ta’lim jarayonining faol ishlovchisiga, o‘qituvchini esa shu jarayonning tashkilotchisiga aylantiradi.
yil ona tili ta’limidagi muhim voqealardan yana biri Vatanimiz poytaxti Toshkentda O‘TDA 4- yig‘inining o‘tkazilishi bo‘ldi. Mazkur anjuman ijodiy matn yaratish muammosiga bag‘ishlandi. Respublikamizning 700 dan ziyod o‘qituvchisi uch kun davomida o‘quvchilarni ijodiy matn yaratishga o‘rganish yo‘llari, vositalari va usullarini muhokama etdilar.
yil 13-mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘grisida”gi 203-Qarori barcha o‘quv fanlari qatori ona tilidan Davlat ta’lim standarti (DTS)ni yaratish va uni sinovdan o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi XTV oldiga muhim vazifa sifatida qo‘ydi. O‘z.R.PFITI va BuxDU tomonidan hamkorlikda tuzilgan DTS bir yil davomida sinovdan o‘tdi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan 1999-yil 16-avgustda tasdiqlandi. Endigi vazifa ona tilidan DTS va o‘quv dasturiga asosan yangi darsliklar yaratish hamda belgilangan tartib va muddatlarda ularni nashriyotga topshirishdan iborat edi. Bu murakkab vazifa ham muvaffaqiyatli hal etildi. Qo‘yilgan vazifani hal etishda O‘TDAning 1999-yil Buxoroda o‘tkazilgan 5-yig‘ini muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Anjumanda qilingan ma’ruzalarning ko‘pchiligida yaratilgan sinov darsliklariga munosabat bildirildi. Mualliflar guruhi bu bildirilgan fikr-mulohazalardan tegishli xulosalar chiqardilar hamda ularni qayta ishladilar.
2000-2001-yillarda bu darsliklar ommaviy nashrdan chiqdi va hozirgi kunda amaldadir.
Ta’lim mazmunining yangilanib borishi esa ta’lim jarayoni, shakli va usullaridagi zamonaviy yangilanishlarni, yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishini taqozo etishi o‘z-o‘zidan ma’lum.
O‘zbek tilshunosligining yangi taraqqiyot bosqichida tilni sistemali o‘rganish masalalarini taniqli tilshunos va metodist olimlar H. G‘. Ne’matov, N. Mahmudov, A. Nurmonov, R. Sayfullayeva, A. G‘ulomov, M. Qodirov, R. Safarovalar boshlab berishdi.
O‘tgan qisqa davr ichida ona tili o‘qitishning o‘ta muhim muammolariga oid doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
A. G‘ulomovning “Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilaming o‘quv-biluv faolligini oshirish” (doktorlik: 1991), T. G‘aniyevning “Ona tilidan mashqlami bajarish jarayonida o‘quvchllaming bilish (idrok etish) faoliyatini faollashtirish” (1991), Sh. Yo‘ldoshevaning “O‘zbek maktablari ona tili darslarida qo‘shma so‘zlami o‘rgatishdagi izchillik” (1991), Q. Yusupovning “Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda orfografik hushyorlikni shakllantirish” (1993), M.Rajabovaning “Tillarni bog‘lab o‘rgatish orqali o‘quvchilarda do‘stlik-qarindoshlikni tarbiyalash” (1993), N. Murodovaning “O‘quvchi nutqida mahalliy sheva ta’sirida vujudga kelgan talaffuz hamda imlo xatolari va ulami tuzatish usullari” (1993), Q.Yunusovning “Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda orfografik hushyorlikni shakllantirish” (1993), M. Sobirovaning “O‘zbek maktablari yuqori sinf o‘quvchilariga sodda gap sintaksisini munozara usulida o‘rgatish” (1994), N. Sattorovaning “O‘quvchilammg insho yozish malakalarini takomillashtirish” (5-sinfda ona tili o‘qitish jarayonida) (1995), T.Ziyodovaning “Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilammg so‘z boyligmi oshirish” (1995), O‘.Ro‘ziyevaning “Uzluksiz ta’lim jarayonida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari va 1- sinf o‘quvchilari og‘zaki nutqini o‘stirish” (1995), N.Dadajonovaning “O‘zbek tili ta’limi jarayonida talabalarning nutqi ustida ishlash metodikasi” (1996), A. Bobomurodovanmg “Ona tili ta’limi jarayonida o‘ym-topshiriqlardan foydalanish” (1997), N. Qosimovaning “Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilar nutqini so‘zning ma’nodoshlari bilan boyitish” (1998), Sh.Yusupovaning “Ona tili ta’limi samaradorligini oshirishda ilg‘or pedagogik texnologiyalami joriy etish (noan’anaviy usullar va kompyuterdan foydalanish)” (1998), T. Yusupovaning “Uzluksiz ta’lim tizimi asosida maktabda o‘quvchilarga bosh bo‘laklarni o‘rgatish” (1998), G. Axrorovaning “Ta’limi rus tilida olib boriladigan maktablaming o‘zbek tili darslarida ko‘makchili birikmalami o‘rgatish metodikasi” (1998), M. Hamidovaning “1-2-sinf o‘quvchilarining og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish tajribasidan” (1998), M. Rixsiyevaning “Ta’limi rus tilida olib borilayotgan maktablaming o‘zbek tili darslarida o‘quvchilami matn tuzishga o‘rgatish metodikasi” (1999), I. Toshevning “Umumta’lim maktablarida qo‘shma gapning yangicha talqini” (1999), M. Saidovning “O‘zbek maktablarining 5-sinflarida ona tili ta’limi jarayonida tafakkumi rivojlantiruvchi o‘quv topshiriqlari va ulardan foydalanish metodikasi” (2000), M. Emazarovaning “Ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan maktablaming 2-sinflarida o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi” (2000), G. Qurbonovaning “Tibbiyot institutlarining rus guruhlarida “O‘zbek tili” fani o‘qitish jarayonida talabalarning ixtisosiy nutqi ustida ishlash metodikasi” (2000), E. Abduvalitovning “Ta’lim qozoq tilida olib boriladigan maktablaming V-IX sinflarida o‘zbek tilini til tarkibida o‘qitish asoslari” (2002), L. Mirjalolovaning “O‘zbek tili mashg‘ulotlarida bolalarni savol-javobga o‘rgatishning nazariy-metodik asoslari” (2002), Sh. Bo‘ronovaning “Ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan maktablaming 5-sinflarida o‘zbek tili o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari” (2002), M. Qaraxodjayevaning “Nofilologik guruh talabalarining kasbiy nutqini fe’l asosida shakllantirish metodikasi” (2002), N. Yuldashevaning ”Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sinonimlami yangi pedagogik texnologiya asosida o‘qitish metodikasi” (2002), G.Muhamedjanovaning “Darsdan tashqari mashg‘ulotlarda rusiyzabon o‘quvchilarning o‘zbekcha nutqini o‘stirish metodikasi” (2003), M.Mirmaxsudovaning “O‘quvchilar nutqini takomillashtirishda grammatik terminlardan foydalanishning lingvometodik asoslari” (2004), S. Adilovaning “O‘zbek tili mashg‘ulotlarini kompyuter texnologiyasi vositasida tashkil etish” (2004), Sh. Yusupovaning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili darslarida o‘quvchilar tafakkurini o‘stirishning ilmiy-metodik asoslari” (doktorlik: 2005), X.Qurbonovaning “Ona tili ta’limi mazmunini yangilashning lingvometodik asoslari” (2005), T. Yusupovaning “Gapning bosh bo‘laklarini o‘rganish jarayonida o‘quvchilar nutqini o‘stirishning lingvometodik asoslari” (2005), A.Hamroyevning “Boshlang‘ich smflarda ona tili ta’limini ijodiy tashkil etish” (2005), M.Jo‘rayevning “O‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘rganish metodikasining shakllanishi” (2005), G. Axmedovaning “O‘zbek tili darslarida o‘quvchilar nutqini yasama so‘zlar bilan boyitishning metodik asoslari” (2006), N. Umarovaning “Talabalaming o‘zbekcha yozma nutqini o‘stirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish metodikasi” (2007), Sh. Nurullayevaning “Boshlang‘ich sinf ona tili darslarida o‘quvchilami mustaqil fikrlashga o‘rgatish metodikasi” (2007), N.Alavutdinovaning “Ona tili darslarida ijodiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish metodikasi” (2008), A. Husanboyevaning “O‘zbek tili darslarida matn vositasida o‘quvchilar nutqini o‘stirishning metodik asoslari” (2008), Sh. Yuldashevaning “Davlat tili ta’limida o‘quvchi!ar nutqiy malakalarini o‘stirishning ilmiy- metodik asoslari” (2008), G. Eshchanovaning «O‘zbek tili darslarida she’riy asarlami o‘rganishning lingvometodik asoslari” (2009), O.Oxunjonovaning “Ta’lim bosqichlarida sinonimlar mavzusini o'qitish metodikasi” (2009), X.Muhiddinovaning “Ta’lim bosqichlarida o‘zbek tili o‘qitilishi uzluksizligini ta’mmlashning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish” (doktorlik: 2011) mavzulardagi ilmiy-tadqiqot ishlari himoya qilindi.
Bugungi kunda ona tili darslarida lug‘at va undan foydalanishning ahamiyati beqiyos ekanligini hisobga olgan holda, bir qator tilshunos mutaxassislar tomonidan mustaqillik yillarida o‘quv lug‘atlari yaratilib kelinmoqda. Jumladan, O. Shukurov va B. Boymatovaning “O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv lug‘ati”, Y. Hamrayevaning “O‘zbek tilining o‘zlashma so‘zlar o‘quv lug‘ati”, U. To‘rayeva va D. Shodmonovaning “O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv lug‘ati”, B. Mengliyev va B. Bahriddinovaning “O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati”, H. Suvanova va G. Turdiyevaning “O‘zbek tilining shakldosh so‘zlar o‘quv lug‘ati”, T. Nafasov va B. Nafasovalarning “O‘zbek tilining o‘quv toponimik lug‘ati”, “O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv lug‘ati”, X. Norxo‘jayevaning “O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv lug‘ati”, B. Mengliyev, B. Bahriddinova, O‘. Xoliyorov, M. Zaripova va M. Xushvaqtovning “O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati” kabi lug‘atlar o‘zbek tilini o‘qitish o‘qituvchilar va o‘rganuvchilar uchun beqiyos manba vazifasini bajarmoqda.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. A. Karimovning 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni o‘zbek tili va uni o‘qitish sohasidagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Ushbu farmonga muvofiq universitetning vazifalari sirasida: “umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish”32 vazifasi alohida ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan “Axborot va zamonaviy pedagogik texnologiyalar” kafedrasi tashkil qilindi. O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasiga yangi o‘quv fanlari kiritildi. Bular “O‘zbek tili va adabiyoti ta’limida pedagogik jarayonni loyihalashtirish va rejalashtirish”, “O‘zbek tili va adabiyoti ta’limida zamonaviy pedagogik texnologiyalari” kabi o‘quv fanlaridir. Bu fanlarni o‘qitish jarayonida bo‘lg‘usi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilariga ta’lim barcha bosqichlarida ona tili, adabiyot, o‘zbek tili darslarini o‘tishda qo‘llash mumkin bo‘lgan zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari haqida ma’lumot beriladi va ushbu bilimlardan o‘z faoliyatlaridan foydalangan holda darslarni tashkil etishga o‘rganaladilar.
Yana bir e’tiborli jihati shundaki, istiqlol yillarida “Til va adabiyot ta’limi”, “Umumta’lim fanlari metodikasi”, “Kasb-hunar ta’limi”, O‘zbek tili va adabiyoti”, ”Ta’lim texnologiyalari” kabi maxsus ilmiy-metodik jurnallar innovatsion ta’lim sharoitida metodik yangiliklarni keng ommaga targ‘ib qilishda muhim o‘rinni egallab kelmoqda.