Bo’linmalar darajasida ishlab chiqarishning bilvosita xarajatlarini taqsimlash usuli ancha mehnattalabdir, biroq, u oldingi usulga nisbatan mahsulotlar alohida turlari bo’yicha tannarxni to’liqroq aniqlash imkonini beradi. Bu usulda mazkur xarajatlar alohida subschyotlar ochish yo’li bilan bo’linmalar darajasida hisobga olinadi.
Korxonalarda hisobot davri yakunida mahsulotlar alohida turlari bo’yicha ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarining taqsimoti har bir subschyot uchun amalga oshiriladi. Bunda har bir subschyotga bo’linma texnologik jarayoni xususiyatini ifodalovchi o’z taqsimot bazasi mos keladi. Masalan, korxona avtomatlashtirilgan bo’linmasining ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari bo’yicha asbob-uskunalar ish soatlariga binoan, o’o’lda yig’ish tsexining ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari esa mehnatning bevosita xarajatlariga ko’ra taqsimlanadi.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarini hisobga olishda bu usulni qo’llab xatoliklarni batamom bartaraf etib bo’lmaydi, chunki birinchidan, umumkorxona ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotida, ikkinchidan, alohida bo’linma ichidagi turli ishlab chiqarish tizimlari bo’yicha ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotida xatolar bo’lishi mumkin.
Korxona alohida bo’linmalari, tsexlarining texnologik jarayonlari mehnat, kapital va materialtalabligi darajalari bilan farq qiladi.
Agar bo’linma faoliyati xarajatlari ichida ish haqining hissasi yuqori bo’lsa, shu bo’linma, tsex, brigadaning umumishlab chiqarish xarajatlarini mehnat resurslarini iste’mol qilish bilan bog’liq ko’rsatkichlarni asos qilib olinib, ular mahsulot turlari bo’yicha taqsimlanadi;
asosiy ishlab chiqarish xodimlarining mehnat haqi xarajatlari;
mehnatning me’yoriy bevosita xarajatlari;
korxonadagi muayyan texnologik jarayonda qatnashuvchi xodimlar soni.
Agar bo’linma faoliyati kapitaltalab bo’lsa, umumishlab chiqarish xarajatlarini asosiy vositalardan foydalanish bilan bog’liq ko’rsatkichlari asos qilib olinib taqsimlanadi. Bunda ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimoti bazasi sifatida asbob-uskunalarning haqiqiy ish soatlari, mahsulot turlari bo’yicha amortizatsiya ajratmalari yoki ma’lum texnik jarayonda foydalanilgan asosiy vositalarning qoldiq qiymati olinadi.
Korxona bo’linmasi faoliyati materialtalab bo’lsa ya’ni unda mahsulotlar tannarxiga qo’shiladigan xarajatlarning asosiy qismini xomashyo va materiallar xarajatlari tashkil qilsa, taqsimot bazasiga xomashyo va materiallarning haqiqiy bevosita xarajatlari hamda ularning rejali tannarxi kiritiladi.
Agar bo’linma faoliyati natijasi qandayligini (mehnattalab, kapitaltalab yoki materialtalab) aniq belgilash imkoni bo’lmasa, taqsimotning aralash bazasidan foydalaniladi. Bunda taqsimot bazasi to’liq bevosita moddiy xarajatlar (xomashyo, materiallar va asosiy vositalar mahsulotlarning ishlab chiqarish tannarxida katta salmoqqa ega bo’lsa)dan iborat bo’ladi.
Taqsimot bazalari korxona funktsional xizmatlari ya’ni boshqaruv apparati uchun ham ishlab chiqiladi. Bunda taqsimotning asosiy bazalari quyidagilardan iborat bo’ladi:
ombor xo’jaligi uchun bir birlik mahsulotni bir kun saqlashning normativ xarajatlari ombordagi mahsulotlarning o’rtacha qoldig’iga ko’paytirilgani;
dispetcherlik xizmati uchun tashib ketiladigan tayyor mahsulotlar tonna-kilometrda;
yuklarni jo’natish bo’limi uchun tayyor mahsulotlarni yuklab jo’natish bo’yicha shartnomalar miqdori.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarining eng mos taqsimlash bazasini hisoblash uchun ma’lum joriy xarajatlar talab qilinadi. Shu sababli, korxonalarda uncha mehnattalab bo’lmagan boshqa qo’shimcha taqsimot bazalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ularga mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish hajmi, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulotlar tannarxi, xomashyo va materiallarni sotib olish tannarxi, marjinal daromad, xodimlarning o’rtacha ro’yxatdagi soni kabilarni kiritish mumkin.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotining samarali tizimini tadbiq etish masalalariga e’tiborsizlik ko’p hollarda ishlab chiqarish dasturi, sotishlar va korxona baho siyosatida jiddiy xatoliklarga sabab bo’ladi, bu esa o’z navbatida, korxona moliyaviy faoliyatini salbiy natijalariga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |